calendar 06 Aprel 06:53

Chegara bilmas muammo yechim topmoqda

So‘nggi qirq yil mobaynida Orol dengizi deyarli ikki baravar qurigan. Oqibatda dengiz atrofidagi hududlarning 60 foizi yaroqsiz holga kelgan va yiliga 75 million tonna tuz va qum Markaziy Osiyoning boshqa hududlariga tarqalmoqda. Qurigan dengiz tubidan ko‘tarilayotgan tuzli chang zarralari hatto olis Antarktidagacha yetib borgani haqida ma’lumotlar bor.

 

Bir paytlar mavjlanib, ufqlarga tutashib, bag‘rida millionlab jonivorlar, o‘simliklar, sohillarida suv qushlariyu, yovvoyi hayvonlar son-sanoqsiz bo‘lgan Orol dengizining fojiasi bizga, O‘rta Osiyo xalqlariga hali hamon silqib turgan yaradek azob berib keladi. Bu so‘zda hech bir mubolag‘a yo‘q. Chunki Orol dengizi haqidagi ma’lumotlarni ko‘zdan kechirar ekansiz, filmlarni ko‘rar ekansiz, yuragingizda, qalbingiz tub-tubida bir anglab bo‘lmas og‘riqni tuyasiz.

 

Orol dengizi hammani dog‘da qoldirib, tezlik bilan chekina boshladi. Unda suzib yurgan kemalar qumlarda botib qolayotganligi sababli oxir oqibat to‘xtashga majbur bo‘ldi. Bugun Orol hududida kattagina, xalq orasida «Kemalar qabristoni» nomi bilan mashhur bo‘lgan qumga botgan kemalar muzeyi ochildi. Buning qanday dahshat ekanligini Orolning mavjlanib, ufqlarga bosh urib turgan chog‘ini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan va uning sahroga aylanganiga ham guvoh bo‘lgan bir avlod qalbida cheksiz iztirob bilan eslaydi.

 

Yagona yechim – borini saqlash va ko‘paytirish

Agar statistikaga murojaat qilsak, Orol suvi keyingi 50 yil ichida 8 marta kamayib, uning qurigan hududida 5 million gektardan ziyod qum va tuz aralash ulkan sahro paydo bo‘lganligini bilib olamiz. Olimlarning hisob-kitobiga ko‘ra, dengizning qurigan hududidan har yili 75 million tonnadan ortiq chang va tuz havoga ko‘tarilmoqda. Buning oqibatida Orol bo‘yidagi ekin yerlarining meliorativ holati yomonlashdi. Aholi o‘rtasida kamqonlik, onkologik kasalliklar ko‘paymoqda.

 

Ammo bugungi kunda fojiadan battar fojia yasab, qo‘l qovushtirib o‘tirib bo‘lmaydi. Shuning uchun ham Orol dengizidan Orolqum sahrosiga aylangan minglab kilometr hududlarda bugun rostakamiga ulkan miqyosdagi yaratuvchanlik va bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda.

 

Oxirgi yillarda Orol qurishi bilan bog‘liq zararli oqibatlarni kamaytirish, Orolbo‘yi mintaqasida yashovchi odamlarning sihat-salomatligini saqlash, turmush sharoitlarini yaxshilash borasida katta ishlar amalga oshirildi. Dengizning qurigan joylariga saksovulzorlar, yashil o‘rmonlar yaratishga qaratilgan keng ko‘lamli tadbirlar ko‘rildi. Ayniqsa keyingi ikki yilda bu boradagi ishlar yangi bosqichga ko‘tarildi, shiddatli, keng qamrovli tus oldi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2017 yil sentabrda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida Orol fojiasi haqida kuyunchaklik bilan gapirib, dunyo hamjamiyati e’tiborini ushbu halokatli vaziyatga qaratdi. Dengizning qurishi bilan bog‘liq oqibatlarni bartaraf etish xalqaro miqyosdagi sa’y-harakatlarni faol birlashtirishni taqozo etmoqda, deya ta’kidladi O‘zbekiston rahbari BMT minbaridan turib.

 

Orolqum o‘rmonga aylansa...

Haqiqatan ham bugun mamlakatimiz aholisi Orol dengizining qurigan tubida “yashil qoplamalar” – himoya o‘rmonzorlarini barpo etish ishlarida astoydil mehnat qilmoqda. Jizzax deysizmi, Samarqand deysizmi, Surxondaryomi yoki vodiy viloyatlari – ushbu hududlardan kelgan yurtdoshlarimiz bu yerda kechani kecha, kunduzni kunduz demay mehnat qilishmoqda. Bu shunchaki balandparvoz gaplar emas. Orolqum bag‘rida qanday ulkan miqyosdagi ishlar olib borilayotganini u yerga borgan, qum bag‘rini kezib, o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan odamgina biladi, tasavvur qiladi.

