calendar 17 Mart 10:43

Siyosiy partiyalarning hisobotlari eshitildi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar siyosiy partiyalarning 2021 yildagi faoliyatini moliyalashtirish manbalari toʼgʼrisidagi hisobotlarini eshitishdi.

 

Taʼkidlanganidek, bugungi kunda siyosiy partiyalar fuqarolarning ustuvor huquqlarini amalga oshirish, xususan, davlat boshqaruvida faol va bevosita ishtirokini taʼminlashda muhim demokratik institut vazifasini bajarmoqda. Mamlakatimizda oʼz dasturi va ustavida belgilangan maqsad va vazifalarni bajarishi uchun siyosiy partiyalarga qonunchilikka muvofiq teng huquqiy imkoniyatlar yaratib berilgan.

 

Keyingi yillarda barcha siyosiy partiyalar oʼz ish faoliyatini qayta koʼrib chiqib, yanada takomillashdi. Xususan, siyosiy partiyalarning jamiyat hayotidagi roli sezilarli darajada oshdi, ularning joylarda aholini oʼylantirib kelayotgan muammolarni oʼrganish va hal etish borasidagi ishlari faollashdi, elektorat bilan ishlash tubdan oʼzgardi.

 

“Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish toʼgʼrisida”gi Qonunga binoan siyosiy partiya Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasidagi deputatlik oʼrinlari soniga qarab oʼz ustav faoliyatini moliyalashtirish uchun davlat tomonidan moliyalashtirish mablagʼlarini olish huquqiga ega.

 

Qayd etilganidek, mamlakatimiz hayotida siyosiy partiyalarning roli tobora kuchaytirilishi ular faoliyatida moliyaviy intizomni yanada mustahkamlashga eʼtibor qaratishni talab qiladi. Bu esa, siyosiy partiyalar tasarrufiga Davlat byudjetidan kelib tushadigan mablagʼlar xarajatlarini toʼgʼri rejalashtirish, maqsadli sarflashni taqozo etadi.

 

Shuningdek, siyosiy partiyalarning tashkiliy-kadrlar, moddiy-moliyaviy hamda boshqa resurslari ularning dasturiy maqsadlari va vazifalarini amalda roʼyobga chiqarishda muhim ahamiyat kasb etadi. Buning uchun ushbu mablagʼlarni sarflash va ularga doir hisobotlar shaffof hamda ochiq boʼlishi lozim.

 

Majlisda taʼkidlanganidek, bugungi kunda Oʼzbekistonning barcha siyosiy partiyalarida nazorat-taftish komissiyalari ishlab turibdi, ular faoliyatining tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlari, shu jumladan ularning funktsiyalari, vazifalari hamda huquq va majburiyatlari aniq belgilangan.

 

Deputatlar eshituv davomida bildirilgan fikrlarni inobatga olgan holda siyosiy partiyalarning 2021 yildagi faoliyatini moliyalashtirish manbalari toʼgʼrisidagi hisobotlarini maʼlumot uchun qabul qildilar.

birds birds