calendar 01 Fevral 13:31

TARAQQIYOT STRATEGIYASIDA EKOLOGIK  BARQARORLIK USTUVOR YO‘NALISH SIFATIDA

Rivojlanishning eng samarali yo‘llaridan biri – qisqa muddatlarda ustuvor yo‘nalishlarda islohotlarni amalga oshirish lozimligini  belgilab olish hisoblanadi. Bu esa strategiya, konsepsiya, dastur yoki boshqa hujjatlar asosida amalga oshiriladi.

 

 Mamlakatimizda o‘tgan 2017-2021 yillar mobaynida Harakatlar strategiyasi asosida besh yillik  ustuvor yo‘nalishlardagi  islohotlar belgilab olindi va ushbu yillar oralig‘ida keng ko‘lamli bunyodkorlik  ishlari amalga oshirildi. Olib borilgan islohotlar natijalarini mamlakatimizning har bir fuqarosi o‘z hayoti darajasi va sifatining yaxshi tomonga o‘zgarganligi bilan his eta oldi.

 

Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi  to‘g‘risida”gi PF-60-sonli  Farmoni imzolanib, mamlakatimizning keyingi besh yildagi rivojlanish yo‘li belgilab olindi.

 

 Takidlash joizki, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida har bir fuqaroning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlari eng oliy qadriyat sifatida belgilangan bo‘lib, “inson – jamiyat – davlat” tamoyili asosida milliy rivojlanishning yangi bosqichini boshlab bermoqda. 

 

Ushbu hujjat Prezidentimizning saylovoldi targ‘ibot tadbirlarida xalqimiz tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalar, amaliy taklif va tashabbuslar asosida shakllandi. Shuningdek, taraqqiyot strategiyasi loyihasi keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Muhokamalar jarayonida 17 mingdan ortiq takliflar bildirildi. Ular umumlashtirilgan holda strategiya 300 dan ortiq tashabbuslar bilan to‘ldirildi. Shuni ham ta’kidlash kerakki, strategiyada mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy kabi muhim sohalardagi 100 ta aniq maqsad asosida rivojlantirish belgilangan.

 

Bugungi kunda insoniyat o‘z tarixidagi nihoyatda murakkab davrni boshidan kechirmoqda, mislsiz xavf-xatar va tahdidlarga duch kelyapti. Yer yuzida koronavirus pandemiyasi va uning oqibatida kelib chiqqan global iqtisodiy inqiroz hanuz davom etmoqda. Ana shunday bir sharoitda Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi har bir xonadon va mahallada, butun yurtimizda tinchlik va barqarorlikni saqlashga, aholining hayot darajasini yaxshilashga, jahon hamjamiyati bilan do‘stlik va hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan davlat siyosatini olib borishda muhim ahamiyat kasb etadi. Yana bir muhim jihat shundaki, strategiyada ekologik masalalarga alohida ustuvor yo‘nalish sifatida e’tibor qaratilgan.

 

Albatta, bunga qadar ham yurtimizda ekologiya va atrof-muhitni asrash borasida qator ishlar amalga oshirilgan. O‘tgan besh yil davomida harakatlar strategiyasi doirasida atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, ekologik muammolarni insoniyat hayotiga tasirini hisobga olgan holda sohani rivojlantirishning mukammal tashkiliy-xuquqiy asoslari yaratildi. Xususan, bu borada 30 ga yaqin muhim qonunlar hamda 300 ga yaqin qonunosti hujjatlari hayotga tatbiq etildi.

 

O‘zbekiston xalqaro hamjamiyatning teng huquqli a’zosi sifatida sohadagi 10 dan ortiq xalqaro hujjatlarni ratifikasiya qildi. Birgina, iqlim o‘zgarishlari bo‘yicha Parij kelishuvi doirasida davlat rahbari tashabbusi bilan Orolbo‘yida dunyo hamjamiyati e’tirofiga sazovor bo‘layotgan tub o‘zarishlar amalga oshirilmoqda.

 

Prezidentimizning Birlashgan Millatlar Tashkiloti sessiyalarida bildirgan barcha tashabbuslari qatorida, ekologiya sohasidagi takliflari ham dunyo hamjamiyati tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Orolbo‘yi mintaqasida inson xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ko‘p tomonlama Trast fondining ta’sis etilishi hamda BMT tomonidan Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi, deb e’lon qilish to‘g‘risidagi maxsus rezolyusiyasining qabul qilinishi tom ma’noda o‘zbek diplomatiyasining yutug‘i bo‘ldi.

 

So‘nggi yillarda Orol dengizining qurigan tubidagi 1,6 mln gektar maydonda saksovul va cho‘lga chidamli boshqa o‘simliklarning ekilishi mamlakatning xalqaro hujjjatlar doirasida qabul qilgan majburiyatlarning amaliy natijasi, deb qabul qilish mumkin. Taraqqiyot strategiyasida ushbu ishlar jadal amalga oshirish nazarda tutilganligi kelgusida Orolbo‘yida inson xavfsizligi uchun ekologik maqbul hudud barpo etishga zamin yaratadi.

 

Yangi strategiyada keyingi vazifalar sifatida Orolbo‘yida Markaziy Osiyo davlatlari hamkorligida bu borada amaliy ishlarni yanada kuchaytirish maqsadga muvofiq ekanligi belgilab berildi.

 

Hech kimga sir emaski, nafaqat yurtimizda, balki butun jahonda ekologik muammolarning salbiy ta’siri ortib bormoqda. 7 ta ustuvor yo‘nalish, 100 ta maqsaddan iborat taraqqiyot strategiyasining 6-yo‘nalishi, ya’ni “Umumbashariy muammolarga milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda yechim topish” aholi salomatligi va genofondiga ziyon etkazadigan mavjud ekologik muammolarni bartaraf etish, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, shahar va tumanlarda ekologik ahvolni yaxshilash, “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish maqsadlari belgilab berilgan.

 

Mazkur maqsadlarning amaliyotga tatbiq etilishi mavjud ekologik muammolarni hal etish bilan bir qatorda mintaqamizdagi ekologik barqarorlikni ta’minlash uchun xizmat qiladi.

 

Taraqqiyot strategiyasida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida har yili kamida 200 million tup daraxt ekish, maishiy chiqindilarni qayta ishlash darajasini 2026 yilga qadar 50 foizga etkazish, tabiiy suv ob’ektlarining sanitariya-muhofaza zonalari va sohilbo‘yi mintaqalarini belgilash ishlarini yakunlash, Toshkent shahrida ko‘kalamzorlashtirish darajasini 2023 yilda 30 foizga etkazish, Orol dengizining qurigan tubida 2026 yil yakuniga qadar 2,5 million gektar yashil maydonlarni barpo etish, shahar va tuman markazlarida “jamoat parklari”ni tashkil etish ishlari 79-,80-,81-maqsadlarda aniq belgilab berilgan. Ushbu maqsadlarning amalga oshirilishi fuqarolarimizning qulay atrof-muhitga ega bo‘lish  imkonini oshiradi.

 

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi nafaqat mamlakatda, balki mintaqada ekologik barqarorlikni, ta’minlash imkonini yaratadi

 

 

Mohira XODJAEVA,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis

Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi a’zosi

 

 

birds birds