 

Birgina misol. 2018 yilning kuz-qish va 2019 yilning bahorida Orol dengizining suv qurigan tubida jami 460 ming 872 gektar maydonda fitomelioratsiya ishlari olib borildi. Shundan so‘ng 326 ming 150 gektar maydonga samolyot yordamida, 119 ming 437 gektar maydonga turli texnikalar yordamida, jami 445 ming 587 gektar yerga urug‘ ekildi. Shuningdek, madaniy o‘rmonzorlar tashkil etish uchun 15 ming 285 gektar yerga daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi. Bu ishlarni amalga oshirish uchun 1532 tonna cho‘l o‘simliklari urug‘lari tayyorlandi. Ularning 1459 tonnasi saksovul, 73 tonnasi qorabaraq urug‘idir.

 

Orol dengizining qurigan tubida qisqa vaqt ichida misli ko‘rilmagan hajmdagi ish amalga oshirilmoqda. Saksovul va boshqa cho‘l o‘simliklaridan iborat o‘rmonzor may oyining boshida vegetatsiya davrida yashil rangga kirib, butun maydon zumrad gilam bilan qoplanadi go‘yo. Ayni paytda Orolning qurigan tubida dastlabki natijalar ko‘zga tashlana boshladi. Bu esa butun O‘rta Osiyo xalqlari salomatligi va hayoti uchun judayam ahamiyatlidir.

 

Bundan 5-6 yil oldin bu hududlarda ahvol juda achinarli edi, go‘yo hayot to‘xtab qolgandek tuyulardi ba’zida. Ammo Prezidentimiz yaqinda Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifini aynan Mo‘ynoqdan boshlar ekan,  “Madaniyat Mo‘ynoqdan boshlanadi” deya bejiz aytmagani bugun o‘zining yaqqol isbotini topmoqda. Mo‘ynoqqa qadam qo‘yar ekansiz, unda yashovchi vatandoshlarimizning ongi, dunyoqarashi, orzu o‘ylari o‘zgarganligiga, ularning ko‘zida umid uchqunlari porlayotganiga guvoh bo‘lasiz.

 

Hozir Orolbo‘yi qayta uyg‘onib, poyonsiz, ko‘z ilg‘amas sahroga yangidan hayot baxsh etish uchun misli ko‘rilmagan ishlar olib borilmoqda. Qolaversa, o‘tgan yillarda dengizning suv qurigan qismida 1 million 524 ming gektar hududda to‘qayzorlar barpo qilingan bo‘lib, buning uchun saksovul, qorabo‘roq, qandim, cherkez kabi cho‘l o‘simliklarining qariyb 6 ming tonna urug‘i tayyorlangan. Bu ishlarda 4 mingdan ziyod ishchi qatnashib, 1 ming 600 dona texnika, samolyotlar jalb etilgan.

 

Davlatimiz rahbari tomonidan Orolning qurigan tubida yashil maydon barpo qilish masalasining ko‘tarilishi, aytish kerakki, bu O‘zbekiston tajribasida ilk marotaba qo‘l urilayotgan ulkan loyiha, samarali ish hisoblanadi. Xabaringiz bor, Orol dengizi tubidan yiliga 150 million tonna tuzli chang-to‘zon havoga ko‘tarilib, bulutlar bilan aralashib, ming kilometrgacha uchib boradi va tuzli qor bo‘lib yog‘adi. Natijada butun dunyoda ekologik muammoni keltirib chiqarmoqda. Dengiz tubidagi qurigan yer maydoni 6 million gektarni tashkil etadi. Buning 3,2 million gektari O‘zbekiston hududiga to‘g‘ri keladi. Qolgan qismi Qozog‘iston hududida joylashgan. Endigi muammo shundan iboratki, Qozog‘iston hududidagi dengiz tubida ham yashil maydonni barpo etish lozim. Chunki qattiq esuvchi shamollar aynan o‘sha tomonlardan boshlanadi. Bu esa bizning hududga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qolmaydi.

 

Orol bizga nimani o‘rgatdi?

Orol fojiasi bizni ko‘p narsalarga o‘rgatdi. Suvni cheksiz, o‘ylamay sarf qilish, tabiat muvozanatini buzishning dahshatli oqibatini ko‘rsatib berolgan jonli misol Oroldir. Endi ham bu fojialardan saboq chiqarmasak, kelajakda suv, toza havo, atrof muhit musaffoligi, ekotizimning buzilishi, bioxilma-xillikning yo‘qolishi bilan bog‘liq boshqa muammolarga to‘qnash kelaveramiz.  Zero, ekologik tarbiyani kuchaytirish, yosh avlodning ona tabiatga bo‘lgan mehr-muhabbatini oshirish, atrof-muhitni toza, pokiza saqlash, suvni tejash jannatmonand diyorimizning yanada ko‘rkam, obod, qudratli bo‘lishini kafolatlaydi.

 

Aslida inson juda katta kuch. Chunki u istasa cho‘lni bo‘stonga aylantira oladi. Shu bois, har birimiz faqat yaxshilikni, yashillikni yaratuvchilardan bo‘lishga harakat qilaylik.

 

Kamol JUMANIYOZOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi a’zosi

 

birds birds