calendar 05 Mart 09:49

Ekopartiya xodimi “Mo‘tabar ayol” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi

Bugun Toshkent shahar hokimligida “Mo‘tabar ayol” ko‘krak nishoni sovrindorlarini taqdirlash marosimiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

 

Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi raisi Z. Mahkamova so‘zga chiqib, mamlakatimizda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyatdagi o‘rni va nufuzi, hurmat va e’tiborini oshirish, qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidlab o‘tdi.

 

Darhaqiqat, jamiyatimiz hayotini Xotin-qizlarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Har sohada ularning o‘rni, o‘z mavqei bor. Bugungi kunda yurtimizda ayollarga bo‘lgan e’tibor har jihatdan yuksaldi. Bu borada qabul qilingan ko‘plab qonunlar va ularning hayotga tatbiq etilayotgani fikrimiz dalilidir.

Tadbirda jamiyat hamda davlat hayotida faollik va tashabbuskorlik ko‘rsatgan, o‘zining samarali mehnati bilan oilaning shakllanishi va farovonligi mustahkamlanishi, sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish, joylarda ma’naviy-axloqiy muhitni sog‘lomlashtirish va milliy qadriyatlarimizni keng targ‘ib etish borasida ibratli faoliyat olib borayotgan bir qator ayollarga “Mo‘tabar ayol” ko‘krak nishonlari tantanali ravishda topshirildi.

 

O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasida ko‘p yillardan buyon farrosh bo‘lib ishlab kelayotgan Malika Shakirova ham ushbu e’tirofga loyiq ko‘rildi.

 

Malika opa o‘zining mehnatkashligi, fidoiyligi, tartibli xodimligi bilan boshqalarga o‘rnak bo‘lib kelmoqda. Ikki qiz bir o‘g‘ilni halol mehnati bilan voyaga yetkazgan M.Shakirova bugun farzandlari va yetti nafar nabiralari ardog‘ida.

“Mo‘tabar ayol” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan munis ayollarimizga eng kam oylik ish haqining to‘rt barobari miqdorida bir yo‘la to‘lanadigan pul mukofotlari ham topshirildi.

 

O‘zbekiston Ekologik partiyasi matbuot xizmati

birds birds