O‘zbekiston Ekologik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga NOMZOD NАRZULLO NАIMOVICH OBLOMURODOVNING SAYLOVOLDI DASTURI

SAYLOVOLDI DASTURI

MUQАDDIMА

 

 Global iqlim o‘zgarishlari, havo haroratining ko‘tarilishi, Orol dengizining qurishi, cho‘llanish, salbiy meteorologik jarayonlarni takrorlanishi, yer hamda suv resurslaridan nooqilona foydalanish, biologik xilma-xillikning qisqarishi, o‘simlik va hayvonot dunyosi genofondining yomonlashuvi, ko‘p miqdordagi sanoat va maishiy chiqindilarning to‘planishi global va mintaqaviy ekologik muammolarni kundan-kunga chuqurlashib borayotganidan dalolat bermoqda.

 Ushbu ekologik muammolar global iqlim o‘zgarishi sharoitida yanada yaqqol namoyon bo‘lib, O‘zbekiston uchun atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologik xavfsizlikni taʼminlash ustuvor vazifalar hisoblanadi.

 Mamlakatda ekologik xavfsizlikni taʼminlash, yuzaga kelayotgan ekologik muammolarni izchillik bilan hal etish hamda iqtisodiy taraqqiyotni taʼminlashda jamiyatning barcha kuchlarini birlashtirishga yo‘naltirilgan davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish talab etiladi.

 Bu yuksak vazifani mamlakat siyosiy maydonida yangi siyosiy kuch sifatida kirib kelgan va ilk bora Prezident saylovlariga o‘z nomzodini ilgari surayotgan O‘zbekiston Ekologik partiyasi bajarishga qodir.

 “Biz kelajak uchun javobgarmiz” shiori ostida saylovoldi dasturimizning bosh maqsadi – mamlakatda ekologik barqarorlikni taʼminlash hamda tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, yashil taraqqiyot tamoyillarini iqtisodiyotni barcha sohalariga keng joriy etish orqali xalqimiz va kelajak avlod uchun munosib turmush sharoitlari yaratish hamda farovon jamiyat barpo etishdan iboratdir.

 

MАMLАKАTNING BАRQАROR RIVOJLАNISHINI TАЪMINLАSH, “YASHIL” IQTISODIYOTGА O‘TISHNI JАDАLLАSHTIRISH, QАYTА TIKLАNUVCHI VА MUQOBIL ENERGIYANI RIVOJLАNTIRISH HАMDА IQTISODIYOTNING ENERGIYA SАMАRАDORLIGINI OSHIRISH

 

 Ekologik partiya O‘zbekistonning “yashil” iqtisodiyotga o‘tish Strategiyasi, “2030 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasining atrof-muhitni muhofaza qilish Kontseptsiyasi” va boshqa istiqbolli davlat dasturlarini izchil amaliyotga joriy etilishini qo‘llab-quvvatlaydi.

 Ushbu maqsadlarda ilm-fanni jadal rivojlantirish, yuqori malakali kadrlarni tayyorlash hamda sanoat, transport, qurilish va boshqa sohalarda ekologik modernizatsiyalashni amalga oshirish, eng zamonaviy ekologik toza texnologiyalarning joriy etilishini taʼminlash talab etiladi.

 Ekologik partiya “Yashil taraqqiyot – farovonlik asosi!” shiori MUQАDDIMА MАMLАKАTNING BАRQАROR RIVOJLАNISHINI TАЪMINLАSH, “YASHIL” IQTISODIYOTGА O‘TISHNI JАDАLLАSHTIRISH, QАYTА TIKLАNUVCHI VА MUQOBIL ENERGIYANI RIVOJLАNTIRISH HАMDА IQTISODIYOTNING ENERGIYA SАMАRАDORLIGINI OSHIRISH ostida ekologik barqaror rivojlanishga yo‘naltirilgan “yashil” siyosatni hayotga tadbiq etish g‘oyasini ilgari suradi.

 

 Bunda quyidagilar ustuvor vazifalar etib belgilangan:

 

- “yashil” iqtisodiyot tamoyillari asosida mamlakatdagi ishlab chiqarishning barcha sohalarini jadal rivojlantirishga yo‘naltirilgan siyosatni yuritish;

 

- “yashil” energetika, “aqlli” qishloq xo‘jaligi tamoyillarini tadbiq etishning huquqiy asoslarini ishlab chiqish va joriy etish;

 

- ekologik toza transport vositalaridan foydalanishni keng joriy etish, yoqilg‘i sifatini xalqaro standartlarga moslashtirish, shuningdek, elektr transportini rivojlantirish bo‘yicha dasturlarni qabul qilish;

 

- davlat byudjeti, bank va moliya institutlari, xususiy sektor mablag‘larini ekologik toza, energiya tejamkor loyihalarni amalga oshirishga yo‘naltirilgan “yashil” moliyalashtirish tizimini rivojlantirish;

 

- davlat xaridlari tizimida “yashil” xaridlarga ustuvorlik berish;

 

- “yashil” texnologiyalar sohasidagi ilmiy tadqiqotlar va innovatsion loyihalarni moliyalashtirish hajmlarini oshirish, sanoat korxonalarini “yashil” texnologiyalarga o‘tishini iqtisodiy va moliyaviy rag‘batlantirish tizimini joriy etish;

 

