calendar 02 Noyabr 06:33

Markaziy Osiyoda iqlim siyosati: mintaqada barqaror rivojlanishni ta’minlash masalalari muhokama qilindi

Bugungi shiddat bilan rivojlanayotgan davrda iqlim o‘zgarishi global tahdid sifatida namoyon bo‘layotganligi sababli jahon hamjamiyati ushbu muammoni insoniyat oldida turgan eng jiddiy muammolardan biri deb tan olmoqda. O‘z vaqtida choralar qabul qilmaslik mamlakatlar iqlim o‘zgarishi borasidagi harakatlar uchun katta miqdorda resurslarni mobilizatsiya qilishlariga to‘g‘ri keladi. Chunki, iqlim o‘zgarishi tabiiy ofatlarning kuchayishi kabi va boshqa oldindan aniq aytish qiyin bo‘lgan boshqa ko‘pgina oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin.

 

Ta’kidlash joiz, Markaziy Osiyo boshqa mintaqalarga nisbatan iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq salbiy ta’sirlarga o‘ta moyilligi bilan ajralib turadi. Shu sababli ham sharoit iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq o‘sib borayotgan global tahdidlarga Markaziy Osiyo davlatlarining o‘zaro hamkorlikda kompleks yechim topish zarurligini taqazo etmoqda. Zero, ekologik muammolar ijtimoiy-g‘oyaviy va hududiy chegara bilmaydi, ularning oldini olishda yagona samarali yo‘l mintaqa davlatlari, barcha millat va elatlar e’tiborini tabiat va jamiyatdagi nomutanosiblik hamda uning kun sayin keskinlashib borayotganligiga qaratish lozim.

 

Ijtimoiy-iqtisodiy yo‘nalishlarda, xususan iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish va moslashishda davlatlararo o‘zaro xamkorlikni yo‘lga qo‘yishda xalqaro tashkilotlar va moliya institutlarining ahamiyati benihoya kattadir. Bunda ixtisoslashtirilgan xalqaro tashkilotlarning sa’yi-xarakatlari esa ma’lum bir yo‘nalishdagi ekologik muammolarni hal etishda ahamiyati samaralidir.

 

E’tirof etish joiz, Germaniya Xalqaro Hamkorlik tashkiloti (GIZ) so‘nggi yillarda mintaqada ekologik muammolarning oldini olish va bartaraf etishda davlatlararo o‘zaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirish borasida muhim platforma vazifasini o‘tab kelmoqda.

 

Yaqinda GIZ tashabbusi bilan Qozog‘iston Respublikasining Turkiston shahrida bo‘lib o‘tgan “Uglerod neytralligi maqsadlariga erishish yo‘llari va mintaqaviy xamkorlik” mavzusidagi birinchi Markaziy Osiyo forumida mintaqa davlatlarining iqlim siyosati bo‘yicha olib borilayotgan siyosati hamda mintaqada bu boradagi davlatlararo hamkorlik masalalari batafsil muhokama etildi.

 

Xalqaro tadbirda O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘izston, Turkmaniston va Qozog‘iston Respublikalarining tegishli davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, shuningdek parlament vakillaridan iborat katta tarkibdagi delegasiyalari ishtirok etdi.

 

Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston vakillari ta’kidlaganidek, O‘zbekiston xalqaro munosabatlarning teng huquqli sub’ekti sifatida, mintaqa va global darajada faol tashqi siyosatni olib bormoqda, xorijiy hamkorlar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik o‘rnatmoqda.

 

Pandemiyadan keyingi davrda iqlimning barqaror kelajagiga erishish uchun yangi imkoniyatlar va hamkorlikni belgilash uchun bu tadbir “noyob imkoniyat” ekanligi, bugungi kunda iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq o‘sib borayotgan global tahdidlarga kompleks javob qaytarish maqsadida mintaqa davlatlari tomonidan Parij Bitimi qabul qilinganligi e’tirof etildi. Bu borada, Markaziy Osiyo davlatlarida sanoatlashtirishning jadallashib borishi va aholi sonining keskin ortib borishi hamda iqtisodiyotning resurslarga bo‘lgan ehtiyojining sezilarli darajada oshishi “yashil iqtisodiyot” prinsiplarini rivojlantirish nafaqat ma’lum bir davlatni, balki butun mintaqani barqaror rivojlantirish imkoniyatlarini beradi.

 

Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasining Ekologik kodeks loyihasining ishlab chiqilgani, uning qabul qilinishi ekologik qonunlarni yaxlit bir qonunda umumlashtirish imkonini beradi. Shuningdek, so‘ngi 3-4 yil ichida Orol dengizining qurigan tubidagi 2 mln. er maydonida o‘rmonlashtirish ishlarining hamda “yashil hududlar” va “yashil belbog‘”larning barpo etilishi Konvensiya ijrosining amaliy tadbirlaridir.

 

Shuningdek, bugungi kunda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan tegishli vazirlik va idoralar ishtirokida O‘zbekiston Respublikasining 2030 yilgacha iqlim o‘zgarishi bo‘yicha strategiyasi ishlab chiqilmoqda. Mazkur Strategiya asosida ishlab chiqiladigan “Yo‘l xaritasi” mamlakatimizda iqlim o‘zgarishlariga moslashish borasida manzilli chora-tadbirlarni maqsadli amalga oshirish imkonini beradi.

