calendar 14 Oktabr 16:18

Buxorolik saylovchilar bilan uchrashuv

O‘zbekiston Ekologik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi prezidentligiga nomzod Narzullo Oblomurodov 14 oktabr kuni saylovchilar bilan uchrashish maqsadida Buxoro viloyatiga yetib keldi.

Nomzod dastlab Buxoro viloyat “Toza hudud” Davlat unitar korxonasiga bordi.

 

Hozirgi kunda Buxoro viloyatining 8 ta tumanida jami bo‘lib 108 ta maxsus avtotransport vositasi bilan sanitar tozalash xizmatlari ko‘rsatilib kelinmoqda. (82 dona maxsus avtomashina, 8 dona multilif, 6 ta samosval, 5 ta avtoyuklagich, 5 dona assenizator va 2 ta buldozer). Jismoniy va yuridik shaxslardan qattiq va maishiy chiqindilarni olib ketish xizmatlari sifatini yanada yaxshilash uchun “Toza hudud” DUK tarkibidagi Shofirkon, G‘ijduvon, Qorako‘l, Romitan, Peshku, Jondor tumanlari filiallari uchun 6 ta maxsus avtomashinalar topshirildi. 

 

Narzullo Oblomurodov Buxoro viloyatiga safari doirasida Vobkent tumani “Suvoqova” DUK inshootining yangi tarmog‘i ochilish marosimida ishtirok etdi. "Xayrxush" suv inshooti 2 ta mahallaga qarashli, 8000 dan ziyod aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlaydi. Ushbu suv inshootiga obihayot "Damxo‘ja" suv omboridan yetib keladi.

Mazkur inshootga 500 kub sig‘imga ega rezervuar o‘rnatilgan bo‘lib, 250 kublik 2 ta rezervuar esa rekonstruksiya qilindi. Suv inshootidagi 5 dona suv uzatish nasoslari Koreya davlatidan keltirilgan.

 

Bir sutkada ushbu suv inshooti orqali aholiga 2500 kub suv yetkazib beriladi. Bu yerda 4 nafar ishchi-operatorlar xizmat ko‘rsatmoqda.

 

10 kilometr uzunlikdagi yangi tarmoqning ishga tushirilishi Vobkent hamda qo‘shni Buxoro tumanida istiqomat qiluvchi 15 mingga yaqin aholining toza ichimlik suviga bo‘lgan talabini to‘la qondiradi.

 

Shundan so‘ng Buxoro tumanida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga O‘zbekiston Ekologik partiyasidan ko‘rsatilgan nomzod Narzullo Oblomurodovning Buxoro viloyati saylovchilari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda viloyat faollari, yoshlar va partiyaning viloyat kengashi a’zolari, deputatlar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Dastlab uchrashuvni Buxoro viloyati Ekologik partiyasi Kengashi raisi Sadoqat Siddiqova kirish so‘zi bilan ochib berdi.

So‘z nomzodning tarjimai holini saylovchilarga o‘qib eshittirish uchun Buxoro viloyati bo‘yicha ishonchli vakil Shamedin Pardaevga berildi.

 

Shundan so‘ng so‘z o‘z saylovoldi dasturi bilan tanishtirish uchun Prezidentlikka nomzod Narzullo Oblomurodovga berildi. Nomzod o‘z nutqida saylovoldi dasturida belgilangan ustuvor vazifa va maqsadlarga atroflicha to‘xtalib o‘tdi.

Nomzodning saylovoldi dasturida mamlakatning rivojlanishi va ertangi kuni bilan bog‘liq bo‘lgan muhim tashabbuslar ilgari surilgan. Dasturda birinchi navbatda ekologik holatni yaxshilash, xalqimizning hayot darajasi va sifatini oshirish hamda ijtimoiy muammolarni hal etish uchun yangi imkoniyatlardan foydalanish yo‘lida ustuvor vazifalar belgilab qo‘yilgan.

 

Shuningdek Prezidentlikka nomzod Narzullo Oblomurodov mamlakatimizda ekologik xavfsizlikni ta’minlash, yuzaga kelayotgan ekologik muammolarni izchillik bilan hal etish va iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlashda jamiyatning barcha kuchlarini birlashtirishga qaratilgan muhim ahamiyatga ega yo‘nalishlardan iborat taklif hamda g‘oyalari xususida so‘z yuritdi.

Nomzod takidlaganidek, Ekologik partiya yashil taraqqiyot hamda yashil iqtisodiyotga o‘tishni jadallashtirish tarafdori. Partiya kelajakda yashil iqtisodiyot taraqqiy topgan, qayta tiklanuvchi energiya hamda resurs tejamkor texnologiyalar joriy etilgan zamonaviy raqobatbardosh iqtisodiyotni barpo etishni asosiy maqsad qilgan.

