calendar 09 Oktabr 14:07

Yozyovonlik saylovchilar bilan

Shu kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga bo‘lib o‘tadigan saylovni yuqori darajada tashkil etish va saylovchilarning faol ishtirokini ta’minlash maqsadida targ‘ibot tadbirlari davom etmoqda.

 

Ana shunday tadbirlardan biri Yozyovon tumanida O‘zbekiston Ekologik partiyasidan Prezidentlikka nomzod Narzullo Oblomurodovning Farg‘ona viloyatidagi ishonchli vakili Sherzod Mustafakulovning saylovchilar bilan uchrashuvi o‘tkazildi.

 

Unda nuroniylar yoshlar, mahalla fuqarolar yig‘inlari ahli, keng jamoatchilik va OAV vakillari ishtirok etdi.

 

 — Ekologik partiyaning dasturiy maqsadlari keng qatlamdagi aholini qamrab oladi. Nomzod ilgari surayotgan g‘oya va tashabbuslar barchaning manfaatlariga birdek xizmat qiladi. Bosh maqsad - mamlakatning barqaror rivojlanishi, ekologik xavfsizligiga erishish, xalqimiz kelajagi uchun manfaatli bo‘lgan qulay atrof muhitni yaratish, kelajak avlodlarga tabiiy resurslarni saqlashga yo‘naltirilgan davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishni ta’minlashdir, — dedi ishonchli vakil. — O‘zbekiston Ekologik partiyasi tashkil etilganiga ikki yarim yil bo‘ldi, shu qisqa vaqt ichida partiyaning a’zolari soni 500 mingga yaqinlashdi. Ekopartiyaning xayrixohlari ko‘payishiga sabab xalqimizning ekologiya, atrof muhit, tabiat masalalariga befarq bo‘lmaganidir.

 

Uchrashuvda ekologik muammolarni bartaraf etishda mavjud qonunchilik ham yetarlicha huquqiy yo‘l ochib berishi kerakligi, qonunchiligimizda ba’zi bo‘shliqlarni to‘ldirish, takomillashtirish masalalari ham saylovoldi dasturida o‘z aksini topganligi e’tirof etildi va saylovchilar tomonidan qiziqish bilan tinglandi.

 

Targ‘ibot uchrashuvida Qo‘qon universiteti dotsenti Nigora Shomurodova, O‘zbekiston Ekologik partiyasi viloyat Kengashi raisi o‘rinbosari Baxtiyor Murodov va Ekologik partiyaning tuman Kengashi deputati Muhammadrasul Kimsanboyevlar so‘zga chiqib, Prezident saylovida faol ishtirok etish, munosib nomzodga ovoz berishga chorladi.

 

O‘zbekiston Ekologik partiyasi

Matbuot xizmati

 

birds birds