calendar 22 Yanvar 12:40

2,9 mln nafar aholining ichimlik suv ta’minoti yaxshilandi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 2021 yilda bajarilishi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining hisoboti eshitildi.


Yig‘ilishda Dasturda belgilangan tadbirlarni ijrosi bilan birga atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ekologik muammolarni hal etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.


Hisobotda ta’kidlanganidek, Orol dengizi halokati oqibatida yuzaga kelgan ekologik fojialar ta’sirini yumshatishga qaratilgan amaliy harakatlarni qatiy davom ettirish orqali Orol dengizining kurigan tubida 2 mln gektarda yashil koplamalar barpo etilgan.


Shuningdek, o‘rmon xo‘jaliklari tomonidan 2021 yil davomida 734 tonna urug‘, 15 mln dona ko‘chat va nihollar tayyorlangan. Qishloq xo‘jaligi ekin maydonlari chetlarida shamol va suv eroziyalaridan himoyalash maqsadida hisobot davrida 250 gektarda ixota daraxtzorlari tashkil qilingan.


Taxtako‘pir tumanining 5 ta fuqarolar yig‘inida 3,3 ming aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash yo‘lga qo‘yilgan. Mo‘ynoq, Qo‘ng‘irot va Bo‘zatov tumanlaridagi 20 ta tibbiyot muassasasi, 15 ta maktabda suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimini rekonstruksiya kilish ishlari davom ettirilmoqda.


Taqdim etilgan hisobotga ko‘ra, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida 5 ming 892 km ichimlik suv tarmoqlari, 559 ta inshoot qurilib, rekonstruksiya qilingan. Natijada 1,5 mln nafar aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suv bilan ta’minlanib, 2,9 mln nafar aholining ichimlik suv ta’minoti yaxshilandi. Markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi yil boshidagi 65,1 foizdan 69,7 foizga yetkazildi.


Yig‘ilishda Dasturda belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida ijrosi ta’minlangani deputatlar tomonidan yuqori baholandi va hukumatning Davlat dasturining 2021 yilda bajarilishi yuzasidan hisoboti ma’qullandi.

www.parliament.gov.uz

birds birds