calendar 27 Oktabr 14:14

Xazonni yoqmang, undan foydalaning

Har bir faslning o‘z tarovati bor. Ayniqsa kuz o‘zining oltinrang manzaralari, ranglar o‘yini, jilvakorligi bilan bizni o‘ziga maftun qiladi. Oltinrang yaproqlarga qarab o‘yga tolmagan, o‘tgan umrini sarhisob qilib, hayol surmagan kishi bo‘lmasa kerak. Ammo tanganing ikki tomoni bo‘lganidek, kuzgi diltortar manzaralar ortidan ko‘ngilni xira qiluvchi ba’zi noxush holatlar ham kelib chiqadi. Ha, o‘ylaganingizdek, kuzgi mavsumda aholimiz tomonidan xazonlarni yoqib, ulardan shu usulda qutulishga urinish holatlari ko‘p uchraydi.

 

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, bir tonna xazon yoqilganda, havoga 30 kilogrammgacha uglerod oksidi tarqalishi aniqlangan. Mutaxassislar hisob-kitobiga ko‘ra 1 tonna qurigan barg yoki xazon yoqilganda havoga 9 kilogrammgacha tutun mikrochastitsalari ajraladi. Bu mikrochastitsalar tarkibidagi chang oksidi, is gazi, og‘ir moddalar inson organizmiga tushgach immun tizimini zararlaydi, gormon va vitaminlar faoliyatini izdan chiqaradi.

 

Xazon tutuni atmosfera tarkibidagi kislorod miqdorini kamaytiradi. Bu esa insonlar salomatligi va atrof muhitga  salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Birinchi navbatda insonning o‘pka tizimi zararlanadi. Zaharli moddalar qon orqali butun tanaga tarqab, buyrak, jigar, bosh miya va nerv tizimini katta zarar yetkazadi. Ayniqsa, chala yongan xazon o‘zidan zaharli gaz tarqatadi. Undan ajralayotgan tutun atmosferada to‘planib, havoga karbonat angidrid gazini chiqaradi. Shuningdek, benzopiren, uglevodorod, sulfit angidridi kabi zararli moddalar, toksinli dioksinlarning ham atrofga tarqalishi oddiygina xazon yoqilishi ortidan yuzaga keladigan zarar qanchalik katta ekanligini anglatadi.

 

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, zararli moddalarga to‘yingan havodan nafas olish kishining nafas yo‘llari, ko‘zi hamda markaziy asab tizimini shikastlantiradi. Shu bilan birga, bunday havo o‘pka saratoni, bronxial astma kabi xavfli kasalliklar kelib chiqishiga sabab bo‘ladi. Xazonni yoqishda hosil bo‘lgan zararli tutun, ayniqsa, bolalar, shuningdek, yurak-qon tomir, nafas olish yo‘llari xastaliklariga chalingan hamda allergiyasi bor insonlar sohligida muammolar keltirib chiqaradi.

 

Atmosfera havosini muhofaza qilish talablariga qat’iy rioya qilish atrof-muhit musaffoligini ta’minlash va inson salomatligini himoyalashda alohida ahamiyat kasb etadi. Shunday ekan yurtdoshlarimiz, faollar sog‘lom ekologik vaziyatni saqlash ishlaridan chetda qolmasligi lozim. Buning menga aloqasi yo‘q, menga taalluqli emas degan fikrdan voz kechib, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish atrof muhitni tozaligini saqlashda katta ahamiyatga ega.

 

Xazon va shox-shabbalarni yoqish ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘lishini ham  bilib qo‘ysak foydadan holi bo‘lmaydi. Dala va aholi punktlarida ang‘iz, xazon va shox-shabbalarni yoki o‘simliklarning boshqa qoldiqlari, shu jumladan, g‘alladan bo‘shagan somon poyalarini yoqib yuborish O‘zbekiston Respublikasi “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 20-moddasi, “Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonuning 4, 24-moddalarining buzilishiga olib keladi.

 

Ushbu huquqbuzarlikni sodir etganlik uchun O‘zbekiston Respublikasi “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksi”ning 88-moddasi 3-qismiga asosan:

 

- fuqarolarga eng kam ish haqining uch baravaridan besh baravarigacha;

 

- mansabdor shaxslarga esa – besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solinishiga sabab bo‘ladi.

 

Undan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Adliya Vazirligi tomonidan 2006 yil 25 dekabrda 1647-son bilan davlat ro‘yxatiga olingan nizomga muvofiq somon yoqilishi sababli ushbu yerdagi tuproq unumdorligining kamayishi oqibatida yetkazilgan zarar summasi majburiy tartibda undiriladi.

 

Xazonlarni yoqmasdan ko‘mib qo‘yilsa, kelgusi yil bahor uchun foydali o‘g‘itga aylanadi. Yig‘ilgan barglarni qoplarga solib qish davomida kutilsa, ular chirib kompos bo‘ladi. Shunday qilib xazonlardan qutulish uchun yoqish shart emas, aksincha ulardan tabiiy o‘g‘it sifatida foydalanish mumkin. 

birds birds