calendar 19 Noyabr 04:49

Kelgusi yil suv tejovchi texnologiyalar uchun 1,2 trillion so‘m subsidiya ajratiladi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida “2022 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.

 

Yig‘ilishda Moliya vaziri o‘rinbosari Gulnora Rahmonova 2022 yilgi Budjetnoma loyihasida rejalashtirilayotgan maqsad-vazifalar haqida axborot berdi.

 

Ta’kidlanganidek, qonun loyihasida kelgusi yil uchun Davlat budjeti daromadlari 200 trillion so‘m yoki YaIMga nisbatan 23,8 foiz miqdorida prognoz qilinmoqda. Shundan kelib chiqib, 2022 yil uchun Davlat budjeti xarajatlari 214,8 trillion so‘m miqdorida belgilanmoqda.

 

Fraksiya a’zolari partiya saylovoldi dasturida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, ekologiya masalalariga ajratilayotgan mablag‘larni muhokama qildi.

Davlat budjetidan 2022 yilda agrar hamda atrof-muhit muhofazasi bilan bog‘liq yo‘nalishlarga ajratiladigan mablag‘lar quyidagilardan, xususan, qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan qishloq xo‘jaligi maksulotlari yetishtirishni yangi joriy etilgan tartibga asosan moliyalashtirish uchun jamg‘armaga 5 trillion so‘m beg‘araz moliyaviy yordam ajratish belgilanmoqda. Shuningdek, paxta-to‘qimachilik klasterlarining yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, zamonaviy texnika va texnologiyalarni qo‘llash darajasini oshirish uchun bir martalik grant mablag‘larini moliyalashtirishga 1 trillion so‘m mablag‘ ajratish rejalashtirilmoqda.

 

Prezidentimizning qarorlariga muvofiq 2022 yilda 260 ming gektar qishloq xo‘jaligi ekinlari maydonlarida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish belgilangan bo‘lib, mazkur tadbirlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash uchun subsidiyalar berishga davlat budjetidan 1,2 trillion so‘m mablag‘ ajratish ko‘zda tutilyapti.

 

Shu bilan birga, Davlat ekologiya qo‘mitasi tizimidagi tashkilotlar, shu jumladan, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni saqlash xarajatlariga 111 milliard so‘m, qo‘mita tizimidagi analitik laboratoriyalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga 18 milliard so‘m, qo‘mita tomonidan yuritiladigan davlat kadastrlarini shakllantirish va yuritish xarajatlariga 5 milliard so‘m ajratish belgilanmoqda.

 

Yig‘ilishda “2022 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonuni loyihasi fraksiya a’zolari tomonidan ma’qullandi.

 

Muhtarama Komilova, O‘zA

 

birds birds