calendar 10 May 07:18

1-iyuldan fuqarolarga ayrim yovvoyi yirtqich va zaharli hayvonlarni saqlash taqiqlanadi

Vazirlar Mahkamasining “Yovvoyi hayvonlarni saqlash va ulardan foydalanish tartibini yanada takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori loyihasi eʼlon qilindi.

 

Oʻzbekiston qonunchilik hujjatlariga muvofiq:

 

— ommaviy tadbirga hayvonlar bilan kelish (ommaviy tadbir dasturiga muvofiq ulardan foydalanish bundan mustasno) taqiqlangan;

 

— yovvoyi hayvonlarni (bedanadan tashqari) umumiy mulk hisoblangan koʻp kvartirali uylar zinapoya maydonchalari, cherdaklari, yertoʻlalari, dahlizlari, shuningdek, umumiy ovqatlanish va savdo joylarida saqlash taqiqlangan;

 

— yovvoyi hayvonlar egalari zimmasiga ushbu hayvonlarning notinchlik keltirib chiqarmaydigan va atrofdagilarga xavf tugʻdirmaydigan xatti-harakatini taʼminlash, fuqarolar hayoti, sogʻligʻi va mulkiga zarar yetkazilishi oldini olish majburiyati yuklatilgan.

 

2022-yil 1-iyuldan eʼtiboran Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi tomonidan tasdiqlangan roʻyxatga muvofiq yovvoyi yirtqich va zaharli hayvonlarni saqlash hamda foydalanish taqiqlanadi.

 

Bunda:

 

— nazarda tutilgan cheklovlar yovvoyi yirtqich va zaharli hayvonlarni roʻyxatdan oʻtgan hayvonot bogʻlari, terrariumlar, sirklar, okeanariylar, delfinariylar va tabiiy pitomniklar, shuningdek, ilmiy va oʻquv maqsadlari uchun ilmiy va taʼlim tashkilotlari tomonidan saqlash va foydalanishga nisbatan tatbiq etilmaydi;

 

— saqlanishi va foydalanishi taqiqlanmagan yovvoyi hayvonlarni saqlash jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan ruxsatnomalarsiz ularni saqlash talablariga rioya etgan holda, shuningdek, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi tomonidan belgilangan hollarda yovvoyi hayvonlarni saqlash va urchitish boʻyicha pitomnik, zoologiya kolleksiyalari hisobga qoʻyilgani toʻgʻrisidagi guvohnoma asosida amalga oshiriladi.

 

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi quyidagilarni nazarda tutuvchi qonun loyihasini belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritadi:

 

— “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi qonunga jismoniy shaxslar tomonidan yovvoyi yirtqich va zaharli hayvonlarni saqlash hamda foydalanishni taqiqlash;

 

“Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi qonunga yovvoyi hayvonlarni urchitish, takror koʻpaytirish, ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish, taʼlim, namoyish qilish, tijorat maqsadlarida yarim erkin sharoitlarda, sunʼiy yaratilgan yashash muhitida yoki tutqunlikda saqlash boʻyicha faoliyatni faqatgina yuridik shaxslar tomonidan ruxsatnoma asosida amalga oshirish.

birds birds