calendar 15 Aprel 04:54

“15 - aprel - Ekologik bilimlar kuni” poytaxtimizning “Do‘stlik” bog‘ida nishonlandi

Ma’lumki, 1992 yil Birlashgan Millatlar tashkilotining konferensiyasida 15 aprel – “Ekologik bilimlar kuni”, deb belgilangan.

 

Ushbu sana barcha davlatlar qatori bizning mamlakatimizda ham bayram sifatida keng nishonlanadi.

 

Jumladan, joriy yilning 14 aprel kuni O‘zbekiston Ekologik partiyasi Toshkent shahar partiya tashkiloti va “Gidroproekt” Aksiyadorlik jamiyati tashabbusi bilan poytaxtimizning Yakkasaroy tumanida joylashgan “Do‘stlik” bog‘i hududida Toshkent shahar “Maxsustrans” DUK hamda O‘zbekiston Ekologik harakati bilan hamkorligida “Ekologik bilimlar kuni: Yashil energetika” mavzusida o‘quv seminari va ekologik hashar o‘tkazildi.  

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi vakillari, “Gidroproekt” aksiyadorlik jamiyati rahbariyati, Toshkent shahar va Yakkasaroy tumani kengashlari deputatlari, O‘zbekiston Ekologik partiyasi Toshkent shahar partiya tashkiloti xodimlari, tuman partiya tashkiloti raislari, O‘zbekiston Ekologik harakati, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish Yakkasaroy tumani inspektorlari, 160-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchi va o‘quvchilari, Toshkent shahar “Maxsustrans” DUK xodimlari va ushbu tadbirni yoritish maqsadida OAV vakillari faol ishtirok etdilar.

 

Ushbu tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad – bu bayramni munosib nishonlash, aholi orasida ekologik bilimlar va madaniyatni targ‘ib qilish, tabiatga bo‘lgan muhabbatni oshirish hamda har bir insonda atrof-muhit muhofazasi borasidagi dunyoqarashni rivojlantirish iborat.

Tadbirda O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Saidrasul Sanginov ekologik tarbiya inson va tabiat munosabatlarini hayotiy timsollarda aks ettirish orqali yoshlarning ekoma’naviy-madaniy saviyasini ifodalash bilan birga, aholini, ayniqsa yoshlarni tarbiyalash vazifasini ham bajarishi lozimligini ta’kidladi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Nosirjon Aminov mamlakatimizda o‘tgan davr mobaynida jamiyat hayotining barcha sohalarini isloh qilish barobarida, fuqarolarga ekologik barqaror hayot sharoitini yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylanganligi haqida misollar keltirdi.

“Gidroproekt” AJ boshqaruv raisi o‘rinbosari Nizom Turaev hozirgi kunda Ekopartiya bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarning natijasiga to‘xtalib, kelgusidagi dolzarb vazifalarga e’tibor qaratdi.

Shuningdek, Ekopartiya Toshkent shahar Kengashi raisi Sevara Fayzieva yuksak maqsadga erishish yo‘lida ekologik tarbiyaning jamiyat ma’naviy hayoti bilan aloqadorligi masalalari, xususan, yoshlarda ekologik bilim va tushunchani tarbiyalashda milliy qadriyatlardan foydalanish muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi.

“Maxsustrans” DUK direktor o‘rinbosari Ismoil Sagdullaev har bir yosh avlod atrof-muhitga odilona munosabatda bo‘lib, tabiat qonun-qoidalarini o‘z ichki kechinmalaridek qabul qilsa, ya’ni tabiat bilan hamohang, uyg‘unlashgan holda faoliyat olib borsagina u tom ma’noda yuksak ma’naviyat va madaniyatga erisha olishini aytib o‘tdi.

 

Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati Lobar Kabuljanova ekologik ta’lim-tarbiya tabiat va jamiyat o‘rtasidagi uzviylikni ta’minlash hamda tabiiy barqarorlikni saqlashda muhim ahamiyatga egaligi haqida fikr bildirgan bo‘lsa, “Do‘stlik” bog‘i direktori Iroda Yusupova ekologik ta’lim-tarbiya yoshlarni tabiatdan ongli ravishda foydalanish va ular qalbida tabiatga mehr-muhabbat uyg‘otish hamda tejamkorlikka o‘rgatishda qo‘l kelishini haqida to‘xtaldi.

Tadbir davomida maktab o‘quvchilari bilan birgalikda bog‘ hududida tashkil etilgan “Gidroenergetiklar” alleyasida ekilgan daraxtlarning tag qismlari yumshatildi va sug‘orildi. “Maxsustrans” DUK yordami bilan ishtirokchilar tomonidan ekologik hashar, tozalash ishlari olib borildi.

Seminardan so‘ng maktab o‘quvchilari uchun “Gidroproekt” AJ muzeyiga ekskursiya uyushtirildi.

 

O‘zbekiston Ekologik partiyasi

Toshkent shahar partiya tashkiloti

 

birds birds