calendar 02 Noyabr 06:38

“Yashil iqtisodiyot” – strategik vazifamiz

Dunyoda bo‘layotgan o‘zgarishlar, iqlimning o‘zgarishi, tabiat hodisalari insoniyatni yangi tahdidlar kutayotganidan darak beradi. Dunyo aholisi ko‘payib bormoqda, tabiiy resurslar cheklangan bo‘lib, ularning zaxirasi muttasil kamayib bormoqda. Bunday vaziyat dunyo mamlakatlarini og‘ir ahvolga solib qo‘ymoqda. Bu holatda eng avvalo, global ekologik muammolarning keskinlashuvi kuzatilmoqda. Ekspertlar vaziyatni ijobiy tomonga o‘zgartirish uchun jahon iqtisodiyotida «yashil taraqqiyot» tamoyillarini joriy etish zarurligini ta’kidlashmoqda. Bunday yondashuv BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarida ham o‘z aksini topgan.

 

O‘z navbatida, O‘zbekistonda ham aholi soni va daromadlari ko‘paymoqda. Yangi-yangi ishlab chiqarishlar, qurilish va xizmat sohalarining kengayishi barobarida tabiiyki, energiya resurslariga bo‘lgan talab kundan kunga ortib bormoqda. «Yashil iqtisodiyot»ning muhim tarmog‘i qayta tiklanadigan energiya manbalarini yaratish va foydalanish hisoblanadi. Bu jihatdan O‘zbekistonning salohiyati ancha yuqori. Xalqaro moliyaviy institutlarning hisob-kitobiga qaraganda, respublikada muqobil energiya (ayniqsa, quyosh energiyasi)ning yillik zaxirasi 270 million tonna shartli yoqilg‘i ekvivalentiga teng. Yurtimizda yilning 320 kuni quyoshli bo‘lishi kuzatilgan. Ana shunday ulkan salohiyatdan foydalanishimiz kerak. «Yashil energetika» sohasidagi loyihalarni amalga oshirish O‘zbekistonda yaqin o‘n yilda qayta tiklanadigan energiya manbalari ulushini 3 barobardan ziyodga ko‘paytirish imkonini beradi. Buni birgina joriy yil avgust oyida Navoiy viloyatida ishga tushirilgan yiliga 252 million kiloVatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega quyosh elektr stansiyasi misolida ko‘rishimiz mumkin. Natijada 80 million kub metr tabiiy gaz tejalib, atmosferaga 160 ming tonna bug‘lanuvchi gazlar chiqishining oldi olinadi.

 

Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, O‘zbekistonda quyosh stansiyalarini qurish orqali jami 600 milliard kiloVatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyati mavjud. Bu respublikamizning bugungi kunda energiyaga bo‘lgan jami ehtiyojidan 8 barobar ko‘p. 2030 yilga borib quyosh elektr stansiyalari quvvatini kamida 5 ming, shamol elektr stansiyalari bo‘yicha esa 3 ming megaVattga yetkazish reja qilingan. Amalga oshirish rejalashtirilgan va bugun ishlar boshlab yuborilgan Samarqand, Buxoro, Jizzax, Namangan, Samarqand, Xorazm, Surxondaryo va Qashqadaryoda umumiy quvvati 2 ming 200 megaVatt bo‘lgan 9 ta quyosh stansiyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro va Navoiy viloyatlarida esa 1 ming 600 megaVatt quvvatga ega bo‘lgan 4 ta shamol elektr stansiyalari albatta “yashil iqtisodiyot”ning poydevori bo‘lib xizmat qiladi.

 

Qolaversa, mamlakatdagi energiya ishlab chiqaruvchi quvvatlarning salkam yarmi eskirgan. Ularni tiklash yoki modernizatsiyalash katta mablag‘ni talab qiladi. Buning o‘rniga ham iqtisodiy, ham ekologik jihatdan samarali hisoblangan yuqoridagi kabi «yashil energetika»ga o‘tishimiz iqtisodiyotimizga ham juda katta samara beradi. Bugun kun vaziyatidan kelib chiqib, butun dunyo mamlakatlari shunday yo‘lni tanlamoqda. Shunday amaliy ishlar natijasida iqtisodiyotning energiya samaradorligini muttasil oshirib borish va atmosferaga chiqariladigan zararli gazlar hajmining sezilarli darajada qisqartirish bosh vazifamiz bo‘lishi lozim.

