calendar 03 Mart 04:40

Xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligi yanada oshadi

Bugun yurtimizda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga, ularning jamiyatdagi o‘rnini yanada yuksaltirish va mustahkamlashga huquqiy asoslar mavjud. Eng muhimi, xotin-qizlarning ezgu maqsadlarini hayotga tatbiq etishlari uchun barcha zarur sharoitlar yaratilmoqda.

 

Ta’kidlash joiz, rivojlanishning yangi bosqichini bosib o‘tayotgan mamlakatimizda so‘nggi yillarda ushbu sohada izchil va tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda.

 

Kuni kecha bahorning birinchi kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazigan videoselektorda xotin-qizlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, tadbirkorlik, oilaviy zo‘ravonlikning oldini olish, gender tenglikni qaror toptirishga qaratilgan yangi tizim belgilab berildi.

 

Davlatimiz rahbari ayollarni ijtimoiy himoya qilishni tubdan kuchaytirish va bu boradagi yondashuvlarni qayta ko‘rib chiqish vazifasini qo‘yar ekan, budjet tashkilotlari homiladorlik nafaqasini to‘liq to‘lab bersa-da, xususiy sektorda bu xarajat tufayli ayollarni rasmiy ishga olishdan qochish holatlari ham mavjud ekanligiga alohida to‘xtalib o‘tdi.

 

Shu bois, 2022 yil 1- sentabrdan xususiy sektorda rasmiy ishlayotgan ayollarga homiladorlik nafaqasini davlat tomonidan kafolatli to‘lab beradigan tizim yaratiladi. Bu o‘z navbatida, yurtimizda onalik va bolalikni ijtimoiy himoya qilishga hizmat qiladi.

 

Ijtimoiy himoyaga muhtoj 27 ming nafar ayolning uy-joy sharoitini yaxshilash, uy-joyga muhtoj 14 ming nafar ehtiyojmand xotin-qizlarga ijara to‘lovlari uchun 500 ming so‘mgacha kompensatsiya berilishi, joriy yilda ipoteka kreditlari bo‘yicha ajratiladigan subsidiyalarning kamida 40 foizi xotin-qizlarga yo‘naltirilishi, 2022 yilda respublika bo‘yicha sotib olingan 1 mingta ijtimoiy uylarning 700 tasi uy-joyga muhtoj yolg‘iz ayollarga ijaraga berilishi, tom ma’noda xotin-qizlarga ko‘rsatilayotgan g‘amho‘rlik namunasidir.

 

Davlatimiz rahbari 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Xotin-qizlar ta’limini qo‘llab-quvvatlash dasturi qabul qilinishi haqida alohida to‘xtalib o‘tdi. Dastur doirasida poytaxtda asosan xotin-qizlarni o‘qitish uchun davlat-xususiy sherikchilik asosida to‘qimachilik sohasida alohida universitet tashkil etiladi, joylarda uning texnikumlari ochiladi.

 

Muxtasar qilib aytganda, Prezidentimiz tomonidan xotin-qizlar uchun yaratib berilayotgan bu imkoniyatlar, imtiyozlar chin ma’noda bayramoldi tuhfa bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

 

Mohira XOJAYEVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi a’zosi

birds birds