calendar 11 Oktabr 13:04

Narzullo Oblomurodov Mo‘ynoq Ekologiya muzeyida

O‘zbekiston Ekologik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narzullo Oblomurodov Qoraqalpoq tarixi va madaniyati muzeyining filiali Mo‘ynoq Ekologiya muzeyiga bordi. Bu yerda nomzod muzeyning tarixi va buguni haqida xodimlar bilan suhbatlashdi.

 

Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, Mo‘ynoq Ekologiya muzeyi 1984 yilda Mo‘ynoqdan 20 kilometr uzoqlikdagi ovulda asos solingan. 1989 yilda tuman markaziga  ko‘chirilgan.

 

Muzeydan qoraqalpoq xalqining tarixi va milliy qadriyatlarini ifodalovchi eksponatlar o‘rin olgan. Muzey ekspozitsiyasi etnografiya, tabiat, arxeologiya hamda yangi tarix bo‘limlaridan iborat.

 

Tabiat bo‘limida Orol dengizining hayvonot va nabotot olamiga eksponatlar mavjud. Bundan tashqari mo‘ynoqliklarning ov qurollari, qayiqlarni uchratasiz.

Shuningdek, Orol dengizining holatini aks ettiruvchi NASA tomonidan tasvirga olingan fotosuratlar o‘rin olgan.

 

Shu bilan birga muzeyda bir paytlar Mo‘ynoqda faoliyat yuritgan konserva zavodlarining fotoalbomlari eksportga jo‘natilgan konserva qutilarining maketlarini ham ko‘rish mumkin.

 

Narzullo Oblomurodov muzeyni bugungi Mo‘ynoq tabiatiga oid eksponatlar bilan boyitish haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

 

N.Oblomurodov muzeyning arxeologiya bo‘limida XIX-XX asrga tegishli loydan ishlangan ko‘zalarni ko‘zdan kechirdi. Muzey xodimlarining aytishicha, bu buyumlardan  qadimda ota-bobolarimiz sut-qatiqlarni muzdek saqlashda foydalangan. Muzeyda shuningdek, Mo‘ynoqda o‘tkazilgan simpoziumda ishtirok etgan rassomlarning ijod namunalari o‘rin olgan.

Muzeyning etnografiya bo‘limida qoraqalpoq xalqining tarixi, etnografiyasiga oid ma’lumotlar va eksponatlar, xotin- qizlarning milliy liboslari va taqinchoqlarini uchratish mumkin. Shuningdek, muzey mehmonlari  qoraqalpoq o‘tovini ham ko‘zdan kechirdi. O‘tov ichida Mo‘ynoqda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar, aholining turmush darajasini oshirish ekologik muammolar yuzasidan fikr-mulohazalar o‘rtaga tashlandi.

 

Muzeylar kechamiz, bugunimiz va ertamiz. Muzeylarni asrashimiz, ularni yanada boyitishimiz, yoshlarning bu maskanlarga kelishlarini ta’minlashimiz lozim. Ayniqsa, tarixdan so‘zlaydigan bu kabi madaniyat o‘choqlari  milliy g‘urur, iftixor tuyg‘ularini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi, — dedi N.Oblomurodov.

 

Mo‘ynoq Ekologiya muzeyi yurtimizdagi eng noyob muzeylar sirasiga kirishini, bu kabi muzeylarni boyitish hamda yangi ekologiya muzeylarini tashkil etish maqsadga muvofiqligini ta’kidladi.

Narzullo Oblomurodov o‘z an’anasiga muvofiq muzey hovlisiga ko‘chat o‘tqazdi.

 

Bu ko‘chat kelajakda Mo‘ynoq xalqining ertangi kunga bo‘lgan ishonchini mujassamlashtirishiga umid qilaman,— dedi Ekopartiya rahbari. 

 

O‘zbekiston Ekologik partiyasi

Matbuot xizmati

 

 

 

 

birds birds