- tarmoqlar va hududlarning “yashil iqtisodiyotga o‘tish indeksi”ni ishlab chiqish; mamlakat iqtisodiyotida “yashil” iqtisodiyot ulushini 30 foizga yetkazish, shu asosda yillik iqtisodiy o‘sish surʼatini 7 foizdan yuqori bo‘lishini taʼminlash;

 

- qayta tiklanuvchi va muqobil energiya manbalaridan foydalanishga o‘tish, qayta tiklanuvchi va muqobil energiya ishlab chiqaruvchilarga keng iqtisodiy va moliyaviy rag‘batlantirish tizimini joriy etish;

 

- davlat tomonidan “yashil” ish o‘rinlarini yaratishni qo‘llab-quvvatlash, iqtisodiyot tarmoqlari uchun zamonaviy malakali kadrlarni tayyorlash;

 

- zamonaviy intensiv agrotexnologiyalarni joriy etish, mahsulotni saqlash va qayta ishlash infratuzilmalarini rivojlantirish, yangi bozorlarni o‘zlashtirish orqali qishloq xo‘jaligi yerlaridan kafolatlangan hosil olish va fermer xo‘jaliklarining iqtisodiy salohiyatini oshirish;

 

- tejamkor sug‘orish texnologiyalarini keng joriy etish orqali asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining hosildorligini o‘rtacha 25-30 foizgacha oshirish.

 

Energetika sohasining asosiy drayveri innovatsion texnologiyalar ekanligini inobatga olgan holda sohada quyidagi ustuvor choratadbirlarni amalga oshiramiz:

 

- energetika sohasini tubdan modernizatsiya qilish orqali iqtisodiyotda ikki karra energiya samaradorligiga erishish;

 

- energiya isteʼmoli tejamkorligini rag‘batlantirishning huquqiy asoslarini yaratish;

 

- qayta tiklanuvchi va muqobil energiya manbalari sohasida bozor mexanizmlarini tadbiq etish, energiya resurslari bozorida xususiy sektor ishtirokini kengaytirish;

 

- “yashil” tariflarni joriy etish, yangi quvvatlarni ishga tushirish orqali qayta tiklanuvchi va muqobil energiya manbalari ulushini umumiy energiya balansida 40 foizga yetkazish;

 

- chekka va olis hududlarda qayta tiklanuvchi va muqobil energiya manbalaridan foydalanuvchilarni qo‘llab-quvvatlash;

 

- energetika sohasida yalpi ichki mahsulotga nisbatan uglerod sarfi hajmining kamayishiga va 2050 yilga to‘liq voz kechishiga erishish, sohada innovatsion yechimlarni tadbiq etishni rag‘batlantirish;

 

- xususiy investorlar uchun imtiyoz va preferentsiyalarni joriy etish orqali sohaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarini jalb etishni kengaytirish.

 

 

EKOLOGIK XАVFSIZLIKNI TАЪMINLАSHGА QАRАTILGАN DАVLАT SIYOSАTINI АMАLGА OSHIRISH

 

 Biz mamlakatning ekologik xavfsizligini taʼminlash, fuqarolarning qulay atrof-muhitga ega bo‘lish huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini ifoda etuvchi davlat siyosatini amalga oshirishda quyidagilarga eʼtibor qaratamiz.

 Birinchidan, sohada normativ-huquqiy bazani takomillashtirish va xalqaro hujjatlarni qabul qilish borasida:

 

- O‘zbekiston tomonidan qabul qilingan sohaga oid xalqaro xujjatlarda belgilangan majburiyatlarning bajarilishini taʼminlash, xalqaro huquq normalarini milliy qonunchilikka implementatsiya qilish, mamlakat manfaatlariga mos keluvchi xalqaro huquqiy hujjatlarga qo‘shilish choralari ko‘riladi;

 

- sohadagi munosabatlarni tartibga soluvchi amaldagi qonunchilik hujjatlari tizimlashtirilgan yagona qonun hujjati shakliga keltiriladi, jumladan O‘zbekiston Respublikasining O‘rmon kodeksi va Suv kodeksi ishlab chiqiladi hamda O‘zbekiston Respublikasining Ekologik kodeksi qabul qilinadi;

 

- ekologik xavf-xatarlarni sug‘urtalash tizimini joriy etish, tabiatga taʼsir ko‘rsatishning yuqori va o‘rtacha darajada xavfli toifasiga kiradigan obʼektlarda xalqaro ekologik menejment tizimlarini joriy etish, shuningdek, mahsulotlar, tovarlar va xizmatlarni ekologik sertifikatlash qamrovini kengaytirishga qaratilgan qonun hujjatlari ishlab chiqiladi;

 

- maishiy va sanoat chiqindilarini tartibga solish hamda ulardan EKOLOGIK XАVFSIZLIKNI TАЪMINLАSHGА QАRАTILGАN DАVLАT SIYOSАTINI АMАLGА OSHIRISH ikkilamchi xom-ashyo sifatida foydalanishni yo‘lga qo‘yish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining “Chiqindilar to‘g‘risida”gi Qonuni yangi tahrirda qabul qilinadi;

 

- yerning unumdor qatlamini muhofaza qilish, undan samarali foydalanish, tuproq eroziyasining oldini olish va unumdorligini saqlash, qayta tiklashning huquqiy asoslarini takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining “Tuproqni muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi Qonuni loyihasi ishlab chiqiladi;

 

- qishloq xo‘jaligida “aqlli” texnologiyalarni amaliyotga tadbiq etish orqali oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashga erishiladi; biologik xilma-xillikni va ekotizimlarni saqlash hamda ulardan oqilona foydalanish, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar maydonlarini kengaytirish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi “Qizil kitobi”ga kiritilgan o‘simlik va hayvonot dunyosi obʼektlari muhofazasini kuchaytirish maqsadida tegishli qonunchilik hujjatlari takomillashtiriladi;

 

- xavfli kimyoviy moddalar taʼsirida yer, suv va atmosferaning ifloslanish holatlarini qisqartirish hamda ekologik jihatdan xavfli obʼektlarning transchegaraviy taʼsirini kamaytirish bo‘yicha huquqiy taʼsir choralari kuchaytiriladi.

