calendar 26 May 15:17

Tamaki – atrof-muhitimizga tahdid

Bugun O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi majlislar zalida 31 may — “Butunjahon tamakisiz kuni” munosabati bilan “Tamaki – atrof-muhitimizga tahdid” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.


Unda O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazi, Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish agentligi vakillari hamda talabalar ishtirok etdi.


Davra suhbatida tamaki iste’mol qilinishini qisqartirish nafaqat salomatlik bilan bog‘liq maqsadlar uchun, balki Barqaror rivojlanish sohasidagi barcha maqsadlar uchun muhim ekanligi, tamaki va nikotinli mahsulotlarni iste’mol qilish bilan bog‘liq ekologik va iqtisodiy zararlar, ularni salbiy oqibatlari, shuningdek, yoshlar o‘rtasida chekishga qarshi imunitetni shakllantirish, ularni bu illatdan himoya qilishda zamonaviy usullardan foydalanish haqida so‘z yuritildi.


Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra har yili tamakining zararidan 8 milliondan ortiq odam bu dunyoni tark etarkan. Ha, ko‘zlaringiz adashmadi 8 million. 

 

Ushbu o‘lim holatlarining 7 milliondan ziyodi bevosita tamaki chikuvchilar bo‘lib, 1,2 millionga yaqini esa ikkilamchi tamaki tutuni ta’sirida bo‘lgan chekmaydigan odamlardir.


Tamaki sanoatining hissasi issiqxona gazlarining har yili atrof-muhitga chiqarayotgan is gazi ekvivalentida 84 megatonnani tashkil qiladi, bu esa resurslarning behuda sarflanib, ekotizimlarga zarar yetkazgan holda iqlim o‘zgarishiga va barqarorligining pasayishiga olib keladi.


Har yili tamaki yetishtirish uchun 3,5 million gektar yerlar yo‘q qilib yuboriladi. Tamaki yetishtirish, ayniqsa rivojlanayotgan mamlakatlarda, o‘rmonlarning qisqarishiga olib keladi. Tamaki plantatsiyalari uchun o‘rmon daraxtlarining kesib yuborilishi tuproq degradatsiyasiga va hosildorligining yo‘qolishiga yoki tuproqda birorta boshqa ekin yoki o‘simliklarni ekib bo‘lmasligiga sabab bo‘ladi.


Tamaki ishlab chiqarish umumiy hajmining 90 foizga yaqini rivojlanayotgan mamlakatlarga to‘g‘ri kelishi hisobga olinsa, tamaki turli ijtimoiy-iqtisodiy guruhlarga nihoyatda notekis ta’sir ko‘rsatadi. Ko‘pchilik fermerlar va davlat amaldorlari tamakiga iqtisodiy o‘sishni ta’minlaydigan tovar ekini sifatida qaraydi. 

 

Biroq bu ekinlardan keladigan qisqa muddatli pul tushumlari uzoq muddatli oqibatlar tufayli yo‘qqa chiqadi, bular – oziq-ovqat xavfsizligi muammosining keskinlashuvi, fermerlarning tez-tez va chuqur qarzga botishi, tamaki sanoati xodimlarining kasalmandligi va nochorligi, shuningdek atrof-muhitga jiddiy zarar yetkazilishidan iborat.


Davra suhbatida shuningdek, tamakining atrof-muhitga ta’siri, ayniqsa, havoning zaharlanishi oqibatida boshqa shaxslarning sog‘lig‘iga zarar yetkazishi haqida ham so‘z yuritildi. 

 

Ma’lumotlarga ko‘ra chekuvchilarni yonidagi odam faol chekuvchilar kabi zararlanadilar. Ota-onasi chekuvchi bolalar zararlanishi faol chekuvchilarning zararlanishiga nisbatan yuqoridir. Shuning uchun keling kelajagimizni tamakisiz quraylik, zero bugungi avlod har tomonlama sog‘lom bo‘lib ulg‘ayishga haqlidir.

 



O‘zbekiston Ekologik partiyasi
Markaziy Kengashi matbuot xizmati

birds birds