calendar 09 Oktabr 11:39

Jizzaxda saylovoldi uchrashuvi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga O‘zbekiston Ekologik partiyasidan nomzod Narzullo Oblomurodov 8 oktabrda jizzaxlik saylovchilar bilan uchrashdi. 

 

Narzullo Oblomurodov Jizzax shahriga safarini shahar markazidagi tarixiy maskan, voha ahli uchun qadimiy va aziz joy hisoblanmish “O‘rda” ekologik bog‘idan boshladi. Bog‘ hududida amalga oshirilayotgan obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi.

Narzullo Oblomurodov bu yerda ham an’anaga ko‘ra daraxt ekish aksiyasini boshlab berdi.

 

Daraxtning atrof muhitga foydasi haqida to‘xtalib Jizzaxni yashil hududga aylantirish bo‘yicha tavsiyalarini berdi. Nomzod Jizzax viloyatida ko‘p marotaba bo‘lganligini va bu zamin o‘z tug‘ilib o‘sgan joyidek qadrdon bo‘lib qolganligini ham ta’kidlab o‘tdi.

 

Shundan so‘ng Ekopartiya rahbari "Deya" qandolatchilik fabrikasida bo‘ldi. Narzullo Oblomurodov «Deya» savdo markasi bilan tanilgan, «Bonu shirinliklari» qandolat fabrikasida ish jarayonlari bilan tanishdi.

Ushbu qandolat fabrikasi zamonaviy Yevropa standartlariga muvofiq ishlab chiqarilgan texnologiyalar bilan ta’minlangan bo‘lib, uskunalar Rossiya, Ukraina va Polsha davlatlaridan olib kelingan.

 

Narzullo Oblomurodov mahsulotlarni ishlab chiqarishdan oldin va keyin o‘tkaziladigan laboratoriya tekshiruvlari, qadoqlash jarayonlari va mahsulotning sifat tarkibi bilan ham qiziqdi.

 

“Deya” qandolatchilik mahsulotlari sifat darajasi jihatidan xorijda ishlab chiqarilgan shirinliklar bilan bemalol raqobatlasha oladi. Bugungi kunda ushbu lazzatli qandolat mahsulotlari bir qator xorijiy davlatlarga eksport qilinmoqda.

 

Nomzod ekologik toza tabiiy qo‘shimchalardan foydalangan holda mahsulot ishlab chiqarish taklifini ham berib o‘tdi.

 

Narzullo Oblomurodov Jizzax viloyatida tug‘ilib voyaga yetgan davlat arbobi Sharof Rashidovning yurtimiz ravnaqi uchun qilgan asrlarga tatigulik xizmatlarini e’tirof etdi va Sharof Rashidov haykali poyiga gul qo‘ydi. 

 Prezidentlikka nomzod Sharof Rashidov tumanidagi amalga oshirilayotgan ishlar bilan ham yaqindan tanishdi. Bu yerda yoshlar, viloyat faollari bilan uchrashdi.

 

Shundan so‘ng Narzullo Oblomurodov Do‘stlik tumanidagi Navro‘z mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘ldi.

Keksalar va nuroniylar e’zozga eng munosib qatlam vakillari hisoblanib, ularga g‘amxo‘rlik, izzat-ikrom ko‘rsatish xalqimizning asrlar osha qiymatini yo‘qotmay kelayotgan ezgu fazilatlaridan sanaladi. Narzullo Oblomurodov mahalla ahlining kayfiyati, yashash tarzi bu yerdagi o‘zgarishlar bilan qiziqdi va ularga bo‘lgan yuksak ehtiromini namoyon etdi. Qolaversa, mahalla obodonligi borasida ham o‘z fikr-mulohazalarini bildirib o‘tdi.

 "Biz o‘zgarishlarni, obodlikni birovlardan kutishimiz kerak emas. Hammamiz o‘zgarishlarni o‘z xonadonimizdan boshlashimiz kerak. Obodlik avvalo, har bir insonning ko‘nglidan boshlanadi. Oddiy bir devorni ta’mirlash va bo‘yash yoki ko‘chat o‘tqazish ham xonadonimizga o‘zgacha bir ko‘rk beradi." —dedi Narzullo Oblomurodov.

