calendar 29 Iyun 05:01

Tibbiyot muassasalarida Konstitutsiyaviy qonun loyihasi muhokama etilmoqda

Xabaringiz bor, yurtimizda Konstitutsiyani isloh etish jarayoni qizgʼin pallaga kirdi. 

 


Shu kunlarda “Oʼzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʼzgartish va qoʼshimchalar kiritish toʼgʼrisida”gi Oʼzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy qonuni loyihasining umumxalq muhokamasi oʼtkazilmoqda. Oʼzbekiston Ekologik partiyasi Toshkent shahar partiya tashkiloti ham bu saʼy-harakatlarda faol qatnashyapti.

 


Xususan, joriy yilning 28 iyunь kuni poytaxtimizning 16-sonli oilaviy poliklinikasida Oʼzbekiston Ekologik partiyasi Olmazor tumani partiya tashkiloti tomonidan “Oʼzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʼzgartish va qoʼshimchalar kiritish toʼgʼrisida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasini muhokamasiga bagʼishlab davra suhbati tashkil etib oʼtkazildi. 

 


Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Oʼzbekiston Ekologik partiyasi Olmazor tumani Kengashi aʼzolari, Xalq deputatlari Olmazor tumani Kengashi deputatlari, 16-sonli oilaviy poliklinikasi xodimlari ishtirok etishdi. 

 


Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Olьga Litvinova soʼzga chiqib, Yangi Konstitutsiyaning oʼzgartirish hamda qoʼshimchalar kiritilish nazarda tutilayotgan tegishli bob va moddalari yuzasidan oʼz fikr mulohazalarini bayon etdi. 

 


Shuningdek, Oʼzbekiston Ekologik partiyasi Olmazor tumani partiya tashkiloti raisi Shaxnoza Umarxadjaeva hamda Xalq deputatlari Olmazor tumani Kengashi deputati Davron Raxmatullaevlar oʼz maʼruzalarida pensiyalar, nafaqalar, ijtimoiy yordam koʼrsatishning boshqa turlari rasman belgilangan eng kam isteʼmol xarajatlaridan past miqdorda boʼlishi mumkin emasligi aniq koʼrsatilganligi, homiladorligi yoki bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ularning ish haqini kamaytirishning taʼqiqlanishi, bolalar mehnatining eng yomon shakllaridan foydalanish qonunga binoan javobgarlikka sabab boʼlishi Konstitutsiyaviy Qonun loyihasida oʼz aksini topganligi taʼkidlab oʼtishdi.

 


Tadbir davomida, 16-sonli oilaviy poliklinikasi Bosh shifokori Kimyo Shokirova ham soʼzga chiqib, Konstitutsiyaviy Qonun loyihasida fuqarolarning malakali tibbiy xizmat koʼrsatilishiga, sogʼlom tabiiy muhitga boʼlgan huquqlarini taʼminlashning konstitutsiyaviy mexanizmlari kuchaytirilayotgani, bunda esa, Oʼzbekiston Respublikasi fuqarolari tibbiy yordam koʼrsatishning qonunda belgilangan kafolatlangan hajmini bepul olishga haqli ekanligi qatʼiy oʼrnatilayotganini qoʼllab-quvvatlashlarini, tibbiyot xodimlarning ham qadr-qimmati oshirilayotganidan minnatdor ekanliklarini maʼlum qilib oʼtdi. 

 


Davra suhbati davomida tibbiyot muassasasi xodimlari oʼz fikr-mulohazalari, takliflari bilan faol ishtirok etdi.


Oʼzbekiston Ekologik partiyasi 

Olmazor tumani partiya tashkiloti

birds birds