calendar 01 Oktabr 05:58

O‘zbekiston o‘qituvchi va murabbiylariga

Muhtaram ustozlar! Qadrli o‘qituvchi va murabbiylar!

Siz azizlarni mamlakatimiz hayotidagi qutlug‘ sana — O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan samimiy muborakbod etamiz.

Dunyoda shunday ulug‘ kasb egalari borki, ularsiz hayotimizni tasavvur qilish qiyin. Ular – hayotimiz charog‘boni, ertamiz bunyodkori, ilm-ma’rifat va ziyo timsoli bo‘lgan o‘qituvchi va murabbiylardir. Kim bo‘lmaylik, qaysi sohada ishlamaylik, barchamizga ilk bor harf tanitgan, ziyo va ma’rifat sari yetaklagan, ta’lim va tarbiya bergan muallimlarga har qancha ta’zim qilsak oz.

Ustoz-murabbiylik har bir insonga hamma narsaning asl mohiyati, barcha xususiyatlari hamda sir-sinoatini ta’lim berish vositasida o‘rgatish, odam va olam munosabatlarida eng maqbul yo‘lga boshlash demakdir. Shu ma’noda, bugun O‘zbekiston Ekologik partiyasi ilgari surayotgan “Biz kelajak uchun javobgarmiz” degan hayotbaxsh g‘oyani amalga oshirishda siz aziz ustozlarni o‘zimizga hamisha yelkadosh va hamnafas hisoblaymiz.

Bugun jamiyatimizda ekologik madaniyatni shakllantirish va shu orqali ona tabiatimizga bo‘lgan munosabatni o‘zgartirish dolzarb ahamiyatga ega. Bu esa ekologik tarbiyani bog‘chadan, maktabdan boshlashni taqozo qilmoqda. Biz «Tabiatni fidoyilar saqlab qoladi!» shiori ostida uzluksiz ta’limning barcha bosqichlarida ekologik ta’lim-tarbiya tamoyillarini keng joriy etish, yoshlarning ekologik bilimlarini oshirishda o‘qituvchi va murabbiylar, tajribali ustozlarning yordamiga tayanamiz.

Xalqimizda “Ustoz otangdek ulug‘”, degan purma’no naql bejiz aytilmagan. Shuning uchun ham sizlardan ta’lim va tarbiya olgan, o‘zini oldingizda umrbod qarzdor deb his etadigan barcha insonlar nomidan Sizlarga chuqur ehtirom va minnatdorlik bildiramiz.

 

Qadrli ustozlar!

 

Siz borsizki, hayotimiz nurafshon, ertangi kunimiz — farzandlarimizdan ko‘nglimiz to‘q.

Sizlarni 1 oktabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan yana bir bor samimiy tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, baxt va omad, xonadonlaringizga quvonch, tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka tilaymiz!

Ehtirom bilan,

 

O‘zbekiston Ekologik partiyasi jamoasi nomidan Narzullo Oblomurodov

birds birds