calendar 13 Oktabr 14:00

Ishonchli vakil G‘uzorda uchrashuv o‘tkazdi

G‘uzor tumanidagi G‘uzor energetika sanoat texnikumida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga O‘zbekiston Ekologik partiyasidan ko‘rsatilgan nomzod Narzullo Oblomurodovning Qashqadaryo viloyati bo‘yicha ishonchli vakili Nosir Halimovning saylovchilar bilan uchrashuvi o‘tkazildi.Uchrashuv davomida saylovchilar nomzodning tarjimai holi va saylovoldi dasturi bilan tanishishdi. 

 

Saylovoldi dastur bilan tanishgan aholi vakillari nomzodning ilgari surayotgan muhim tashabbuslari bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi. Jumladan, G‘uzor tumanidagi mavjud ekologik muammolar xususida so‘z bordi. Tuman aholisi toza ichimlik suvi, chiqindi muammosi va daryo uzanlaridan qum-shag‘allarning noqonuniy tashib ketilishi masalalarida ko‘p murojaat qilishadi. Bu borada nomzodning saylovoldi dasturidan o‘rin olgan istiqbolli vazifalar saylovchilar tomonidan e’tirof etildi.   

 

Darhaqiqat, bugun dunyo aholisi chiqindilarni saralangan holda to‘plash amaliyotiga e’tibor qaratmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, deyarli barcha mamlakatda qattiq maishiy chiqindilar salmog‘i aholi jon boshiga har yili bir foizga ortib bormoqda.

 

Chiqindilar bir tomondan obodlikka putur yetkazsa, ikkinchi tomondan ekologik muammolarni keltirib chiqaradi. Eng yomoni – inson salomatligi va ma’naviy hayotiga jiddiy xavf tug‘diradi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga O‘zbekiston Ekologik partiyasidan ko‘rsatilgan nomzodning saylovoldi dasturida ushbu masalaga alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan, global rivojlanish sharoitida vujudga kelgan chiqindi muammolarini samarali hal etish maqsadida maishiy va sanoat chiqindilarini qayta ishlash hajmini oshirish bo‘yicha aniq maqsadlar ilgari surilgan. Jumladan, xususiy sherikchilik asosida chiqindilarni qayta ishlash orqali daromadli sohaga aylantirish bo‘yicha yechimlar taklif etilgan. Shuningdek, dasturda atrof-muhitni ishlab chiqarish va iste’mol chiqindilaridan muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish hamda ekologik toza texnologiyalarni amaliyotga tatbiq etish rejalari ochiqlangan. 

 

Savol-javob tarzida o‘tgan uchrashuvda yoshlar, partiya faollari, tuman kengashi a’zolari, deputatlar, ekologlar hamda OAV vakillari ishtirok etishdi.

 

O‘zbekiston Ekologik partiyasi

Matbuot xizmati

birds birds