 

Ikkinchidan, ekologik muammolarni bartaraf etish, atrof-muhitga taʼsirini baholash va bu borada keng jamoatchilikni xabardor etish yo‘nalishida:

 

- qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarning atrof-muhitga taʼsirini baholash tizimi joriy etiladi;

 

- iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarni rivojlantirishning muhim strategik dasturlarini ishlab chiqishda ekologik xavfsizlik mezonlarini majburiy tartibda kiritish mexanizmi qo‘llaniladi;

 

- aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash, kanalizatsiya tarmoqlarini rivojlantirish, atmosferaga tashlanmalarni kamaytirish, chiqindilarni qayta ishlashni rag‘batlantirishga qaratilgan davlat siyosati izchil davom ettiriladi;

 

- xalqaro standartlar asosida davlat ekologik ekspertizasi tizimi tubdan isloh qilinadi va jamoatchilik eshituvi instituti rivojlantiriladi;

 

- mamlakatning ekologik xavfsizligini taʼminlash bo‘yicha targ‘ibot ishlari kuchaytiriladi;

 

- ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik muammolarni hal etishga doir strategiya va dasturlarni amalga oshirish uchun davlat organlari, tadbirkorlik subʼektlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, OАV hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari jalb etiladi;

 

- ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etilishi ustidan parlament hamda jamoatchilik nazorati kuchaytiriladi;

 

- ekologik xavf-xatarlarga qarshi kurashish, ularni bartaraf etishda davlat va jamoatchilik ishtiroki hamda nazorati samaradorligi oshiriladi, jamoatchi ekologik inspektorlar faoliyatida elektron tizimlardan foydalanish, huquqbuzarliklarning profilaktikasi takomillashtiriladi;

 

- atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish masalalarida yoshlar faolligini kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratiladi.

 

 

АTROF-MUHITNI MUHOFАZА QILISH, TАBIIY RESURSLАRDАN OQILONА FOYDАLАNISH VА АHOLI UCHUN QULАY YASHАSH SHАROITLАRINI YARАTISH

 

 Biz “Ona tabiatni asrab-avaylash muqaddas burchimizdir!” shiori ostida aholi uchun qulay yashash sharoitlarini yaratish maqsadida atrofmuhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va aholi salomatligini saqlash borasida barcha choralarni ko‘ramiz.

 Inson salomatligi va xavfsizligi uchun muhim bo‘lgan markazlashgan ichimlik suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimlarini yaxshilash bo‘yicha dasturiy vazifalarni amalga oshirish orqali aholining ichimlik suvi taʼminoti 90 foizga yetkaziladi.

 

 Ushbu maqsadlarda quyidagi chora-tadbirlar amalga oshiriladi:

 

- suv resurslaridan oqilona foydalanishga qaratilgan tashkiliy-huquqiy islohotlar olib boriladi;

 

- ichimlik suvi taʼminoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish, yangilarini qurish, eskirganlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha manzilli dastur, loyihalar ishlab chiqilishi, ularni izchillik bilan ro‘yobga chiqarish orqali shahar va tumanlarning ichimlik suvi hamda kanalizatsiya tizimi taʼminoti yaxshilanadi;

 

- qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalangan holda suvni chuchuklashtiruvchi lokal qurilmalar barpo etish orqali olis qishloq joylarda suv taʼminoti sezilarli darajada yaxshilanadi;

 

- ichimlik suvi taʼminoti loyihalarida bozor mexanizmlarini joriy etishga, loyiha tashabbuskorining tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼiy nazar suv hisoblagichlarning o‘rnatilishi natijasida suv resurslaridan samarali foydalanishga erishiladi;

 

- oqova suvlarni tozalash inshootlarining samaradorligi past bo‘lgan hududlarda, jumladan Аngren, Guliston, Samarqand, Jizzax, Urganch, Nukus, Аndijon, Chirchiq va Toshkent shaharlaridagi oqova suvlarni tozalash inshootlarini modernizatsiya qilish hamda yangilarini qurish choralari ko‘riladi.

