Bilasizmi?

Orol dengizi qirg‘oqlarining morfologik tuzilishi juda murakkab. Ular bir-biridan ba’zi xususiyatlari bilan farqlanadi.
Shimoliy qirg‘og‘i baland, ayrim yerlari past, chuqur qo‘ltiqlar bor. Sharqiy qirg‘og‘i past; qumli, juda ko‘p mayda qo‘ltiq va orollar bo‘lgan. Janubiy qirg‘og‘i Amudaryo deltasidan hosil bo‘lgan.
G‘arbiy qirg‘og‘i kam qirqilgan va Ustyurt chinkidan iborat. Orol dengizida 300 dan ortiq orol bo‘lgan. Ularning 80% dengizning janubiy-sharqiy qismida.
Eng kattalari Ko‘korol (273 km2), Vozrojdenie (216 km2) va Borsakelmas (133 km2) edi. Dengizga Amudaryo bilan Sirdaryo quyiladi.
60-yillargacha yiliga Amudaryo Orol dengiziga 38,6 km3, Sirdaryo esa 14,5 km3 suv olib borgan. Suv balansida yog‘inlar ham muhim o‘rin egallagan. Dengiz akvatoriyasiga yiliga 82-176 mm yog‘in yog‘adi.
Atrofdan dengizga yiliga 5,5 km3 yer osti suvlari qo‘shilib turgan. Dengiz cho‘l zonasida joylashganidan uning yuzasidan har yili 1 metr qalinlikdagi suv bug‘lanadi.