Nomzod dasturdagi aholisi asosan qishloqlarda yashaydigan mamlakatimiz fuqarolari uchun qulay imkoniyatlar yaratadigan qishloq xo‘jaligida “aqlli” texnologiyalarni amaliyotga tatbiq etish g‘oyasining ahamiyati haqida ham atroflicha to‘xtalib o‘tdi.

 

Buxoro viloyatining ayrim tumanlarida dolzarb bo‘lgan toza ichimlik suvi, cho‘llanish muammolari haqida ham alohida to‘xtalib, bu masalalarni hal qilish uchun g‘oyalarga saylovoldi dasturida keng o‘rin berilganligi aytib o‘tildi.

Uchrashuv davomida nomzodning saylovoldi dasturi bo‘yicha munosabatlar bildirildi. Ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga nomzod va uning ishonchli vakili batafsil javob berishdi. So‘zga chiqqanlar esa viloyatning ekologik muammolari va ularning nomzod dasturi bilan uzviy bog‘liqligi haqida  munosabat bildirib o‘tishdi.

 

So‘zga chiqqanlar O‘zbekiston Ekologik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narzullo Oblomurodovning ilgari surayotgan saylovoldi dasturidagi g‘oya va takliflarni qo‘llab-quvvatlashdi. Chunki dasturda ustuvor etib belgilangan “Yashil siyosat”, “Yashil iqtisodiyot” va “Yashil taraqqiyot” g‘oyalari hozirgi kunda yurtimizda rivojlanishni yanada mukammallashtirish yo‘lida xizmat qiladi.

 

Saylovchilar bilan uchrashuv yakunlangach, Narzullo Oblomurodov buxorolik professor-o‘qituvchilar bilan ham suhbatlashdi.

Shuningdek, nomzod yosh olimlarning ilmiy asoslangan g‘oya va tashabbuslarini amaliyotga joriy qilish lozimligini ham ta’kidladi. Olimlarga yetuk kadrlar tarbiyalash va ularning nazariy bilimlarini amaliyot bilan boyitib borishlari uchun barcha imkoniyatlar yaratib berish zarurligini aytib o‘tdi.

 

Uchrashuv yakunida prezidentlikka nomzod viloyatda barpo qilinayotgan “Yashil belbog‘” voha tabiatining musaffoligini ta’minlashda benihoya muhim ekanligini bildirdi.

 

Ilm-fan fidoiylari bilan samimiy muloqot davomida viloyatning o‘ziga xos tabiati, flora va fauna olami, ekologik muammolari, bu boradagi ilmiy izlanishlar haqida so‘z bordi.

 

Ekologik partiyadan prezidentlikka nomzod N. Oblomurodov Buxoro viloyatiga safari davomida Buxoro ixtisoslashtirilgan "Jayron" pitomnigida ham bo‘ldi.

Uchrashuvda pitomnik xodimlari nomzodga pitomnikning tarixi, bu yerda amalga oshirilayotgan ishlar va kelajak rejalari haqida ma’lumot berdi.

 

1970 yillarda Tabiatni muhofaza qilish Xalqaro Ittifoqi tomonidan jayronni ko‘paytirish tabiatdagi sonini qayta tiklash maqsadida yuqorida qayd etilgan jayron yashab kelgan davlatlar hududida 13 ta pitomniklar tashkil etilishi rejalashtirilgan va natijada 1980 yilga qadar 7 ta pitomnik tashkil qilishga erishilgan. Shulardan biri O‘zbekistondadir. Buxoro ixtisoslashtirilgan «Jayron» pitomnigi 1977 yilda tashkil etilgan.  

 

Suhbat yakunida prezidentlikka nomzod Narzullo Oblomurodov sayyohlarga zarur infratuzilma yaratish hisobidan pitomnikning moddiy texnika bazasini mustahkamlash ,bu yerdagi kuzatuv minoralariga zamonaviy raqamlashtirilgan uskunalarni o‘rnatish inspektorlarning cho‘l hududida tezkor harakatlanish imkoniyati mavjud transport vositalari bilan ta’minlash, qish mavsumi uchun ozuqa zaxirasini ko‘paytirish, xududda yana ko‘plab imkoniyatlardan samarali foydalanish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berdi.

 

O‘zbekiston Ekologik partiyasi ona tabiatni bor boyliklari va tabiiyligicha asrash har bir yurtimiz fuqarosining burchi ekanligini eslatib o‘tadi. Shu bilan birga mamlakatimizning har bir fuqarosini saylovlarda faol ishtirok etib, munosib nomzodga ovoz berishga chaqiradi.

Narzullo Oblomurodov "Jayron" pitomnigi hududida o‘z an’anasiga ko‘ra daraxt ekdi.

 

O‘zbekiston Ekologik partiyasi

Matbuot xizmati

 

 

 

 

birds birds