calendar 19 Aprel 13:33

Sher tishlagan bola, bunga kim aybdor?

Toshkent tumanidagi xonadonda noqonuniy boqilayotgan sher 3 yoshli bolaga hamla qilgani haqidagi xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda jiddiy muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Davlat ekologiya qo‘mitasi Toshkent viloyati Toshkent tumanidagi xonadonda sher bolasi noqonuniy boqilayotgani haqida xabar bergan edi. Huddi ana shu shervachcha sal qolsa bir norasida bolaning umriga zomin bo‘lardi. Yana onasi va homilador kelinoyisining ko‘z o‘ngida. Balkim oramizda onani e’tiborsizlikda ayblaydiganlar ham topilib qolar. Ammo yurtimizda qo‘l bilan sanoqli odamgina ko‘chada shervachcha yetaklab yurgan kishiga duch kelgan bo‘lsa kerak. Shuning uchun ham bolakayning yaqinlari bunday ayanchli voqea sodir bo‘lishini xayollariga ham keltirmagan bo‘lishlari tabiiy.

 

Sher tishlagan go‘dakning yaqinlarining xabar berishicha,  7 - aprel kuni tumanning «Bahor» mahallasi Navro‘z ko‘chasidagi uylarning birida noqonuniy boqilayotgan sher kechki 17:30 larda onasi va homilador kelinoyisi bilan do‘konga sut olish uchun chiqqan bolaga hujum qilgan. To‘satdan bolaning orqa tomonidan kelib tashlangan yirtqich uning bosh va yelka qismini tishlay boshlagan. Ona bolasini sher og‘zidan zo‘rg‘a qutqarib qolgan.

Voqea sherning egalari uydan tashqariga aylantirish uchun olib chiqqan paytda yuz bergan. Endi sof aql, tafakkur bilan o‘ylab ko‘ring. Hech zamonda yovvoyi, buning ustiga yirtqich hayvonni ham aylantirishga olib chiqish mumkinmi? Aqli butun odamning  savannalarda ov qilib, hattoki insonga hujum qilishi, hayotiga xavf solishi mumkin bo‘lgan hayvonni bamaylixotir sayrga olib chiqishi hech qaysi me’yorlarga to‘g‘ri kelmaydi.

 

Yovvoyi hayvonlarni saqlashning ham o‘z tartib-qoidalari bor. Ammo bugungi kunda dabdaba va mashhurlik uchun ham yovvoyi hayvonlarga, ham o‘z atrofidagi insonlarga jabr qilayotgan, o‘z uyida yirtqich va yovvoyi hayvonlarni noqonuniy saqlayotgan zamondoshlarimiz ko‘paymoqda.  Bu haqida O‘zbekiston Ekologik partiyasi nashri bo‘lgan "Oila va tabiat"  gazetasining 13-sonida ham "Yovvoyi hayvonlarni uyda saqlash "trend"ga chiqmoqda yoki 100-200 ming dollarga sotilayotgan lochinlar" nomli maqolasida ham bu mavzuga batafsil to‘xtalib o‘tilgandi. Qolaversa, yovvoyi hayvonlarni uy sharoitida saqlash ularga nisbatan ham shafqatsizlikdir. 

 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 - yil 8 - iyuldagi 202-son «Qarovsiz qolgan hayvonlarni tutish va saqlash bilan bog‘liq xizmatlar faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi hamda 2014 - yil 20 - oktabrdagi 290-son «Biologik resurslardan foydalanishni tartibga solish va tabiatdan foydalanish sohasida ruxsat berish tartib-taomillaridan o‘tish tartibi to‘g‘risida»gi qarorlariga muvofiq epizootik holatlarga qarshi tadbirlarni kuchaytirish, fuqarolarning hayoti, sog‘lig‘ini va atrof muhitni muhofaza qilish, sanitariya-gigiyena, veterinariya qoidalari va normalariga rioya qilinishini ta’minlash maqsadida aholi punktlarida yovvoyi hayvonlarni saqlash tartibi belgilangan.

 

Ushbu qarorga ko‘ra hayvon egasi  yovvoyi hayvonning notinchlik keltirib chiqarmaydigan va atrofdagilarga xavf tug‘dirmaydigan xatti-harakatini ta’minlashga, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga, ularning mol-mulkiga, shuningdek hayvonlarga zarar yetkazilishining oldini olishga; yovvoyi hayvonlar insonni yoki boshqa hayvonni tishlab olganda yoxud boshqa jarohatlar yetkazganda jabrlanganni dastlabki tibbiy yordam ko‘rsatish uchun poliklinikaga (veterinariya poliklinikasiga) yoki boshqa tibbiyot muassasasiga olib borishga majbur.

 

Ammo yuqoridagi holatda bolakayga yordam ko‘rsatish u yoqda tursin, hattoki uning yaqinlariga tahdidlar bo‘layotganligi aytilmoqda. Ham qonunbuzarlik qilib, bir go‘dakning hayotiga xavf soladigan ish qilib, yana jabrdiyda norasidaga yordam ko‘rsatish o‘rniga ishni yopdi-yopdi qilish maqsadida tahdid qilish qaysi qonunlarimizga to‘g‘ri keladi?

Aytish kerakki, O‘zbekistonda yovvoyi hayvonlarni uyda saqlash taqiqlangan, ularni olib kelish yoki olib chiqish Ekologiya va atrof-muhitni himoya qilish davlat qo‘mitasining ruxsati bilan amalga oshirilishi mumkin.

 

Jonivorlar kontrabandasi uchun 5 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlanishi mumkin. Jonivorlarga qo‘pol munosabatda bo‘lish, ularni qiynaganligi uchun esa eng kam ish haqining ikki barobari miqdorida jarima belgilanadi.

 

O‘zbekiston Ekologik partiyasi har qanday yovvoyi hayvonlarni uyda saqlash va boqish atrofdagi insonlar, bolalar hayoti uchun xavf tug‘dirishishini ta’kidlab, bunday hatti- harakatlarni qattiq qoralaydi. Qolaversa, bunday holatlar yovvoyi hayvonlar hayotiga ham tahdid soladi.

 

Kamol Jumaniyozov

O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi raisi o'rinbosari

birds birds