calendar 23 May 06:49

22 MAY-"XALQARO BIOLOGIK XILMA-XILLIKNI SAQLASH KUNI!" !

1995 yili BMT Bosh Assambleyasi tomonidan ushbu kunni bayram sifatida nishonlash e’lon qilingan. Qarorda esa 29 dekabr ushbu ekologik sanani nishonlash kuni deya belgilangan. Shu kuni Biologik xilma-xillik to‘g‘risidagi Konvensiya kuchga kirgan. Unda nimaga ushbu kun 22 mayda nishonlanadi?  Ko‘p bayramlar qish oylariga to‘g‘ri kelganligi va ko‘p mamlakatlar ekologlari Biologik xilma-xillik kunini dekabrning oxirida nishonlab, turli qiyinchiliklarga duch kelishgan. Shuning uchun 2000 yilda BMT Bosh Assambleyasi bu bayramni 22 may-Biologik xilma-xillik to‘g‘risidagi Konvensiyaning muvofiqlashtirilgan matni qabul qilingan kunda nishonlashga qaror qildi. O‘zbekiston Respublikasi 1995 yilda ushbu xalqaro konvensiyaga qo‘shildi. Mamlakatimizda BMT Taraqqiyot dasturi va Global ekologik jamg‘arma tomonidan faol qo‘llab-quvvatlangan “Bioxilma-xillikni saqlash bo‘yicha milliy strategiya va harakat rejasi” ishlab chiqilgan. Ushbu konvensiyada uchta asosiy maqsad ko‘rsatilgan bo‘lib, bular-biologik xilma-xillikni saqlash, uning tarkibiy qismlaridan ularga zarar yetkazmagan holda foydalanish hamda manfaatlarni haqqoniy va teng taqsimlashdir. Xalqaro biologik xilma-xillik kunining asosiy maqsadi flora va fauna vakillarining yo‘qolib ketish muammosiga jamoatchilik e’tiborini qaratishdan iborat. Jadal taraqqiyot sari odimlayotgan hayotda tabiatga bo‘lgan salbiy ta’sirlar soat sayin ortib bormoqda. 

 

Yer kurrasida flora va faunaning qisqarayotgani oqibatida himoyaga o‘ta muhtoj bo‘lib qolmoqda. Biologik xilma-xillik biosferani shakllantiradi. Ma’lumki, biosferada boshqa biologik turlar bilan bir qatorda inson ham istiqomat qiladi. Biosferaning yashovchanligi,shu bilan birga, biologik xilma-xillik darajasi mavjudligi ko‘proq inson faoliyatiga bog‘liq bo‘lib qolmoqda. “Biologik xilma xillik” atamasini ingliz tabiatshunosi va sayohatchisi Genri Beyts “Tabiatshunos Amazonkada” asarida bir soatlik sayr davomida kapalaklarning 700 turini uchratgani haqida taasurotlarini bayon etayotganida ilk bor qo‘llagan. 

 

Biologik xilma-xillik-muayyan yashash muhitidagi tabiiy kelib chiqqan turli organizmlar majmuasi. Biologik xilma-xillik jahondagi har bir davlat uchun hayotiy muhim manba hisoblanadi. Uni himoyalash va asrab avaylash kelajak avlodlar va kurrai zamindagi hayot barqarorligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. 

 

Ushbu sanaga bag‘ishlangan tadbirlar mamlakatimiz poytaxtidan tortib barcha viloyatlar, tumanlar va chekka chekka mahallalarda juda ko‘tarinki ruhda o‘tkazilmoqda. Jumladan, tumanimizning madaniyat va istirohat bog‘larida, maftunkor tabiatimiz bag‘rida, barcha mahallalarda atrof muhit va insonlar salomatligini mustahkamlashda katta ahamiyat kasb etadigan qutlug‘ sana keng nishonlanmoqda. Ayniqsa, ana shunday jozibador farahbaxsh tadbirlar tumanning “Uzumzor” shaharchasi, “Yuksalish”, “Sahovat”, ”NAYMAN” va “To‘pchi” mahallalarida “Inson va tabiat”, “Tabiatni asrash-kelajakni asrashdir!, “Biz kelajak uchun javobgarmiz” va “Sog‘lom muhit-inson salomatligi” maqzularidagi davra suhbatlari va ko‘rgazmali chiqishlar namoyish qilindi.



Ulug‘bek Ibrahimov 

O‘zbekiston Ekologik partiyasi Bog‘ot tuman Kengashi raisi, 

Xalq deputatlari Bog‘ot tuman Kengashi deputati

 

birds birds