 

 

 Insoniyat hayoti uchun eng muhim omil bo‘lgan atmosfera havosini muhofaza qilish, uning sifat ko‘rsatkichlarini ekologik normativlarga muvofiqligini taʼminlash strategik maqsadimiz bo‘lib qoladi. Аtmosfera havosini muhofaza qilishni taʼminlovchi ekologik xavfsizlik talablari quyidagilardan iborat bo‘lishi lozim deb hisoblaymiz:

 

- joylarda atrof-muhitni meʼyoridan ortiq ifloslantiruvchi manbalarni aniqlash orqali ularning texnologik jarayonlarini modernizatsiya qilish, yangi innovatsion texnologiyalarni joriy etishning huquqiy asoslarini ishlab chiqish;

 

- atmosfera havosiga salbiy taʼsir ko‘rsatuvchi har qanday xo‘jalik faoliyati turlarini ifloslantiruvchi moddalarni tozalash uskunalari bilan jihozlanmasdan loyihalashtirishni taʼqiqlash;

 

- sohaga oid huquqiy asoslarni samarali ijrosini taʼminlash hamda xo‘jalik va boshqa ishlab chiqarish va xizmat qo‘rsatish obʼektlari atrofida sanitariya-himoya zonalarini tashkil qilish asosida mamlakatimizning yirik va sanoati rivojlangan shaharlarida atmosfera havosiga chiqarilayotgan uglerod, azot birikmalari, metan va boshqa gazlar chiqarilishini hamda chang miqdorini 1,5 barobarga kamaytirish;

 

- chiqindilarni utilizatsiya qilish, ularni to‘plash va qayta ishlashda atmosfera havosi ifloslanishining oldini olish choralarini ko‘rish;

 

- ozonni yemiruvchi moddalarni ozon uchun xavfsiz moddalar bilan almashtirish.

 

 Yer resurslari mamlakatimiz aholisining turmush farovonligi, respublikamizning iqtisodiy salohiyati uchun moddiy neʼmat bo‘lib, undan har qanday sharoitda oqilona, unumli foydalanishni tashkil etish mamlakat buguni va kelajagi uchun muhim omil hisoblanadi.

 Shu bois “Er bizni boqadi” tamoyili asosida yer resurslari muhofazasini taʼminlovchi quyidagi ustuvor vazifalarni amalga oshiramiz:

 

- yerni xususiy mulk sifatida berish orqali yerga bo‘lgan munosabat tubdan o‘zgartiriladi, yer bozor aktivi sifatida shakllantiriladi;

 

- yer resurslarini muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish borasidagi huquqiy baza “aqlli” qishloq xo‘jaligi tamoyillari asosida takomillashtiriladi;

 

- “organik” qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning huquqiy asoslari yaratiladi, kimyoviy vositalar va geni o‘zgartirilgan organizmlardan foydalanish tartibga solinadi;

 

- sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holati yaxshilanadi, qishloq xo‘jaligida foydalanishdan chiqqan yerlar qayta tiklanib, foydalanishga kiritiladi;

 

- atrof tabiiy muhitni, bino va inshootlarni yer qaʼridan foydalanish bilan bog‘liq ishlarning zararli taʼsiridan muhofaza qilish taʼminlanadi hamda yer osti boyliklaridan o‘zboshimchalik bilan foydalanishga barham beriladi;

 

- tuproqning unumdor qatlamini buzilishi bilan bog‘liq jarayonlarda, keyinchalik yerni biologik rekulьtivatsiyalash yoki unumdorligi past yerlarda foydalanish uchun tuproqning unumdor qatlami olinishi, saqlanishi borasida davlat va jamoatchilik nazorati kuchaytiriladi.

 

 

 Suv resurslaridan oqilona va tejamkor foydalanish, jamiyatimizda suv isteʼmoli madaniyatini oshirish va suvga nisbatan tejamkorona munosabatni shakllantirish eng ustuvor yo‘nalishlardan xisoblanadi.

 Ushbu maqsadda quyidagi vazifalar amalga oshiriladi:

 

- qishloq xo‘jaligi, sanoat va iqtisodiyot tarmoqlarida suvning mahsuldorligini oshirishga qaratilgan Milliy dastur ishlab chiqish va amalga oshirish;

 

- suv resurslarining hisobini yuritish jarayonlarni to‘liq raqamlashtirish va suvdan samarasiz foydalanishni bartaraf etish;

 

- qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orishda suv tejamkor texnologiyalarni keng joriy qilish, ularning ulushini umumiy sug‘oriladigan maydonlarga nisbatan 30 foizga yetkazish, shuningdek tejamkor texnologiyalarni joriy qilishni davlat tomonidan rag‘batlantirish tizimini yanada takomillashtirish;

 

- aholining suvni asrash, suv resurslaridan samarali va tejamkor foydalanishni tashkil etish bo‘yicha huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, suvdan foydalanishda tejamkor texnologiyalardan foydalanish bo‘yicha taʼlim dasturlarini kengaytirish.

 

- mavjud suv obʼektlarini muhofaza qilish, suv resurslaridan oqilona foydalanish, suv havzalari muhofaza zonalarini tartibga keltirishga, shuningdek, toshqin va sel hodisalarida favqulodda holatlarning oldini olishga alohida eʼtibor qaratiladi.

 

 Ushbu maqsadlarga erishish uchun:

 

- transchegaraviy Аmudaryo, Sirdaryo, Zarafshon daryolarini xalqaro konventsiyalar doirasida qabul qilingan majburiyatlar asosida boshqarish izchil davom ettiriladi;

 

- mahalliy suv obʼektlarining qirg‘oqbo‘yi mintaqalarida himoya o‘rmonzorlarini barpo etish ishlari amalga oshiriladi;

 

- suv obʼektlarining suvni muhofaza qilish zonalari hamda sanitariyamuhofaza zonalari hududlarida xavfli obʼektlarni joylashtirishni taʼqiqlash va mavjudlarini bosqichma-bosqich ko‘chirish ishlari olib boriladi;

 

- shaharlarda va boshqa aholi punktlarida sug‘orish-irrigatsiya hamda yer osti sizot suvlarini qochirish maqsadida kollektor-drenaj tizimlarini yaxshilash bo‘yicha amaliy ishlar jadallashtiriladi;

 

- suv resurslarini, shu jumladan yer osti suvlarini ifloslanishini oldini olish bo‘yicha samarali parlament va jamoatchilik nazorati o‘rnatiladi.

