calendar 11 Oktabr 13:56

Jalaquduqlik saylovchilar huzurida

O‘zbekiston Ekologik partiyasidan Prezidentlikka nomzod Narzullo Oblomurodovning Andijon  viloyatidagi ishonchli vakili H.Maksumov ishtirokida Jalaquduq tumanidagi 13-Bolalar musiqa va san’at maktabida saylovchilar bilan uchrashuv o‘tkazildi.

 

Unda ishonchli vakil nomzodning saylovoldi dasturi bilan yig‘ilganlarni tanishtirdi. Dasturga kiritilgan muhim bandlarni aytib o‘tdi.

 

H.Maksumovning qayd etishicha, global iqlim o‘zgarishlari, havo haroratining ko‘tarilishi, Orol dengizining qurishi, cho‘llanish, salbiy meteorologik jarayonlarning takrorlanishi, yer hamda suv resurslaridan nooqilona foydalanish, biologik xilma-xillikning qisqarishi, o‘simlik va hayvonot dunyosi genofondining yomonlashuvi, ko‘p miqdordagi sanoat va maishiy chiqindilarning to‘planishi global va mintaqaviy ekologik muammolarni kundan-kunga chuqurlashib borayotganidan dalolat bermoqda.

Ushbu ekologik muammolar global iqlim o‘zgarishi sharoitida yanada yaqqol namoyon bo‘lib, O‘zbekiston uchun atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologik xavfsizlikni ta’minlashda ustuvor vazifalar hisoblanadi.

 

Ishonchli vakil saylovoldi dastur bilan tanishtirar ekan, davlat va jamiyat boshqaruvi, sud-huquq tizimida islohotlar samaradorligini oshirish bo‘yicha jiddiy o‘zgarishlar bo‘lishini ta’kidladi.

 

Jumladan, Ekologik partiya tabiatni asrab-avaylash, mamlakatdagi daraxtlar va suv havzalarini, tabiiy yodgorliklarni salbiy antropogen ta’sirdan himoya qilish uchun katta sa’y-harakatlarni amalga oshiradi. Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni himoya qilish va ekologik huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan qonunchilik tashabbuslarini ilgari suradi.

Jismoniy va yuridik shaxslarning yer, suv va atmosfera havosiga salbiy ta’siri uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish, yetkazilgan zararni qoplashda “ifloslantiruvchi to‘laydi” tamoyili tarafdori hisoblanadi.

 

H.Maksumov bu yo‘lda saylovchilarni Narzullo Oblomurodovni qo‘llab-quvvatlashga, ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish, tabiatni asrab-avaylash, yashil taraqqiyotga erishish yo‘lida ovoz berishga chorladi.

 

O‘zbekiston Ekologik partiyasi

Matbuot xizmati

 

 

birds birds