 

 

Jizzax viloyati Madaniyat saroyida O‘zbekiston Ekologik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narzullo Oblomurodovning saylovchilar bilan uchrashdi. 

 

 Narzullo Oblomurodov saylovchilarni o‘z saylovoldi dasturi bilan batafsil tanishtirdi. Nomzod global iqlim o‘zgarishlari, yildan-yilga kamayib borayotgan tabiiy resurslar, chiqindilar muammosi va aynan Jizzax viloyatida bu sohada qilinishi kerak bo‘lgan vazifalarga ham to‘xtalib o‘tdi. 

 “ Yurtimizning har bir hududida yashillikni saqlash nihoyatda muhim. Chunki iqlim o‘zgarishi oqibatida yozning issiq kelishi, anomal iqlim o‘zgarishlari insonlar sog‘ligiga, qishloq xo‘jaligi faoliyatiga, bir so‘z bilan aytganda butun yer yuzidagi hayotiy jarayonlarga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bu yilgi Nobel mukofoti sovrindorlari qatorida iqlim o‘zgarishlari bo‘yicha tadqiqotlar olib borgan bir necha olimlarning borligi ham ushbu muammoning qanchalik dolzarbligini isbotlab turibdi,”— dedi Narzullo Oblomurodov.

 

 Shuningdek, nomzod uchrashuv davomida sog‘liqni saqlash xizmati borasida istiqbolda qanday ishlar amalga oshirilishi haqida ham aytib o‘tdi.

 

 "Aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati va sog‘liqni saqlash tizimi takomillashtiriladi. Bundan tashqari tibbiy sug‘urta, xususiy tibbiy yordam ko‘rsatish va farmasevtika sanoati rivojlantiriladi, dori vositalari sifati va narxi barqarorligi ta’minlanadi. Orolbo‘yi va boshqa ekologik nomaqbul hududlarda ekologik holatni tubdan yaxshilash bo‘yicha sanitar-epidemiologik monitoring tizimi rivojlantiriladi"- dedi Narzullo Oblomurodov.

 Uchrashuv qizg‘in ruhdagi muhokamalarga boy o‘tdi. Nomzod mehnatkash va tanti jizzaxliklarga minnatdorchilik bildirib, ularning ilmni sevishi va ekologiyani asrash uchun hamisha intilishini e’tirof etdi.

 

Shu tariqa O‘zbekiston Ekologik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narzullo Oblomurodovning jizzaxlik saylovchilar bilan uchrashuvi nihoyasiga yetdi.

 

Uchrashuvdan so‘ng O‘zbekiston Ekologik partiyasi rahbari Narzullo Oblomurodov Mirzacho‘l tumanidagi “Yetti xazina” ekoturistik maskanida ham bo‘ldi. Narzullo Oblomurodov u yerdagi shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi hamda ekoturistik maskan rahbari Baxtiyor Kunarov bilan suhbatlashdi. 

Mirzacho‘lda shunday infratuzilmaning bo‘lishi ulkan yutuqdir. Demoqchimanki, cho‘l hududida suv havzasining yaratilishi katta mehnat va mashaqqat talab qiladi. Bu yerda ham baliqchilik, ham tuyachilik va ekologik turizmning boshqa yo‘nalishlarini rivojlantirish juda muhimdir. Bu ishlarni kelajakda yana davom ettirib borish, sayyohlar oqimini ko‘paytirish va ularga barcha qulay sharoitlarni yaratish lozim. Albatta, shunda katta-katta marralarga erishiladi. Mirzacho‘l - noyob hudud. Bu hududlarni obod qilamiz deb ko‘plab insonlarning bu yerga mashaqqatli mehnati singan” - dedi Narzullo Oblomurodov.

 

Suhbat davomida Baxtiyor Kunarov bir yilda o‘rtacha besh yuz million so‘mga yaqin daromadga ega bo‘layotganligini hamda olti yuz nafardan ortiq sayyoxlarni kutib olayotganini ma’lum qildi. 

 

Suhbat yakunida Narzullo Oblomurodov ekoturistik maskanning faoliyatini rivojlantirish, istiqbolda turistik xizmat turlarini ko‘paytirish bo‘yicha o‘z tavsiya va takliflarini berdi.

 

 

O‘zbekiston Ekologik partiyasi 

 Matbuot xizmati

 

birds birds