 

Xalqaro tadbir doirasida Markaziy Osiyo davlatlari parlamenti vakillarining o‘zaro muloqoti ham tashkil etilib, uchrashuvlarda milliy va mintaqa darajada iqlim o‘zgarishlari muammolarini hal etish hamda bu borada milliy qonunchilik asoslarini takomillashtirish masalalari ko‘rib chiqildi, bu borada davlatlararo ma’lumot va axborotlar almashildi.

 

Ushbu uchrashuvlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan xalqaro miqyosda olib borilgan konstruktiv sa’yi-harakatlar hamda xalqaro anjumanlarda bildirilgan tashabbuslar bilan BMTning Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik asosida trast fondi tashkil etilganligi, Orolbo‘yi mintaqasi ekologik innovasiya va texnologiyalar hududi, deb e’lon qilinganligi e’tirof etildi.

 

Davlatimiz rahbarining joriy yil Seul shahrida videoanjuman shaklida bo‘lib o‘tgan “Yashil o‘sish va global maqsadlar uchun hamkorlik – 2030” ikkinchi xalqaro sammitida “yashil” va barqaror taraqqiyotga xizmat qiladigan samarali qarorlar qabul qilish uchun butun xalqaro hamjamiyatning sa’yi-harakatlarini birlashtirish zarur, degan so‘zlari yana bir bor tadbir ishtirokchilariga eslatib o‘tildi. Shuningdek, O‘zbekiston Parij bitimi doirasida 2030 yilga qadar issiqxona gazlarni atmosferaga chiqarishni qisqartirish bo‘yicha o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarni bajarishga sodiq ekani, shu munosabat bilan “yashil” texnologiyalarni keng joriy qilish va “yashil” energetika sohasidagi loyihalarni amalga oshirish, O‘zbekistonda yaqin o‘n yilda qayta tiklanadigan energiya manbalari ulushini 3 barobardan ziyodga ko‘paytirish borasida choralar ko‘rilayotganligi ta’kidlab o‘tildi.

 

Tadbirda ishtirokchilariga “Rivojlanayotgan mamlakatlar uchun yashil energetika” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazish, shuningdek, “yashil” iste’mol madaniyatini shakllantirish maqsadida “yashil” iqtisodiyotni barpo etishga yoshlarni jalb etish bo‘yicha maxsus dastur ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar haqida ma’lumotlar berildi.

 

“Yashil” iste’mol madaniyat avvalombor, ekologik mas’uliyatni his etgan holda yurish-turish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish maqsadlarida ishlab chiqarish va iste’mol madaniyatini rivojlantirishni o‘z ichiga qamrab oladi. Ushbu hislatlarni esa insonning yoshligidayoq ongida singdirish o‘z samarasini beradi. Shu sababli, ekologik madaniyat, ta’lim-tarbiya borasida ham o‘zaro hamkorlik masalalari ham keng muxokamalar mavzusi bo‘ldi. “Yashil” iqtisodiyotni barpo etishga yoshlarni jalb etish bo‘yicha maxsus dasturning amalga oshirilishi ekologik madaniyatni yuksaltirishga imkon beradi.

 

Shuningdek, O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan yaqinda Toshkent shahrida bo‘lib “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiyada ham davlatimiz rahbari tomonidan mintaqadagi tahdidlar va imkoniyatlar, barqaror rivojlanish bo‘yicha 10 ta asosiy tashabbus ilgari surilganligi, ushbu tashabbuslar ichida iqlim o‘zgarishiga moslashish, mintaqada “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish, kelgusida Orol dengizi qurishi kabi muammolarga yo‘q qo‘ymaslik hamda o‘zaro va BMT bilan hamkorlikda hududda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga doir masalalar alohida ko‘rsatib o‘tildi.

 

Xalqaro tadbirda O‘zbekiston vakillari tomonidan Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi platformasida Qozog‘iston Respublikasida joriy yilning oktyabr oyida Ekologik kodeks ishlab chiqish tajribasini o‘rganish borasida xalqaro seminar hamda Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlikda davlatlararo muhofaza etiladigan tabiiy hududlar barpo etish borasida xamkorlikni kuchaytirish hamda bu borada noyabr oyida xalqaro konferensiya tashkil etish takliflari ilgari surildi.

 

Shuningdek, Orolbo‘yi mintaqasida inson xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ko‘p tomonlama Trast fondi doirasida hamda BMT tomonidan Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovasiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish to‘g‘risidagi maxsus rezolyusiyasiga asosan Orolbo‘yida Markaziy Osiyo davlatlari hamkorligida amaliy ishlarni yanada kuchaytirish maqsadga muvofiq ekanligi ko‘rsatib o‘tildi.

 

Xulosa o‘rnida aytish joizki, Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi platformasida tashkil etilgan mazkur xalqaro anjumanda Markaziy Osiyoda iqlim siyosati bir mamlakat doirasida yakka siyosat emas, balki mintaqa davlatlarining hamkorlikdagi yaxlit va umumiy siyosat bo‘lishi kerakligi hamda xalqaro anjumanning yakuniy hujjatida bu borada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan konstruktiv hamkorlik chora-tadbirlari belgilab olindi. Ushbu chora-tadbirlarning davlat dasturlari asosida amalga oshirilishi esa, mintaqada barqaror rivojlanishni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

 

Nosirjon AMINOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi a’zosi

 

birds birds