calendar 11 Oktabr 16:57

Narzullo Oblomurodov “Oroldagi bog‘im”da bo‘ldi

O‘zbekiston Ekologik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narzullo Oblomurodov Mo‘ynoq tumanidagi “Tik o‘zak” ovul fuqarolar yig‘inidagi Orolbo’yi innovatsiya markaziga qarashli “Oroldagi bog‘im” bog‘ida bo’ldi.

 

“Oroldagi bog‘im” loyihasi 2020 yilda amalga oshirilgan. Loyihaning asosiy maqsadi Orol dengizining qurishi oqibatlarini bartaraf etish hamda bu yerda sayyohlar sonini ko‘paytirishga qaratilgan.

 

Loyiha doirasida Mo‘ynoq tumanida 20,3 gektar maydonda “Mo‘ynoq” tajriba-sinov maydoni, Nukus tumanida 20 gektar maydonda “Samanboy” tajriba-sinov maydoni tashkil etilgan, sho‘rlanish va qurg‘oqchilikka chidamli cho‘l va manzarali o‘simliklar genofondi shakllantirilib, unda 13 turdagi o‘simlik dunyosi ob’ektlari sinovdan o‘tkazilgan.

 

Olimlarning hisob-kitobiga ko‘ra, Orol dengizining qurigan tubida o‘simliklar to‘liq tiklanishi va uning tubi to‘liq qoplanishi uchun kamida 40-45 yil vaqt kerak bo‘ladi. Lekin shu vaqt ichida dengizning qurigan tubidan ko‘tarilgan changlar boshqa hududlarga tarqalishi, u yerdagi aholi ijtimoiy-iqtisodiy holatining yomonlashishi va boshqa shu kabi jarayonlar sodir bo‘lishi mumkin.

Bu yerga turli o‘simliklarni o‘tqazish orqali o‘ziga xos ekotizim shakllanadi, hududga hayvonot dunyosi vakillari qaytib keladi, yashillik tiklanadi.

 

Narzullo Oblomurodov loyiha faoliyati, erishilgan yutuqlar va kutilayotgan yangiliklar hamda yuzaga kelayotgan muammolar haqida mutaxassislar bilan suhbatlashdi.

Markazimiz tomonidan amalga oshirilayotgan “Oroldagi bog‘im“ agro va ekoturizm loyihasining asosiy maqsadi butun dunyo vakillari va mahalliy aholining Orol dengizining qurishi oqibatlarini yengib o‘tishda bevosita ishtirok etish hissini uyg‘otish va shu orqali Orolbo‘yi aholisi turmush darajasini yanada oshirishga hissa qo‘shishdir, — dedi Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi direktori Nurlibek Mirzamuratov. — Shu maqsadda O‘zbekiston uchun noyob bo‘lgan aholi tomonidan ko‘kalamzorlashtirish loyihasi yaratildi va daraxtlarni ekish uchun mablag‘ yig‘iladigan kraudfanding (aholi moliyalashtiruvi) platformasi ishga tushirilmoqda.

 

Mo‘ynoq tumanining “Tik o‘zak” ovul fuqarolar yig‘ini hududidan Orolbo‘yi iqlimiga moslashgan sho‘rhok yerga chidamli o‘simliklarni ekish va tajriba sinov maydonchasini tashkil etish maqsadida 20,3 gektar yer maydoni ajratib berildi. Uchastkada 14,7 gektar maydonda sho‘rga va cho‘lga chidamli, keng bargli, buta hamda moyli o‘simliklardan iborat jami 24 turdagi har xil o‘simliklarning urug‘lari, ko‘chatlari va qalamchalari ekilib, yaxshi natijalarga erishildi.

Shuningdek, Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi tomonidan Xitoy bilan hamkorlikda yer ostidan sug‘orish tizimini yo‘lga qo‘ygan. Bunda namlik ildizga qadar yetib borishi ahamiyatli. Suv tejamkorligi 2 barobargacha yetadi.

 

Yana bir tashabbus, Tunisning doktor Chambanis texnologiyasi loyihasi bo‘lib, BMT tomonidan moliyalashtirilyapti. Loyihaning afzalligi mevali daraxtlar va issiqxonalarni sug‘orish uchun qo‘llaniladi.

 

Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi mutaxassislari BAAning Dubay shahrida sho‘rlangan yerlarda biotexnologiyalarni rivojlantirish markazining qurg‘oqchilikka va sho‘rga chidamli o‘simliklarni ekish bo‘yicha eksperementlarni amalga oshirgan. Bu ham markaz faoliyatining yangi bosqichga chiqayotganidan dalolat beradi.

 

Markaz olimlarining aytishicha, Orolning qurishi o‘simlik dunyosining yo‘q bo‘lib ketishiga olib kelmadi. Aksincha tabiat o‘zini tiklab yangi flora va faunaning paydo bo‘lishiga erishdi. Bu holat tabiatning cheksiz bag‘rikengligi va imkoniyatlarini ko‘rsatmoqda. Buni tasavvur qilish qiyin.

 

Men Yaqin Sharqning ham, Xitoy va boshqa mamlakatlarning tuprog‘ini ko‘rganman, lekin ularning tuprog‘ining unumdorligi biznikiday emas. Bizning yutuq tarafimiz ham shunda! Shunday yerlar borki, ularlarda hech nima o‘smaydi, — dedi Narzullo Oblomurodov. — Lekin bizning yerlarda saksovul o‘syapti. Bu yerlarda ko‘p yangilik va innovatsiyalar qilish imkoni bor. O‘zimizning ilmiy ishlarimizni va xalqaro tajribani olib kirishimiz mumkin.

 

Narzullo Oblomurodov mutaxassislardan kelajak takliflar haqida so‘radi. Olimlarning berilgan takliflar orasida ekologik muhitni yangilash va Orol hududini ijobiy holga keltirish bo‘yicha tashabbuslar bor. N.Oblomurodov berilgan takliflar, albatta, o‘z samarasini berishi hamda kelajakda tabiat uchun as qotishi, istiqbolda bu tashabbuslarni amalga oshirilishi ta’kidladi.

 

Uchrashuv qizg‘in muhokamalarga boy o‘tdi. O‘zbekiston Ekologik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narzullo Oblomurodov loyihani yanada kengaytirish, moliyalashtirish ishlarini susaytirmaslik hamda loyihaning aholiga, tabiatga manfaatini oshirish zarurligini ta’kidladi.

Prezidentlikka nomzod “Oroldagi bog‘im” loyihasiga hissasini qo‘shish maqsadida bu yerga daraxt ko‘chatini o‘tqazdi.

 

 Shu bilan O‘zbekiston Ekologik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narzullo Oblomurodovning Qoraqalpog‘iston Respublikasiga safari nihoyasiga yetdi.

 

O‘zbekiston Ekologik partiyasi

Matbuot xizmati

 

birds birds