calendar 15 Aprel 11:27

“Yashil iqtisodiyot" – najotkor yo‘nalish

“Yashil o‘sish” ko‘plab davlatlarning maqsadi, global ekologik muammolarni hal qilishning muhim vositasi hisoblanadi. Prezidentimiz tashabbusi bilan 2019 yilda O‘zbekiston MDH davlatlari orasida birinchi bo‘lib Global yashil o‘sish institutiga a’zo bo‘ldi. O‘zbekiston Parij bitimi doirasida parnik gazlarni atmosferaga chiqarishni qisqartirish bo‘yicha o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarni muntazam bajarib kelmoqda.

 

Bugungi kunda mamlakatimizda “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish borasida qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Parij kelishuvi ratifikatsiya qilindi, “Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish to‘g‘risida”gi, “Ekologik audit to‘g‘risida”gi yangi qonunlar hamda “O‘rmon to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni yangi tahrirda qabul qilindi.

 

Shuningdek, 2030 yilgacha O‘zbekiston Respublikasining atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasi hamda 2019-2030 yillar davrida O‘zbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga o‘tish strategiyasining tasdiqlanishi bu boradagi amaliy ishlarni tizimli olib borish imkoniyatlarini bermoqda.

 

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan har yili 200 mln dona daraxt va buta ko‘chatlarini ekishga yo‘naltirilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasining tom ma’noda xalq harakatiga aylanishi, so‘nggi besh yilda Orol dengizining qurigan tubidagi 2 mln yer maydonida o‘rmonlashtirish ishlarining hamda “yashil xududlar” va “yashil belbog‘”larning barpo etilishi nafaqat O‘zbekistonning milliy manfaatlari, balki mintaqa davlatlari manfaatlari uchun ham xizmat qiladi.

 

Energiya olish maqsadlarida atrof-muhitning ifloslanishi va tabiiy uglevodorod yoqilg‘i resurslarining kamayishi “yashil energiya”dan foydalanish, xususan quyosh, shamol, suv manbalaridan foydalanish insoniyat taraqqiyoti va xavfsizligi nuqtai nazardan energiya olishning ustuvor yo‘nalishi bo‘lib qolmoqda.

 

Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, O‘zbekistonda quyosh stansiyalarini qurish orqali respublikning bugungi kunda energiyaga bo‘lgan jami ehtiyojidan 8 barobar ko‘p energiya olish imkoniyatlari mavjud.

 

O‘tgan yili quvvati 100 megawatt bo‘lgan dastlabki yirik zamonaviy quyosh fotoelektr stansiyasi Navoiy viloyati Karmana tumanida ishga tushirildi. 2030 yilga borib quyosh elektr stansiyalari quvvatini kamida 5 ming, shamol elektr stansiyalari bo‘yicha esa 3 ming megawattga yetkazish reja qilingan.

 

Mamlakatda “yashil” iqtisodiyotni barpo etish va rivojlantirishda xotin-qizlarning tashabbuslari mamlakatni barqaror rivojlantirishda o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda. Xususan, sohaning huquqiy asoslarini takomillashtirishda ayol deputatlarimizning faol ishtiroki  bu boradagi ularning roli va o‘rnini belgilab bermoqda.

 

Mamlakatni “yashil” iqtisodiyotga o‘tish jarayonlarini jadallashtirish va ushbu jarayonlarga xotin-qizlar ishtirokini ta’minlash borasida quyidagilar takliflar etiladi.

 

Birinchidan, “yashil” texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlashni nazarda tutuvchi milliy huquqiy bazani takomillashtirish, bunda ushbu jarayonlarga xotin-qizlar ishtirokini ta’minlashga alohida e’tibor qaratish;

 

Ikkinchidan, “yashil” iqtisodiyotni barpo etishda xotin-qizlarni faol jalb etish bo‘yicha Maxsus dastur ishlab chiqish va amalga oshirish;

 

Uchinchidan, “yashil” texnologiyalarni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash uchun tadbirkorlik sub’ektlariga, ayniqsa, “ayollar daftari”dagi oilalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, xususan, subsidiya, grantlar ajratish, “yashil” kreditlash, venchur moliyalashtirish tizimlarini joriy etish;

 

To‘rtinchidan, iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish va unga moslashish masalalari bilan bog‘liq sohalar uchun innovatsion yechimlarni joriy etish, jumladan, “aqlli” shahar, “aqlli” qishloq xo‘jaligi tamoillari bo‘yicha ayollar ishtirokidagi kichik biznes ishtirokini rivojlantirish;

 

Beshinchidan, “yashil” texnologiyalarni rivojlantirish sohasidagi ilmiy-tadqiqotlar jarayonlariga xotin-qizlarni keng jalb etish hamda ularning faolligini ta’minlash;

 

Shuningdek, kasbiy ko‘nikmalarga “yashil” iqtisodiyotning rivojlanishi bilan qo‘yiladigan yangi talablarni hisobga olgan holda xotin-qizlarni davlat mablag‘lari tomonidan o‘qitishni tashkil etish lozim.

 

Bir so‘z bilan aytganda, bu borada joylarda targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish samaradorligini oshirish maqsadga muvofiqdir. Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, “Bugungi kunda ona tabiatning o‘zi bizga yo‘llayotgan ogohlik qo‘ng‘irog‘iga beparvo bo‘lmasligimiz kerak. Afsuski, iqlim o‘zgarishlari tobora kuchayib bormoqda. Bugun “yashil taraqqiyot” borasidagi maqsadlarga erishish uchun mamlakatlarning harakatlari yanada faol va samarali bo‘lishi kerakligiga hech kim shubha qilmayapti. Boshqa choramiz ham yo‘q...”.

 

 

Mohira XODJAEVA,

Oliy Majlis Qonunchilik

palatasi deputati

 

birds birds