calendar 12 Oktabr 15:38

Narzullo Oblomurodov xorazmlik saylovchilar bilan uchrashdi

O‘zbekiston Ekologik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narzullo Oblomurodov Xorazm viloyatiga safarini Urganch shahridagi Beruniy me’moriy majmuasidan boshladi. Buyuk bobomiz Abu Rayxon Beruniyga hurmat ramzi sifatida barpo etilgan mazkur me’moriy majmuada Beruniyning hayoti va faoliyati haqidagi ekspozitsiya ham mavjud.

 

Narzullo Oblomurodov bu yerda bo‘lar ekan, daraxt ekish, yashillikni ko‘paytirish hamma uchun muhim ish ekanini, Xorazm diyorida qanday daraxtlarni ekish mumkinligi, Orol dengiziga yaqin hudud bo‘lishiga qarmasdan, viloyatning ko‘rkam bog‘lari, yashnab turgan yashil maskanlari uning husniga husn qo‘shib turganini ta’kidlab o‘tdi.

N. Oblomurodov bu yerda viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi vakillari, Beruniy me’moriy majmuasi ishchi- xodimlari bilan suhbat qilib, bir necha yillar oldin noyob turlardan biri bo‘lgan Buxoro bug‘usi (Xongul)ining bu yerning iqlim sharoitiga moslashib ketgani bilan ham qiziqdi. Orol dengizi Sudoche ko‘lidagi noyob va go‘zal qushlar — pushti flamingolar va ularni asrab-avaylash haqida so‘zlab, Xorazm hududiga ham shunday noyob qushlarni, hayvonlarning mos keladigan tabiiy iqlim sharoitlarini o‘rganish, ilmiy izlanishlar olib borish borasida ham tavsiyalarini berib o‘tdi.

Shundan so‘ng nomzod an’anaga ko‘ra majmua hududiga daraxt ekdi.

 

Kunning ikkinchi yarmida O‘zbekiston Ekologik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narzullo Urganch shahridagi Ma’naviyat va ma’rifat markazi majlislar zalida saylovchilar bilan uchrashdi.

Unda Ekopartiya faollari, deputatlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

 

Uchrashuvda nomzod o‘z saylovoldi dasturida belgilangan ustuvor vazifa va maqsadlarni tahlil etib, yangi siyosiy kuch sifatida maydonga chiqqan partiyaning xalqchil sa’y-harakatlariga atroflicha to‘xtaldi. Shuningdek, yurtimizda ekologik xavfsizlikni ta’minlash, yuzaga kelayotgan ekologik muammolarni izchillik bilan hal etish va iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlashda jamiyatning barcha kuchlarini birlashtirishga qaratilgan ustuvor yo‘nalishlardan iborat g‘oya va takliflari xususida ma’lumot berdi.

 

Narzullo Oblomurodovning saylovoldi dasturida mamlakatning rivojlanishi va ertangi kuni bilan bog‘liq bo‘lgan muhim tashabbuslar ilgari surilayotgani, birinchi navbatda ekologik holatni yaxshilash hamda ijtimoiy muammolarni hal etish uchun yangi imkoniyatlardan foydalanish yo‘llari taklif qilinayotgani bilan ahamiyatlidir.

Nomzod iqlim o‘zgarishi muammmosini ham e’tibordan chetda qoldirmagan. Orol dengizining ekologik falokati oqibatlarini yumshatishga qaratilgan innovatsion loyihalarni amalga oshirish, Orolbo‘yi mintaqasida ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni, aholining yashash sharoitlarini yaxshilash uchun amaliy ishlar qilinadi. Orolbo‘yi aholisi genofondiga va atrof-muhitiga salbiy ta’sirini yumshatishga jamiyatning barcha kuchlari jalb etiladi. Orolbo‘yi mintaqasida ekologik innovatsiya va texnologiyalarni tatbiq etish ishlari kuchaytiriladi.

 

Shuningdek, kelgusida Ekopartiya energetika sohasini tubdan isloh qilish, ekologik muvozanatni ta’minlashga qaratilgan normativ-huquqiy bazani takomillashtirish va xalqaro hujjatlarni qabul qilish, sog‘liqni saqlash, ta’lim, ilm-fan va madaniy-ma’rifiy sohalarni yanada rivojlantirish, tashqi siyosat va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish borasidagi rejalar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Uchrashuv davomida nomzodning saylovoldi dasturi bo‘yicha so‘zga chiqqanlar o‘z munosabatlarini bildirdi.

Ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga nomzod va uning ishonchli vakili batafsil javob berdi.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi mamlakatimizning barcha fuqarolarini insonlarning sog‘lig‘ini saqlash, atrof-muhitni muhofaza qilish va bebaho tabiiy boyliklarini asrab-avaylashdek muhim vazifani bajarishda faol ishtirok etishga chaqiradi.

O‘zbekiston Ekologik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narzullo Oblomurodov Xorazm viloyatiga amalga oshirgan safari chog‘ida Urganch shahridagi “St-Yenergy” ma’suliyati cheklangan jamiyatiga bordi. Bu yerda nomzod korxona xodimlari bilan uchrashib, samimiy muloqot qildi.

 

“St-Energy” ma’suliyati cheklangan jamiyati mas’ullari Narzullo Oblomurodovga korxona haqida batafsil ma’lumot berdi.

Ayni paytda mazkur korxona piyodalar yo‘lakchalarida xavfsizlikni ta’minlash maqsadida quyosh energiyasida ishlaydigan, tartibga soluvchi chiroqlarni o‘rnatish va ta’mirlashlashni, ichki yonuv dvigatelli avtomobillarga elektr dvigatellari elektr batareyalar o‘rnatib gibrid usulida, elektr hamda benzinda ishlashga moslashtiradi.

 

Shuningdek, avtomashinalarni elektr energiyasida ishlashga moslashtirish bilan shug‘ullanadi. Korxona cho‘l hududlaridagi cho‘ponlar va o‘rmonchilar uchun quyosh qozonlari yetkazib bermoqda.

“St-Energy” ma’suliyati cheklangan jamiyati bugungi kunda barcha zamonaviy mahsulotlarni dunyoning yetakchi kompaniyalari hamda mamlakatimizdagi ishlab chiqaruvchilaridan xarid qiladi. Istiqbolda esa, mahalliylashtirish dasturi doirasida bu yerda kamida 65 foiz mahsulotni ishlab chiqarishni o‘z oldiga maqsad qilgan. Narzullo Oblomurodov korxona faoliyatini ijobiy baholab, muvaffaqiyat tiladi.

 

Uchrashuv so‘ngida N. Oblomurodov energiya resurslaridan unumli foydalanish, aholi bandligini ta’minlash, sohada malakali mutaxassislarni tayyorlash va aholiga ekologik toza hamda sifatli mahsulotlarni tayyorlash bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berdi.

 

O‘zbekiston Ekologik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narzullo Oblomurodovning navbatdagi manzili Urganch davlat universiteti bo‘ldi. Nomzod bu yerda oliy ta’lim muassasasining professor-o‘qituvchilari hamda talaba-yoshlar bilan uchrashdi.

Narzullo Oblomurodov zamon talablarga mos malakali ekologlarni tayyorlash, tashkilot va korxonalarda nazorat, audit bo‘limlari bo‘lgani kabi ekolik nazorat bo‘lishi ham kerakligini ta’kidladi. —Bugun bo‘lmasa ertaga hamma soha shu talabga o‘tadi. Kafedrada shu talabga javob beradigan holat shakllanish kerak. Ilmiy laboratoriyalar, texnik ta’minoti ham shunga tayyor bo‘lishi kerak. Ko‘p korxonalarda bo‘lib, mavjud laboratoriyalar faoliyati bilan tanishdim. U yerda ishlashning o‘zi katta bir sharaf bo‘lishi kerak. Shunday korxonalarni biz ko‘paytirishimiz kerak. Shunda talab ham, kadrlarning malakasi ham rag‘bati ham oshadi. Shu talablarga javob beradigan yoshlarni sizlar yetkazib berasizlar, — dedi N.Oblomurodov. —Universitet — oliy dargoh. Bu yerda ta’lim olishning o‘zi bir baxt. Muassasada ishlashning o‘zi katta mas’uliyat. O‘qituvchilarimiz har doim o‘z ustida ishlashi lozim. Kechagi talablar bugun kunga javob bermaydi. Shuning uchun o‘qituvchining kasbi og‘ir. O‘qituvchining nonini yeyish oson emas. ”,—dedi Narzullo Oblomurodov.

 

Samimiy suhbat davomida Prezidentlikka nomzod ilmiy ish bilan shug‘ullanayotgan bir guruh yoshlarga o‘z tavsiyalarini berdi. Ilmiy ish bilan shug‘ullanayotgan xotin-qizlarni doim qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Narzullo Oblomurodov uchrashuv yakunida olimlar va professorlarga sog‘liq va ishlarida muvaffaqiyat tiladi.

 

 O‘zbekiston Ekologik partiyasi

Matbuot xizmati 

 

 

birds birds