calendar 01 Noyabr 07:04

Ekopartiya tomonidan Bo‘stonliqda o‘quv - seminar mashg‘ulotlari o‘tkazildi

Partiya a’zolari, xayrixohlari, elektoratining g‘oya, mafkura va nuqtai keng jamoatchilik hamda davlat hokimiyati organlari e’tiboriga havola etish hamda ilgari surilayotgan g‘oyalar targ‘ibot-tashviqotini kuchaytirish muhim ahamiyat kasb etadi.

 

Albatta bu kabi vazifalarni amalga oshirishda bilim va malaka ham alohida ahamiyatga ega. Shu maqsadda O‘zbekiston Ekologik partiyasi tomonidan Bo‘stonliq tumanining so‘lim Bildirsoy maskanida 2 kunlik o‘quv-seminar mashg‘ulotlari tashkil etildi.

 

Seminarning ilk kunida tinglovchilar siyosiy partiyalarning saylovlardagi ishtiroki, xalqaro tajriba va milliy amaliyot hamda istiqboldagi rejalar, vazifalar, partiya faoliyati samaradorligini yanada oshirish, xalqning, aholining ekologik muammolarga bo‘lgan e’tiborini yuksaltirish, xalq bilan muloqotda turli yangicha yondashuv uslublaridan foydalanish kabi masalalarni muhokama qildi.

 

Interfaol tarzda o‘tkazilgan seminarlarda shuningdek, murojaat qilayotgan aholi vakillariga faqatgina muammoni emas, taklif va tavsiyalarini bildirishga ham imkoniyatlar yaratib berish, muammolarga yechimni murojaatchining o‘zi bilan joyida tezkor hal qilish yo‘llarini ishlab chiqish kerakligi ta’kidlandi.

Bundan tashqari umuman har bir fuqaro, tabiatsevar inson qalbida, ongu shuurida tabiatga ulkan e’tibor, chuqur muhabbatni uyg‘otish va "Men tabiatga nima berdim?" yoki "Men tabiatni qanday himoya qilolaman?" degan tushunchalarni xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz ongiga singdirishda targ‘ibotning barcha samarali usullaridan foydalanish borasida aniq takliflar berildi. Onlayn platforma orqali daraxt ekish aksiyalarini amaliyotga tatbiq etish va buning natijasida erishiladigan yutuqlarning juda muhim ekani ham e’tirof etib o‘tildi. Partiya dasturida belgilangan vazifalarni to‘laqonli amalga oshirishda fikrlar va takliflar xilma-xilligini ta’minlash kerakligi ta’kidlandi. 

 

Darhaqiqat, aynan Ekopartiya faoliyatida fikrlar, ayniqsa, innovatsion g‘oyalarlarga yo‘g‘rilgan takliflar judayam ahamiyatlidir. Ayniqsa faqat qog‘ozda hisobot uchun emas, xalq orasida, xalqning ichiga kirib jonli muloqotlar orqali ko‘zlangan yuksak maqsadlarga erishish mumkinligi e’tirof etib o‘tildi.

 

Qolaversa, seminarda deputatlar fraksiyasi faolligini oshirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

 

 Seminarning ikkinchi kunida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari ham faol ishtirok etib, o‘z fikr-mulohazalardan kelib chiqib, taklif va tavsiyalarini berdi.

Guruhlarga bo‘lingan seminar ishtirokchilari ekologik ta’lim masalalari, yashil iqtisodiyot, ekologik xavfsizlik, biologik xilma-xillik, PR va OAV bilan ishlash borasida amalga oshirish kerak bo‘lgan vazifalari hamda kelajak uchun rejalashtirilgan maqsadlarini belgilab oldi. 

Jumladan, ta’lim sohasiga ekologiya fanini kiritish taklifi berildi. Bu bilan shaxs shakllanib bo‘lgandan keyin emas, boshlang‘ich ta’lim bosqichidayoq ekologik madaniyatni uning ongiga singdirishga erishiladi.

 

Qolaversa, yashil iqtisodiyot, muqobil energiya rivojiga to‘siq bo‘layotgan omillar, bu masalada qonunchiligimizdagi kamchiliklar va ularga kiritilishi kerak bo‘lgan o‘zgartirishlar haqida ham bahs-munozaralar qizg‘in bo‘ldi. Ayniqsa, yashil iqtisodiyot rivojida soha bo‘yicha mutaxassis-kadrlar tayyorlash masalasiga katta e’tibor qaratilishi kerakligi ta’kidlandi.

Shuningdek seminarning ikkinchi kunida ham Ekopartiya deputatlar fraksiyasi a’zolari faollik ko‘rsatdilar hamda istiqboldagi vazifalar va rejalarini belgilab olishdi.

 

O‘quv-seminarida Ekologik partiyaning 2022-2023 yillar uchun ustuvor vazifalarini aniqlab olish, yangi ekologik tashabbuslarni amalga oshirish, bu jarayonlarda hududiy kengashlar faol ishtirokini ta’minlash va vazifalarini belgilab berish, jamoatchilik bilan ishlashni kuchaytirib, muntazam yoritib borish kabi masalalar muhokama qilindi va istiqboldagi amalga oshirilajak ishlar rejasi qat’iy belgilab olindi.

 

Seminar yakunida O‘zbekiston Prezidenti saylovi targ‘ibotlarida jonbozlik ko‘rsatgan bir guruh partiya faollariga tashakkurnomalar va esdalik sovg‘alari topshirildi.

 

                                                                              O‘zbekiston Ekologik partiyasi

Axborot xizmati

 

birds birds