calendar 30 Sentabr 18:16

Toshkent Davlat Agrar Universiteti pedagoglari : “Har bir daraxt e’tiborda bo‘lsin!”

Bugun O‘zbekiston Ekologik partiyasidan Prezidentlikka nomzod Narzullo Oblomurodov Ustoz va murabbiylar kuni munosabati bilan yana bir ta’lim dargohi, Toshkent Davlat Agrar Universiteti pedagoglari jamoasi bilan uchrashdi. N.Oblomurodov so‘zini universitet jamoasini kasb bayrami bilan tabriklashdan boshladi. 

Dunyoda shunday kasb egalari borki, ularsiz hayotimizni tasavvur qila olmaymiz. O‘qituvchilar esa bizga ziyo ulashguvchi charog‘bonlardir. Kim bo‘lmaylik, qaysi sohada ishlamaylik, barchamizga muallimlar ta’lim va tarbiya berishgan. 

 

Xalqimizda «Ustoz otangdek ulug‘», degan so‘z bor. Kimki bu hayotda biror yutuqqa erishsa, kasbidan e’zoz topsa, uning qalbida ustozlariga, ta’lim bergan o‘qituvchi, muallimlarga hurmat va mehr ildiz otgan bo‘ladi. 

 

—Qolaversa, biz saylovoldi dasturimizda jamiyatda yuksak ekologik madaniyatni shakllantirish, ona tabiatni, jumladan o‘simlik va hayvonot dunyosini asrab-avaylash, ularga nisbatan ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish hissini kuchaytirish, ekologik madaniyatni yuksaltirish bo‘yicha Milliy dasturni qabul qilish, oila va mahalla tizimida insonning tabiatga bo‘lgan munosabatini tubdan o‘zgartirishga qaratish, aholining atrof muhit holati bo‘yicha xabardorligini oshirish, har bir shaxsda atrof muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish, yashil tashabbuslarni amalga oshirishga e’tiborni yanada kuchaytirish kabilarni amalga oshirishni ustuvor vazifa sifatida belgilab olganmiz. Bu vazifalarni bevosita amaliyotga tadbiq etishda siz pedagoglarning bilim va tajribangizga tayanamiz, — dedi Narzullo Oblomurodov. — Chunki ushbu o‘qituvchi va muallimlar mamlakatning eng kuchli ziyoli qatlamini tashkil qiladi. Bu esa juda katta kuch deganidir.

 

N. Oblomurodov shu bilan birga agrar sohadagi kamchiliklar va yechimini kutayotgan muammolarga ham qisqacha to‘xtalib o‘tdi. 

Uchrashuvda pedagog-xodimlar ham o‘z fikrlarini bildirib, shaharlarda qurilish ishlarini loyihalashtirish jarayonidayoq har bir daraxtni e’tiborga olib, imkoni boricha uni saqlab qolish choralari ko‘rilishi kerakligini ta’kidlashdi. Shuningdek iqlim o‘zgarishlari bilan bog‘liq muammolar tufayli kelib chiqishi mumkin bo‘lgan oziq-ovqat tanqisligi, cho‘llanish, ichimlik suvi taqchilligi kabi global muammolar yuzasidan ham fikrlar almashildi. 

 

Uchrashuv so‘nggida Narzullo Oblomurodov Toshkent Davlat Agrar universiteti pedagoglar jamoasiga mashaqqatli mehnatlarida zafarlar tiladi.

 

 

O'zbekiston Ekologik partiyasi Matbuot xizmati

birds birds