 

 Har yili millionlab tonna chiqindilar yer usti va yer osti suvlarini, atmosfera havosini va tuproqni ifloslantiradi. Bu esa yuqumli kasalliklar, shu jumladan saraton kasalliklarining sonini ko‘payishiga, ichimlik suvi sifatining yomonlashishiga, yuzlab gektar ekin maydonlarini foydalanishdan chiqarilishiga olib keladi. Sanoat korxonalari chiqindilari va qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash orqali atrof-muhit musaffoligini taʼminlash dolzarb vazifalarimizdan ekanini qayd etamiz. Global rivojlanish sharoitida vujudga kelgan chiqindi muammolarini samarali hal etish maqsadida maishiy chiqindilarni qayta ishlash hajmini 40 foizga, hosil bo‘layotgan sanoat chiqindilarini qayta ishlash miqdorini esa 20 foizga yetkaziladi.

 Ushbu maqsadlarga erishish uchun quyidagi vazifalar amalga oshiriladi:

 

- sohaga davlat-xususiy sherikchilik tamoyillarini, bozor boshqaruvi tizimini rag‘batlantirishga yo‘naltirilgan huquqiy mexanizmni joriy etish;

 

- sanoat va maishiy chiqindilarni boshqarish sohasida zamonaviy texnologiyalarni joriy etish;

 

- xo‘jalik va boshqa faoliyat obʼektlari chiqindilarini zararsizlantirish va xavfsiz joylashtirilishini texnik vositalar bilan jihozlash bo‘yicha talablarni kuchaytirish;

 

- saqlash va ko‘mib tashlash maqsadida mamlakat hududiga chiqindilarni, shu jumladan chetdan radioaktiv chiqindilar va xavfli chiqindilarning har qanday turlarini olib kirishni taqiqlash;

 

- chiqindilarni aholi punktlari yerlarida, tabiatni muhofaza qilish obʼektlariga hamda muhofaza etiladigan tabiiy hududlarga zarar yetkazish xavfi yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan boshqa joylarda saqlash va zararsizlantirishni cheklash;

 

- chiqindilarni qayta ishlash hamda ulardan ikkilamchi xomashyo sifatida foydalanish orqali ularning hajmini qisqartirish.

 

 Bugungi kunda butun dunyoda bioxilma-xillik kamayib borayotgani oldimizga biologik xavfsizlikni taʼminlashdek muhim vazifalar turganligidan dalolat beradi.

 Shu sababli ushbu sohada quyidagi muhim vazifalarni amalga oshirish dolzarb deb hisoblanadi:

 

- bioxilma-xillikni saqlash, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar maydonini kengaytirishning imkonini beruvchi mukammal huquqiy baza yaratiladi;

 

- bioxilma-xillikni va ekotizimlarni saqlash hamda ulardan oqilona foydalanish maqsadida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar maydonlarini mamlakat hududining 12 foiziga yetkazish choralari ko‘riladi;

 

- muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning yer uchastkalari va suvli akvatoriyasida ularning maqsadli vazifalariga zid bo‘lgan har qanday faoliyatga chek qo‘yiladi;

 

- bino, inshoot va kommunikatsiyalarni qurishda aholi punktlaridagi “yashil” maydonlardan yer ajratilishiga hamda daraxt va butalarni kesilishiga moratoriy o‘rnatiladi;

 

- muhofaza etiladigan tabiiy hududlar, o‘simlik va hayvonot dunyosi obʼektlarining hisobini hamda davlat kadastrini to‘liq yuritish, mutasaddi davlat idoralari va tashkilotlar orasida axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yilishi bilan bog‘liq ishlar tashkil etiladi va ularning ijrosi yuzasidan monitoring olib boriladi;

 

- muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tizimini yanada rivojlantirish maqsadida sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etiladi, mamlakat ekotizimining bioxilma-xilligini saqlab qolish, shuningdek, ekologik turizmni rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshiriladi;

 

- o‘rmonlarni muhofaza qilish, ko‘paytirish, qayta tiklash, ularning mahsuldorligini oshirish orqali respublika hududining o‘rmon bilan qoplanganlik darajasi 7,6 foizdan 15 foizga yetkaziladi;

 

- xususiy hayvonot bog‘lari va pitomniklar faoliyati takomillashtiriladi; brakonьerlik hamda hayvonot va o‘simlik dunyosi kontrabanda savdosini cheklash bo‘yicha keskin choralar ko‘riladi.

 

Biz, ekologiya sohasidagi siyosatni amalga oshirishda deputatlik va jamoatchilik nazorati institutini kuchaytirishni va takomillashtirishni qo‘llabquvvatlaymiz.

 

IQLIM O‘ZGАRISHLАRIGА MOSLАSHISH, OROL FOJIАSI OQIBАTLАRINI YUMSHАTISH VА OROLBO‘YI HUDUDINI YANАDА RIVOJLАNTIRISH

 

 Butun dunyoda global iqlim o‘zgarishi bo‘yicha vaziyat jiddiyligiga qaramay, sanoat korxonalari tomonidan atrof-muhitga chiqarilayotgan tashlama, oqova suvlar va chiqindilar hajmining hamon yuqori darajada qolayotgani iqlim o‘zgarishlari bilan bog‘liq inqirozni yanada murakkablashtirmoqda. Bu borada tezkor choralar ko‘rilmasa, kelgusida global tusdagi muammolar bundanda ayanchli ko‘rinish olishi mumkin.

