calendar 24 Sentabr 07:22

Markaziy Osiyo davlatlari va AQSh iqlim inqiroziga qarshi birgalikda kurashadi

Markaziy Osiyo davlatlari va AQSh iqlim inqirozini yengish to‘g‘risida qo‘shma bayonot qabul qildi. Unda aytilishicha, iqlim o‘zgarishi mintaqada suv mavjudligiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, cho‘llanish va tuproq degradatsiyasini tezlashtirmoqda.

 

O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va AQSh iqlim inqirozini bartaraf etish bo‘yicha jamoaviy va yakka holdagi majburiyatlarini o‘z zimmalariga oldilar. «C5+1» davlatlari hukumatlarining 16 sentabrdagi vazirlar yig‘ilishi yakuni bo‘yicha qabul qilingan qo‘shma bayonotda (matn 22 sentabrda e’lon qilindi) bu haqda so‘z boradi. Onlayn uchrashuvda Markaziy Osiyo davlatlarining iqlim muammolari bo‘yicha davlat organlari rahbarlari va AQSh prezidentining iqlim masalalari bo‘yicha maxsus elchisi Jon Kerri ishtirok etdi.

 

«„S5+1“ davlatlari hukumatlari bugun dunyo to‘qnash kelayotgan iqlim inqirozining tahlikali xarakterini tasdiqladi. Iqlim o‘zgarishi allaqachon Markaziy Osiyo davlatlarida qor yog‘ishini kamaytirdi, oziq-ovqat xavfsizligi va energiya ishlab chiqarishda suvning mavjudligiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, cho‘llanish va tuproq degradatsiyasini tezlashtirmoqda va biologik xilma-xillikni kamaytirmoqda», — deyiladi hujjatda.

 

«S5+1»ning barcha davlatlari ularning milliy darajada belgilanadigan xissalarga (MDBH) issiqxona gazlarini qisqartirish bo‘yicha aniq maqsadlar va ushbu maqsadlarga erishish uchun aniq xatti-harakatlarni kiritishga va’da berdilar, deyiladi bayonotda.

 

Milliy darajada belgilanadigan hissalar (MDBH) — 2015 yilda imzolangan Parij kelishuvining muhim elementi hisoblanadi. Kelishuv doirasida tomonlarga o‘z davlatlarida chiqindilarni kamaytirish milliy rejalarini tayyorlashga va har besh yilda yangilab turish majburiyati yuklangan. Mamlakatlar 31 oktabr — 12 noyabr kunlari Glazgoda BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha 26-konferensiyasi oldidan MDBHni taqdim etishlari shart.

 

«S5+1» davlatlari «asrning o‘rtalariga kelib nolga teng, toza energiya kelajagiga o‘tishni olg‘a surish uchun dunyoning birgalikda harakat qilishi zarurligini» tan oldilar. Ishtirokchilar qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirish va metan chiqindilarini kamaytirish kabi sohalarda, shuningdek, iqlim o‘zgarishidan himoyalanmagan aholini qo‘llab-quvvatlash orqali bu maqsadlarga erishish uchun mintaqaviy hamkorlikning «salohiyati»ni qayd etishdi.

 

«Shu bilan birga, „S5+1“ davlatlari iqlim o‘zgarishiga qarshi tezkor chora-tadbirlar iqtisodiy o‘sish dvigateliga aylanishi mumkinligini tan oldilar hamda mintaqaviy energiya aloqalarini kengaytirish va energiya ko‘rsatkichlarini yaxshilashdan kelib chiqadigan imkoniyatlarni tan oldilar», — deyiladi matnda.

 

«S5+1» davlatlari, shuningdek, Orol dengizi qurib ketishining «keng ko‘lamli oqibatlari» yuzasidan xavotir bildirdilar va ekologik toza, yuqori texnologiyali innovatsiyalarni joriy etish orqali Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish, iqlim o‘zgarishi oqibatida cho‘llanish va potensial migratsiyaning oldini oluvchi energiya va suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish hamda ekoturizmni rivojlantirishga «qiziqishlarini tasdiqladilar».

 

Bayonotda ta’kidlanishicha, «C5+1» davlatlari Glazgoda bo‘lib o‘tadigan konferensiya oldidan energiya va atrof-muhit bo‘yicha ishchi guruhi yig‘ilishini o‘tkazish va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash choralarini muhokama qilishni rejalashtirmoqda.

 

«C5+1» davlatlari zimmasiga olgan majburiyatlar

 

O‘zbekiston Glazgo konferensiyasida 2030 yilga borib qayta tiklanadigan energiya manbalari ulushini 25% ga yetkazishga qaratilgan «kengaytirilgan va ulug‘vor» MDBHni taqdim etmoqchi. Mazkur vazifa 2019−2022 yillarda iqtisodiyot va ijtimoiy soha tarmoqlarida energiya samaradorligini oshirishning kompleks dasturiga kiritilgan.

 

Qozog‘iston 2060 yilgacha uglerod neytralligiga erishmoqchi va 2030 yilga kelib qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 15% ga yetkazmoqchi.

 

Qirg‘iziston issiqxona gazlari chiqindilarini «odatdagidek biznes» sharti bilan 16 foizga va xalqaro ko‘magida 44 foizga kamaytirish majburiyatlari bilan MDBH loyihasini ko‘rib chiqishning yakuniy bosqichida.

 

AQShning 2030 yilga borib butun iqtisodiyot miqyosida issiqxona gazlari sof chiqindilarini 2005 yilga nisbatan 50−52 foizga kamaytirishi kutilmoqda. Qo‘shma Shtatlar, shuningdek, 2035 yilga borib, o‘z elektr tizimini dekarbonizatsiya qilish niyatida.

 

birds birds