calendar 30 May 12:09

Fraksiya a’zolari Davlat budjeti ijrosini qanday baholadi?

Joriy yilning 30 may kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.



Unda fraksiya a’zolari O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining 2021 yildagi hamda 2022 yil birinchi choragidagi ijrosini atroflicha ko‘rib chiqishdi.



Hisobot davrida Davlat budjetidan atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, ekologik muammolarni bartaraf etish, aholi punktlarini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash va oqova suv tizimini yaxshilash uchun salmoqli ishlar qilingan.



Deputatlar tomonidan 2021 yilda ekologiya va atrof-muhit muhofazasi tadbirlari uchun davlat budjetidan 5 524,1 mlrd. so‘m, 2022 yil I chorakda sohaga 663,6 mlrd. so‘m yo‘naltirilganligi ijobiy baholandi.



Hisobotda keltirilishicha, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilgan ishlar natijasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri hududlarida 2021 yil kuz mavsumida 85,9 mln. tup, bahor mavsumida esa 127 mln. tup mevali hamda manzarali daraxt va butalarning ko‘chat va qalamchalari ekilgan.



Yig‘ilishda Davlat budjeti mablag‘lari mas’ul vazirlik va idoralar tomonidan har doim ham samarali va o‘z vaqtida bajarilmasligi fraksiya a’zolari tomonidan e’tirozlarga sabab bo‘ldi. Shundan kelib chiqib, budjet intizomiga rioya qilish, Davlat budjeti mablag‘larini maqsadli sarflash ustidan nazoratni muntazam olib borish lozimligi ta’kidlandi.



O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining 2021 yildagi hamda 2022 yil birinchi choragidagi ijrosi yuzasidan berilgan ma’lumotlarni tahliliy ko‘rib chiqib, uni ma’qulladilar.



Tadbirda shuningdek, bir qator qonun loyihalari fraksiya a’zolari tomonidan birinchi va ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqilib, qo‘llab-quvvatlandi.



Yig‘ilish yakunida fraksiyaning tegishli qarori qabul qilindi.

birds birds