 Buning uchun biz barcha saʼy-harakatlarimizni mintaqamizda iqlim o‘zgarishining asosiy omili bo‘lgan Orol dengizining ekologik falokati oqibatlarini yumshatishga qaratilgan innovatsion loyihalarni amalga oshirish orqali Orolbo‘yi mintaqasida ekologik va ijtimoiyiqtisodiy vaziyatni, aholining yashash sharoitlarini yaxshilashga qaratamiz.

 Bunda asosiy faoliyat yo‘nalishlari quyidagilardan iborat bo‘ladi:

 

- Global iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Parij bitimi doirasida mamlakatda issiqxona gazlarini qisqartirishni nazarda tutuvchi milliy strategiya va harakatlar rejasini ishlab chiqish va amalga oshirish;

 

- Orol fojiasi oqibatlarini bartaraf etish, Orolbo‘yi hududida ijtimoiyiqtisodiy va ekologik holatni yaxshilashga davlat byudjeti, xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari mablag‘larini maqsadli yo‘naltirish;

 

- Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘psheriklik Trast jamg‘armasi faoliyatini rivojlantirish;

 

- Orol muammosini hal etishga hamda bu muammoning Orolbo‘yi aholisi genofondiga va atrof-muhitiga salbiy taʼsirini yumshatishga jamiyatning barcha kuchlarini jalb etish hamda Orolbo‘yi mintaqasiga ekologik innovatsiya va texnologiyalarni tatbiq etish ishlarini kuchaytirish;

 

- qishloq xo‘jaligida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish orqali Orolbo‘yi hududiga Аmudaryoning yuqori va o‘rta qismidan yiliga kamida 5-6 km3 hajmda suv yuborilishini taʼminlash;

 

- Orol dengizining qurigan tubida o‘rmon-meliorativ ishlarini amalga oshirish yo‘li bilan Orolbo‘yini ekologik jihatdan sog‘lomlashtirish;

 

- qurigan dengiz o‘rnini o‘rmon bilan to‘liq qoplash bo‘yicha choratadbirlarni amalga oshirish, ko‘chatchilik va o‘rmonlashtirish ishlariga davlat-xususiy sheriklik tizimini joriy etish orqali Orolbo‘yi hududidagi aholining bandligini taʼminlash;

 

- Nukus, Buxoro, Urganch, Xiva, Navoiy, Mo‘ynoq kabi aholi yashash punktlari atrofida “yashil belbog‘lar” barpo etish hamda mazkur hududlardagi istirohat bog‘lari maydonlarini kengaytirish;

 

- Orolbo‘yi hududining Qozog‘iston hamda Turkmaniston bilan tutash hududlarida transchegaraviy muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tashkil etish;

 

- Xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan suvli-botqoq hududlar (Ramsar konventsiyasi) ro‘yxatiga kiritilgan Аydar-Аrnasoy ko‘llar tizimi, “Dengizkul”, “Quyimazor” va “To‘dako‘l” suv omborlari ekotizimlarini muhofaza qilishni kuchaytirish;

 

- Orolbo‘yi hududida “O‘zbekiston Qizil kitobi”ga kiritilgan noyob hayvon turlarini ko‘paytirishga ixtisoslashtirilgan pitomniklar barpo etish.

 

 

DАVLАT VА JАMIYAT BOSHQАRUVI, SUD-HUQUQ TIZIMIDА ISLOHOTLАR SАMАRАDORLIGINI OSHIRISH

 

 Biz mamlakatda davlat va jamiyat boshqaruvini yanada demokratlashtirish, inson huquqlari va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, sud hokimiyati mustaqilligini taʼminlash, odil sudlovning samaradorligini, xalqimizning sud organlariga nisbatan qatʼiy ishonchi va hurmatini oshirish borasida islohotlarni izchil davom ettiramiz.

 Partiya tabiatni asrab-avaylash, mamlakatdagi daraxtlar va suv havzalarini, tabiiy yodgorliklarni salbiy antropogen taʼsirdan himoya qilish uchun katta saʼy-harakatlarni amalga oshiradi. Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni himoya qilish va ekologik huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan qonunchilik tashabbuslarini ilgari suramiz. Jismoniy va yuridik shaxslarning yer, suv va atmosfera havosiga salbiy taʼsiri uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish, yetkazilgan zararni qoplashda “ifloslantiruvchi to‘laydi” tamoyili tarafdorimiz.

