calendar 23 Aprel 19:22

O‘zbekiston Ekologik partiyasi va «MEGAWATT CIS» MChJ o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi 

Yurtimiz atmosferasi musaffoligini ta’minlash, xususan avtomobillardan chiqayotgan zaxarli gazlarni kamaytirish, muqobil ekologik toza transport vositalarini ko‘paytirishni qo‘llab-quvvatlash O‘zbekiston Ekologik partiyasining bugungi kundagi dolzarb vazifalaridan biri sanaladi.

Shu nuqtai nazardan, joriy yilning 23 - aprel kuni O‘zbekiston Ekologik partiyasi rahbariyati va so‘ngi yillarda aholiga elektromobil vositalarini yetkazib berish sohasida muvaffaqiyatli faoliyat olib borayotgan «MEGAWATT CIS» mas’uliyati cheklangan jamiyat vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda «MEGAWATT CIS» MChJ ning ta’sischisi Ulug‘bek Xojamberdiev korxona ish faoliyati bilan tanishtirdi. Uning ma’lumotiga ko‘ra, elektromobil startapiga ixtisoslashgan kichkina tashkilot hozirda barqaror daromadga ega bo‘lgan avtodillerlik biznes korxonasiga aylangan.

U.Xojamberdievning ta’kidlashicha, elektromobillar – bu kelajak transporti bo‘lib, tejamkor, ekologik toza va juda qulay vosita sanaladi. Shu sababli, aholi o‘rtasida ularga yuo‘lgan talab kundan-kunga ortib bormoqda.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi raisi o‘rinbosari Saidrsaul Sanginov 14 - fevral kuni mashinasozlik sohasini rivojlantirish bo‘yicha Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev raisligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda O‘zbekistonda 3 oy muddatda elektromobil tarmog‘ini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish yuzasidan topshiriq berganini, strategiyaga elektromobillar uchun butlovchi qismlar va materiallarni mahalliylashtirish dasturini kiritish, shuningdek, ularga qo‘yiladigan texnik talablar va zamonaviy standartlarni ishlab chiqish vazifasini qo‘yganini aytib o‘tdi.

S.Sanginov «MEGAWATT CIS» MChJning mahsulotlari yurtimiz qonunchiligi va talablariga to‘la javob berishini ta’kidlab, kelgusida ushbu sohani yanada rivojlantirish yo‘lida Ekopartiya korxona bilan hamkorlikda ishlashga tayyorligini bildirdi. Shuningdek, atrof-muhitni tozaligi uchun elektromobillarni ko‘paytirish, birgalikda targ‘ibot tadbirlarni o‘tkazish hamda aholi o‘rtasida ekologik madaniyatni kuchaytirish bo‘yicha istiqboldagi rejalar belgilab olindi.

Uchrashuv so‘ngida O‘zbekiston Ekologik partiyasi va «MEGAWATT CIS» MChJ o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi hamda ushbu korxona vakillari partiya a’zoligiga qabul qilindilar.

 

O‘zbekiston Ekologik partiyasi

Toshkent shahar partiya tashkilot

birds birds