 

O‘zbekiston Respublikasining “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish strategiyasida ham nafaqat mamlakat iqtisodiyoti, balki atrof-muhit muhofazasi, tabiiy boyliklardan samarali foydalanish borasida ham maqsadli vazifalar belgilab olingan. Jumladan, ishlab chiqarishni texnologik modernizatsiyalash va moliyaviy mexanizmlarni rivojlantirish orqali iqtisodiyotning energiya samaradorligini oshirish hamda tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, davlat investitsiyalari va xarajatlarining ustuvor yo‘nalishlariga ilg‘or xalqaro standartlarga asoslangan “yashil” mezonlarni kiritish, davlat tomonidan rag‘batlantirish mexanizmlarini, davlat-xususiy sherikchilikni rivojlantirish hamda xalqaro moliyaviy institutlar bilan hamkorlikni faollashtirish orqali “yashil” iqtisodiyotga o‘tish yo‘nalishlari bo‘yicha tajriba-sinov loyihalarini amalga oshirishga ko‘maklashish, Orolbo‘yidagi ekologik inqirozning salbiy ta’sirini yumshatish choralarini ko‘rish va “yashil iqtisodiyot” sohasida, shu jumladan ikki tomonlama va ko‘p tomonlama shartnomalar tuzish orqali xalqaro hamkorlikni mustahkamlab borish dolzarb masala sifatida belgilangan.

 

Shuningdek, iqtisodiyotning bazaviy tarmoqlari energiya samaradorligini oshirish, energiya resurslari iste’molini diversifikatsiyalash va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni rivojlantirish, iqlim o‘zgarishi oqibatlariga moslashish va ularni yumshatish, tabiiy resurslardan foydalanish samaradorligini oshirish va tabiiy ekotizimlarni asrash, “yashil iqtisodiyot”ni qo‘llab-quvvatlashning moliyaviy va nomoliyaviy mexanizmlarini ishlab chiqish, issiqxona gazlarining yalpi ichki mahsulot birligiga nisbatan solishtirma ajratmalarini qisqartirib borish, sanoat korxonalari infratuzilmasini modernizatsiyalash, energiya samaradorligini 20 foizdan kam bo‘lmagan miqdorga oshirish hamda sof va ekologik xavfsiz texnologiyalar va sanoat jarayonlaridan yanada keng foydalanish hisobiga ularning barqarorligini ta’minlash, iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida suvdan foydalanish samaradorligini sezilarli darajada oshirish, tomchilatib sug‘orish texnologiyasini keng joriy etish va ularda yetishtiriladigan ekinlar hosildorligini 20-40 foizgacha oshirish, yerlarning tanazzulga uchrashi bo‘yicha neytral balansga erishish, asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishning o‘rtacha hosildorligini 20-25 foizgacha oshirishni ta’minlash belgilangan.

 

Energiyaning qayta tiklanuvchi manbalari, energiya samaradorligi, iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish va boshqa tegishli yo‘nalishlardagi siyosatni, shu jumladan, O‘zbekistonda "yashil iqtisodiyot”ga o‘tish, "yashil tiklanish” jarayonida bo‘lajak ehtimolli inqirozlarga ilg‘or va barqaror jamiyat va iqtisodiyotni yaratishga ko‘mak berish, bir vaqtni o‘zida tabiiy resurslar va atrof-muhitga bosimni pasaytirish siyosatini izchil amalga oshirish talab etiladi.

 

Muxtasar qiladigan bo‘lsak, ekologik normativ-me’yoriy hujjatlar mamlakatimizda insonning yashash uchun qulay atrof tabiiy muhitga ega bo‘lish huquqini kafolatlashi va ekologik xavfsizlikni ta’minlashga zamin bo‘lishi kerak. Tabiatda o‘zgarishlarga beparvo bo‘lmaslik, iqlim o‘zgarishlari tobora kuchayib borayotgan sharoitda bizning mintaqamizda ham so‘nggi 30 yilda o‘rtacha yillik harorat tahminan bir darajaga ko‘tarilganligi va asosiy daryolarning havzasi va biologik xilma-xillikning qisqarib borayotgani bizni jiddiy xavotirga solishi kerak. Shu ma’noda “yashil taraqqiyot” masalasida maqsadlarimizga erishish uchun harakatlarimiz yanada faol va samarali bo‘lishi kerak. Xullas, “yashil iqtisodiyot”da inson, tabiat va iqtisodiyotning bir-biri bilan uyg‘unligi va barqaror rivojlanishi ta’minlanishi lozim.

 

 

     Muxtorjon HOJIMATOV,

  Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi a’zosi

 

birds birds