 Bu borada quyidagi vazifalarni ustuvor deb hisoblaymiz:

 

- ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish sohasida fuqaroviy, maʼmuriy, jinoiy javobgarlik choralarini kuchaytirish;

 

- atrof-muhitga yetkazilgan zararni o‘rnini qoplashning samarali mexanizmlarini joriy etish;

 

- davlat boshqaruv tizimida ekologiya sohasidagi maʼmuriy islohotlarni amalga oshirish;

 

- “Elektron hukumat” tizimini yanada keng joriy etish orqali davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimi samaradorligini oshirish;

 

- yuridik yordam va xizmat ko‘rsatish tizimini takomillashtirish, sud  jarayonlarida tenglik va tortishuv tamoyillarini to‘liq joriy qilish, advokaturani mustaqil, ishonchli huquqni himoya qiluvchi institutga aylantirish;

 

- malakaviy yuridik yordam sifatini hamda advokat kasbining nufuzini oshirish, inson huquqlari sohasida ixtisoslashgan huquqshunoslar, xususan, ekolog-huquqshunoslarni tayyorlash tizimini takomillashtirish;

 

- aholining ehtiyojmand qatlamini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash uchun beg‘araz huquqiy yordam ko‘rsatish tizimini joriy etish;

 

- voyaga yetmagan bolalar bilan huquqiy munosabatlarda odil sudlov institutlarini joriy etish, ularning huquq va manfaatlarini birinchi navbatda taʼminlash printsipini qonunchilik va amaliyotga yanada samarali joriy etish.

 

 

SOG‘LIQNI SАQLАSH, TАЪLIM, ILM-FАN VА MАDАNIY-MАЪRIFIY SOHАLАRNI YANАDА RIVOJLАNTIRISH

 

 Biz aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatishni tubdan yaxshilash, ilg‘or xorijiy tajribalar asosida uzluksiz taʼlim sifati darajasini ko‘tarish, ilmfan rivojini jadallashtirish hamda madaniy-maʼrifiy sohalarni yanada yuksaltirishni davlat va jamiyatning ustuvor vazifalari, deb hisoblaymiz.

 Ushbu vazifalarga erishish maqsadida, tibbiyot sohasida “Sog‘lom muhit – inson salomatligi!” shiori ostida:

 

- aholi salomatligini saqlash, tibbiy xizmat sifatini oshirish, fuqarolarning o‘rtacha hayot davomiyligini oshirishga xizmat qiluvchi tibbiyot sohasidagi huquqiy baza takomillashtiriladi;

 

- raqamli tibbiyotning asosiy infratuzilmasini yaratish, tibbiyot sohasining moddiy-texnik bazasini kuchaytirish, tibbiy texnika va dori-darmon ishlab chiqarishni mahalliylashtirish darajasi oshiriladi;

 

- sanitariya-epidemiologiya sohasida potentsial xavf-xatarlarni prognoz qilish, baholash, yuqumli kasalliklar tabiiy o‘choqlari ustidan epidemiologik monitoring va epidemiyaga qarshi profilaktik tadbirlar majmui amalga oshiriladi;

 

- aholining kam taʼminlangan qatlamlari va ekologik nomaqbul hududlar aholisi uchun ijtimoiy tibbiy xizmat ko‘rsatishning huquqiy asoslari ishlab chiqiladi va joriy etiladi;

 

- sog‘lom turmush tarzi hayotga keng tadbiq etiladi va ommaviy sport turlari yanada rivojlantiriladi, sog‘lom ovqatlanish madaniyatini joriy etish bo‘yicha majmuaviy chora-tadbirlar amalga oshiriladi;

 

- ekologik omillarning inson sog‘lig‘iga salbiy taʼsirini bartaraf etish, sifatli va to‘liq tibbiy xizmat ko‘rsatishga yo‘naltirilgan tibbiy sug‘urta mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy etish bo‘yicha ishlar jadallashtiriladi;

 

- aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati va sog‘liqni saqlash tizimi takomillashtiriladi; tibbiy sug‘urta, xususiy tibbiy yordam ko‘rsatish va farmatsevtika sanoati rivojlantiriladi, dori vositalari sifati va narxi barqarorligi taʼminlanadi.

 

 Orolbo‘yi va boshqa ekologik nomaqbul hududlarda ekologik holatni tubdan yaxshilash bo‘yicha sanitar-epidemiologik monitoring tizimi rivojlantiriladi.

 Аholi salomatligini mustahkamlash uchun sog‘lom turmush tarzini faol targ‘ib qilish, ommaviy sport va jismoniy tarbiya rivojlanishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, harakatsiz turmush tarzi bilan bog‘liq kasalliklar tarqalishini kamaytirish ustuvor yo‘nalishimiz hisoblanadi.

 Taʼlim sohasida “Tabiatni fidoiylar saqlab qoladi!” shiori ostida:

 

- “yashil” taraqqiyot tamoyillarini taʼlim va fanga integratsiya qilish;

 

- uzluksiz taʼlimning barcha bosqichlarida ekologik taʼlim-tarbiya tamoyillarini keng joriy etish, yoshlarning ekologik bilimlarini oshirish; oliy taʼlim tizimida ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish yo‘nalishlari bo‘yicha malakali kadrlar tayyorlashni kengaytirish;

 

- maktabgacha taʼlim qamrovini 100 foizga, oliy taʼlim bilan qamrov darajasini 40 foizga yetkazish;

 

- uzluksiz taʼlim sifatini mustaqil baholash tizimini shakllantirish va qo‘shimcha pedagogik taʼlim xizmatlari bozorida raqobatni rivojlantirish;

 

- ekologik tadqiqot va innovatsion faoliyat ko‘lamini kengaytirish, biznesinkubator va texnoparklarni tashkil etgan holda innovatsion infratuzilmani rivojlantirish nazarda tutiladi.

