calendar 07 Oktabr 10:58

Prezidentlikka nomzod Narzullo Oblomurodov Chustdagi sement zavodini borib ko‘rdi

Ekologik partiyadan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzod Narzullo Oblomurodov Namangan viloyatidagi saylovoldi tashviqoti davomida Chust tumanida joylashgan "Namangan sement" mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Qayd etish kerakki, yurtimizda bunyodkorlik ko‘lami yildan yilga kengayib bormoqda. Yangi uy-joylar, yirik zavodlar, zamonaviy infratuzilma ob’ektlari qurilmoqda. Bunday istiqbolli yirik loyihalarni amalga oshirishda qurilish materiallariga bo‘lgan talab ham tobora ortib bormoqda.

Shu jumladan, sementga bo‘lgan ehtiyojni to‘laqonli qondirish, ishlab chiqarish hajmini yanada ko‘paytirish, yangi quvvatlarni ishga tushirish ustuvor ahamiyat kasb etadi.

Xalqaro qabul qilingan amaliyotga muvofiq, ifloslantiruvchi moddalarning o‘rtacha konsentratsiyasi normativlari asosida havo sifatini baholashning mavjud tizimini isloh qilish maqsadga muvofiq.

Shaharlar va yirik sanoat majmualari atrofida atmosfera havosini doimiy ravishda monitoring qilish stansiyalarini ko‘paytirish, ularni zamonaviy jihozlar bilan ta’minlash "PM 10" va "PM 2,5" ko‘rsatkichlarini kuzatib borish zarur.

Chust tumanidagi "Namangan sement" MChJ faoliyat boshlaganiga ko‘p bo‘lgani yo‘q. Eng so‘nggi texnologiyalar bilan jihozlangan mazkur zavodda energiya resurslaridan unumli foydalanish maqsadida yangi filtr tizimlari o‘rnatilgani tufayli atrof-muhitga kam ta’sir ko‘rsatadi.

Nomzod Narzullo Oblomurodov korxona faoliyati bilan yaqindan tanishib, zavodda amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan loyihalarning reja dasturini ko‘zdan kechirib, bu borada o‘z taklif-mulohazalarini bildirdi.

 

 

Manba : UzA

birds birds