calendar 25 Sentabr 08:57

Joriy yilning 25 sentabr kuni O‘zbekiston Ekologik partiyasidan O‘zbekiston Prezidentligiga nomzod Narzullo Naimovich Oblomurodovning Samarqand shahrida samarqandlik saylovchilar bilan saylovoldi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Joriy yilning 25 sentabr kuni O‘zbekiston Ekologik partiyasidan O‘zbekiston Prezidentligiga nomzod Narzullo Oblomurodovning Samarqand shahrida saylovchilar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

 

Uchrashuvda viloyat faollari, yoshlar, partiyaning viloyat kengashi a’zolari, deputatlar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

 

 2021 yil 24 oktabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida O‘zbekiston Ekologik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narzullo Naimovich Oblomurodovning saylovoldi dasturidagi e’tiborga molik jihatlar bilan ishtirokchilar atroflicha tanishtirib o‘tildi.

 

Uchrashuvda milliy saylov qonunchiligining yangi tamoyillari, saylovning umume’tirof etilgan xalqaro standartlar asosida, ochiq va shaffof o‘tkazilishi, saylov kampaniyasi davrida barcha siyosiy partiyalar va ular tomonidan ko‘rsatilgan nomzodlar uchun sog‘lom raqobat muhiti, teng sharoit yaratilishi hamda prezident saylovida O‘zbekiston Ekologik partiyasi birinchi marta ishtirok etayotganligi ta’kidlab o‘tildi.

 

Butun dunyoda atrof muhit va ekologik holat yildan-yilga o‘zgarmoqda. Global iqlim o‘zgarishlari, havo haroratining ko‘tarilishi, qurg‘oqchilik kabi ekologik tahdidlar bizning mintaqamizga ham bevosita daxldordir. Orol dengizining qurishi, yer va suv resurslaridan nooqilona foydalanish, biologik xilma xilliknining qisqarishi, o‘simlik va hayvonot dunyosi genofondining yomonlashuvi, ko‘p miqdordagi sanoat va maishiy chiqindilarning to‘planishi ekologik muammolarni kundan kunga chuqurlashib borayotganidan dalolat bermoqda.

 

Nomzod o‘z faoliyati davomida davlat va jamiyat boshqaruvi, iqtisodiyot masalalarida katta tajriba to‘plagan, ekologiya va atrof muhit muhofazasi yo‘nalishida fidoyilik ko‘rsatgan tajribali rahbar sifatida partiyaning ko‘p ming sonli a’zolari va xalqimiz o‘rtasida hurmat va e’tiborga ega shaxsdir. Shuning uchun ham aynan N.Oblomurodovning partiya tomonidan nomzod sifatida ko‘rsatilishi munosib tanlovdir.

 

Nomzod o‘zining saylovoldi dasturi orqali saylovchilar e’tiboriga mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotiga oid muhim maqsadlarni havola etmoqda. Jumladan, izchil ekologik siyosatni olib borish va siyosiy tashabbuslarni tadbiq etish, iqtisodiyot, ijtimoiy soha, atrof muhit va va fuqarolar sog‘ligini saqlash, ekologik muammolar yechimi borasida ko‘plab amaliy takliflarni ilgari surmoqda.

 


Saylovoldi uchrashuvida nomzodning dasturidagi muhim masalalar, xususan -“yashil” iqtisodiyot tamoyillari asosida mamlakatni jadal rivojlantirishga yo‘naltirilgan siyosatni yuritish;

 

  • aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash qamrovini kengaytirish, oqova suvlarni tozalash inshootlarini modernizatsiya qilish hamda yangilarni qurish choralari ko‘rish;
  • chiqindilarni qayta ishlashga qaratilgan davlat siyosatini kuchaytirish;
  • iqlim o‘zgarishlariga moslashish, Orol fojeasi oqibatlarini yumshatish va Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududiga aylantirish;
  •  atmosferaga tashlanmalarni kamaytirish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish;
  • jamiyatda yuksak ekologik madaniyatni shakllantirish, ona tabiatni, jumladan o‘simlik va hayvonot dunyosini asrab-avaylash, ularga nisbatan ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish hissini kuchaytirish;
  • global va transchegaraviy ekologik muammolarni hal qilishda xorijiy davlatlar, avvalambor Markaziy Osiyo davlatlari bilan har tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratish kabi bugungi kunning nihoyatda dolzarb masalalari yuzasidan qizg‘in savol-javoblar bo‘lib o‘tdi.

 

Uchrashuvda qatnashgan saylovchilar nomzodning saylov oldi dasturidagi barcha yo‘nalishlar bugungi kunda nafaqat yurtimiz uchun , balki butun dunyo ahli uchun ham dolzarb bo‘lgan masalalarni o‘z ichiga olganligini bir ovozdan ta’kidlab o‘tishdi.

 

O‘zbekiston Ekologik partiyasi mamlakatimizning barcha fuqarolarini insonlarning sog‘lig‘ini saqlash, atrof-muhitni muhofaza qilish va bebaho tabiiy boyliklarini asrab-avaylashdek muhim vazifani bajarishda faol ishtirok etishga chaqiradi.

 

 

O‘zbekiston Ekologik partiyasi

Markaziy Kengashi axborot xizmati

birds birds