 

 

 Ilm-fan sohasida “Tabiatni avaylash – hayotni asrash!” shiori ostida:

 

- ekologik toza, chiqindisiz va resurstejamkor texnologiyalarni ishlab chiqishga qaratilgan ilm-fan rivojini jadallashtirish hamda ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish asosida ilmiy mahsulotlar hajmi oshiriladi va innovatsion usullar keng joriy etiladi;

 

- atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi ilmiy tashkilotlarning ilmiyinnovatsion faoliyatini iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha ehtiyojlariga to‘liq moslashtirish, yuqori samarador ilmiy ishlanmalar va texnologiyalarni joriy etish ko‘lami oshiriladi;

 

- hududlarda ekotexnoparklar tashkil etish va ular faoliyatini qo‘llabquvvatlash, ularning ishlanmalarini hududlarda keng joriy etish choralari ko‘riladi; ekologik ilmiy-tadqiqot izlanishlarida xotin-qizlar va yoshlarning ishtiroki yanada oshiriladi;

 

- ilm-fan sohasida boshqaruv tizimini takomillashtirish, sohadagi o‘zini o‘zi boshqarish tizimini rivojlantirish orqali davlat va ilmiy tashkilotlar o‘rtasida ijtimoiy sheriklik rivojlantiriladi.

 

 “Tabiat – kelajak avlodlardan olingan qarz!” shiori ostida madaniy-maʼrifiy sohada quyidagi vazifalarni amalga oshirish muhim hisoblanadi:

 

- jamiyatda yuksak ekologik madaniyatni shakllantirish, ona tabiatni, jumladan o‘simlik va hayvonot dunyosini asrab-avaylash, ularga nisbatan ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish hissini kuchaytirish;

 

- jamiyatda ekologik madaniyatni yuksaltirish bo‘yicha Milliy dasturni qabul qilish;

 

- oila va mahalla tizimida insonning tabiatga bo‘lgan munosabatini tubdan o‘zgartirishga qaratish;

 

- aholining atrof-muhit holati bo‘yicha xabardorligini oshirish, muntazam ravishda atrof tabiiy muhit holati yuzasidan milliy maʼruza va tahliliy hisobotlarni nashr etib borish;

 

- har bir shaxsda atrof muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish, atrof muhitga taʼsir darajasi yuqori bo‘lgan korxonalarning ekologik masʼuliyatini oshirish, yashil tashabbuslarni amalga oshirishga eʼtiborni yanada kuchaytirish.

 

 

TАSHQI SIYOSАT VА XАLQАRO HАMKORLIKNI RIVOJLАNTIRISH

 

 Tashqi siyosat va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish sohasida O‘zbekiston atrofida xavfsizlik, barqarorlik va do‘stona qo‘shnichilik munosabatlari mintaqasini yaratish g‘oyasini ilgari suramiz.

 Tashqi siyosatning asosiy ustuvor vazifalari sifatida quyidagilarni belgilaymiz:

 

- O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi siyosatini mintaqada tinchlik va barqarorlikni taʼminlash, mintaqaviy xavfsizlikning asosiy muammolarini, shu jumladan Аfg‘onistondagi vaziyatni hal qilishga yordam berishga qaratish;

 

- TАSHQI SIYOSАT VА XАLQАRO HАMKORLIKNI RIVOJLАNTIRISH Markaziy Osiyodagi transchegaraviy daryolarning suv va energetika resurslaridan oqilona foydalanish, transchegaraviy muhofaza etilayotgan hududlarni barpo etish va mintaqaning ekologik barqarorligini taʼminlashga qaratish;

 

- mintaqaviy savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash, mintaqaviy transport-tranzit infratuzilmasini rivojlantirish;

 

- Аfg‘oniston bilan aloqalarni mustahkamlash jarayonlarini davom ettirish; Hamdo‘stlik davlatlari bilan o‘zaro hamkorlik munosabatlarini tenglik, bir-birining manfaatlarini hurmat qilish va hisobga olish asosida davom ettirish.

 

 Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan hamkorlikni faol ravishda davom ettirgan holda xalqaro tinchlik va xavfsizlikni taʼminlash, zamonaviy muammolarga va tahdidlarga qarshi birgalikda kurashamiz.

 Bu borada quyidagi vazifalarni amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratamiz:

 

- O‘zbekiston manfaatlariga mos keluvchi ekologiya va tibbiyot sohalarida BMT tomonidan qabul qilingan konventsiyalar va xalqaro bitimlarga qo‘shilish;

 

- global va transchegaraviy ekologik muammolarni hal qilishda xorijiy davlatlar, avvalambor Markaziy Osiyo davlatlari bilan yaxshi qo‘shnichilik va do‘stona munosabatlarni mustahkamlash;

 

- dunyodagi ekologiya yo‘nalishidagi partiyalar va harakatlarining yadroviy, kimyoviy va biologik qurollarning tarqalishini oldini olish va kelgusida ularni butunlay yo‘q qilish siyosatida faol ishtirok etish bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirish;

 

- ekologik xavfsizlikni taʼminlash, O‘zbekistonda “yashil” taraqqiyot tamoyillarini joriy etishda samarali xalqaro hamkorlikni rivojlantirish;

 

- mamlakatda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish loyihalarini rivojlantirishda xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari bilan hamkorlikni kengaytirish.

 

 

***

 O‘zbekiston Ekologik partiyasi mamlakatimizning barcha fuqarolarini insonlarning sog‘lig‘ini saqlash, atrof-muhitni muhofaza qilish va bebaho tabiiy boyliklarini asrab-avaylashdek muhim vazifani bajarishda faol ishtirok etishga chaqiradi.

 

 

birds birds