calendar 17 Avgust 16:59

Zomin tog‘laridagi yong‘inlar Ekopartiya e’tiborida

O‘zbekiston Ekologik partiyasi raisi N.Oblomurodov Jizzax viloyati Zomin tumanining tog‘li hududlaridagi yong‘in va uning oqibatida tabiatga yetkazilgan zarar ko‘lamini o‘rganish uchun hududga bordi.

O‘rganish davomida N.Oblomurodov Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi, Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi hamda O‘rmon xo‘jaligi mas’ul xodimlari hamrohligida yong‘in kelib chiqqan hududda bo‘ldi.

 

O‘rmonchilar, ekologlar va soha mutaxasislari bilan issiq kunlarda tog‘li hududda yong‘in kelib chiqish xavfini kamaytirish chora-tadbirlari, yuzaga kelgan yong‘in va uning oqibatida tabiatga yetkazilgan zararlar ko‘lami ko‘zdan kechirildi, yong‘in oqibatlarini bartaraf etish, ekotizimni va yashil hududlarni qayta tiklash bo‘yicha fikr almashildi.

 

O‘zbekiston Respublikasining Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g‘risidagi qonunining 25-moddasiga muvofiq tabiat bog‘larining xo‘jalik maqsadida va boshqa tarzda foydalanish zonalarida aholining istiqomat qilishiga, yuridik va jismoniy shaxslarning tabiiy ob'yektlar va majmualarga zarar yetkazmaydigan faoliyatiga yo‘l qo‘yiladi. Shuningdek, tabiat bog‘larida tabiiy ob'yektlar va majmualarga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari cheklanishi yoki taqiqlanishi belgilangan.

 

O‘rganish davomida Zomin tumanining tog‘li hududlarida yong‘inlar oldini olish, tabiatni asrash va yong‘inni oldini olish bilan bog‘liq ogohlantiruvchi belgilarni ko‘paytirish, yong‘inga qarshi texnik himoya vositalari, jihozlar va anjomlari bilan ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

 

Shuningdek, Zomin milliy tabiat bog‘i hududiga keluvchi dam oluvchilar tomonidan maishiy chiqindilarni tashlash uchun infratuzilma yaratish, o‘simlik dunyosining Qizil kitobga kiritilgan turlarini payxon qilmaslik va yuqori tog‘ zonalarida tabiiy boyliklarni asrab-avaylash, eng muhimi yong‘inlarni oldini olish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.

 

"Zomin milliy tabiat bog‘i"

 

O‘zbekiston Ekologik partiyasi Zomin milliy tabiat bog‘i hududida tabiiy ob'yektlar va majmualarga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlarini cheklanishni, mavjud dam olish zonalari, xizmat ko‘rsatish ob'yektlari atrof hududlarida tabiatni muhofaza etish, chiqindilarni to‘plash va yong‘in xavfsizlik qoidalariga so‘zsiz amal qilish hamda tog‘li hududlarga tashrif buyuruvchilar orasida tushuntirish-targ‘ibot tadbirlarini kuchaytirishga chaqirib qoladi.  

O‘zbekiston Ekologik partiyasi matbuot xizmati

birds birds