calendar 17 Mart 08:19

Suv resurslaridan oqilona foydalanish milliy maqsadlarimizdan biridir

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi tomonidan 22 mart – «Butun jahon suv resurslar kuni»ga bag‘ishlab o‘tkazilgan davra suhbati doirasida Barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarning ijrosi yuzasidan Suv xo‘jaligi vazirligining axboroti eshitildi.

 

Dunyo aholisi sonining ortib borishi bilan suv va oziq-ovqatga bo‘lgan talabi ham oshib bormoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo aholisining 40 foizdan ko‘prog‘i uchun suv tanqisligi dolzarb muammodir. Agar zarur choralar qo‘llanilmasa kelgusida bu ko‘rsatgich yanada yomonlashishi mutaxassislar tomonidan prognoz  qilinmoqda.

 

Ma’lumki, Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan 22 mart – “Butunjahon suv kuni” deb e’lon qilinib, 1993 yildan buyon xalqaro miqyosda keng nishonlab kelinadi.

Davra suhbati ishtirokchilari tomonidan butun dunyoda suv bilan bog‘liq muammolar ortib borayotgani, jumladan Markaziy Osiyo mintaqasida ham yildan yilga suv tanqisligi ortib borayotganligi ta’kidlandi. Bu borada mamlakatimizda suv resurslaridan oqilona foydalanish, suv tanqisligini oldini olish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani ta’kidlab o‘tildi.

 

Bu islohotlar zamirida davlatimiz rahbarining sohaga oid Farmon va Qarorlari bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasi, O‘zbekiston Respublikasida suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirishning 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan strategiyasi suv resurslarini boshqarish, suvdan samarali foydalanish va suvni iste’mol qilish bo‘yicha samarali mexanizmlarni joriy etishga xizmat qilmoqda.

 

Shu bilan birgalikda 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida alohida maqsad – Suv resurslarini boshqarish tizimini tubdan isloh qilish va suvni iqtisod qilish bo‘yicha alohida davlat dasturini amalga oshirish maqsadi belgilangani bejizga emas.

 

Suv resurslarining taqchilligini oldini olish borasida birgina 2021 yilning o‘zida 433 ming gektardan ortiq maydonda suv tejovchi texnologiyalar joriy etilgan bo‘lsa, 2022 yilda 478 ming gektarda shunday texnologiyalar joriy etish hisobiga 534 mln kub metr suvni iqtisod qilish belgilangan. Taraqqiyot strategiyasining 145-bandiga muvofiq, shunday innovatsion texnologiyalarni amaliyotga tadbiq etish hamda suv resurslaridan samarali foydalanish hisobiga joriy yilda kamida 7 milliard kub metr suvni iqtisod qilish nazarda tutilgan.

Davra suhbati doirasida Barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarning 6-maqsadi ya’ni “Barcha uchun suv resurslari va sanitariyaning mavjudligi hamda ulardan oqilona foydalanishni ta’minlash” milliy maqsadining tegishli vaziflari yuzasidan Suv xo‘jaligi vazirligi axboroti ham tinglandi.

 

2030 yilgacha iqtisodiyotning barcha sektorlarida suvdan foydalanish samaradorligini sezilarli oshirish vazifasi yuzasidan o‘tgan davrda vazirlik tomonidan irrigatsiya ob’ektlarida 39 521,1 mln. so‘mlik ishlar amalga oshirilib, ushbu mablag‘lar hisobiga 3,5 km kanal va 9,1 km lotok tarmoqlari qurildi va rekonstruksiya qilindi hamda qirg‘oqlarda himoya ishlari tashkil etildi.

 

Melioratsiya obyektlarida 1160,8 mln. so‘mlik ishlar amalga oshirilib, ushbu mablag‘lar hisobiga 1 dona vertikal drenaj qudug‘i va 3,2 km kollektor tarmoqlari qurildi va rekonstruksiya qilindi.

 

Suv xo‘jaligi tizimida 3 ta nasos va 3 ta elektrodvigatellar, 33 ta suv xo‘jaligi ob’ektiga “Aqlli suv” qurilmasi o‘rnatildi.

Shuningdek kelgusida suv ta’minoti past darajada bo‘lgan sug‘oriladigan yer maydonlarini 560 ming gektardan 190 ming gektargacha kamaytirish, sug‘oriladigan jami sho‘rlangan yer maydonlarini 1948 ming gektardan 1722 ming gektarga, jumladan, o‘rta va yuqori sho‘rlangan yerlarni 607 ming gektardan 430 ming gektargacha kamaytirish, 298,5 ming gektar sug‘oriladigan yer maydonini foydalanishga kiritish maqsad qilingan.

 

Vazirlik tomonidan suv resurslarining kompleks, shu jumladan, zaruratga ko‘ra transchegaraviy hamkorlik asosida boshqarilishini ta’minlash maqsadida transchegaraviy daryolardan suv olish rejimlari va hajmlari muvofiqlashtish, suv tanqisligi ta’sirini yumshatish bo‘yicha qo‘shni davlatlar bilan birgalikda ishlar olib borilib, suvdan foydalanish sohasidagi ikki tomonlama shartnoma va kelishuvlarga erishilgan.

 

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining suv xo‘jaligi va sanitariyani yaxshilash ishidagi ishtirokini qo‘llab-quvvatlash va mustahkamlash yo‘nalishida tegishli vazirlik va idoralar hamkorligida “Quyi bo‘g‘inda suv resurslarini boshqarishni takomillashtirish hamda suv iste’molchilari orasidagi munosabatlarni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezident qarori loyihasi ishlab chiqilib, qabul qilinishiga erishildi.

Yig‘ilishda bildirilgan taklif va tavsiyalarni inobatga olingan holda Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanish borasida nazorat-tahlil tartibida aniqlangan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.

 

 

Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi

birds birds