calendar 12 May 13:05

Ekologik ta’lim-tarbiya — ekologik barqarorlik omili

Ekologik ta’lim-tarbiya, bu xalqimizning ezgu an’analari  asosida yoshlarni tarbiyalash, ular ongida tabiatga, uning boyliklariga mehr-muhabbat uyg‘otish, shuningdek, tabiiy boyliklarni asrab-avaylashga o‘rgatishdan iborat.

Qayd etish joizki, uzoq yillar mobaynida tabiatga yetkazilgan ta’sir oqibatida tabiiy muvozanatga putur yetdi. Bugungi kunga kelib esa, insoniyat tamadduni, uning ertangi taqdiri aynan shunday masalalarni hal etishni taqozo etmoqda. Ayni paytda ekologik muammolarni hal etishda tejamkor, ekologik toza texnologiyalarni joriy qilish, tabiatni muhofaza qilish tadbirlarini izchil olib borish yoki sohaga oid qonunchilikni takomillashtirish borasidagi sa’y-harakatlar ularni hal etishda yetarli emasligini ko‘rsatmoqda.

Darhaqiqat, ekologik ta’lim va tarbiya bugunning dolzarb masalalaridan biri. Har bir insonda o‘zi yashab turgan uy, ko‘cha, mahalla, qishloq va shaharni ifloslanishdan asrash, uni obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish, tabiiy maskanlarni asl holida saqlash va ulardan unumli foydalanish, yurtimiz tabiatini muhofaza qilish singari fazilatlarni shakllantirish ekologik tarbiyaning ajralmas qismidir. Aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish, atrof-muhitga oqilona munosabatda bo‘lish, tabiat ne’matlarini kelgusi avlodlar uchun asrab-avaylash hissini shakllantirish antropogen ta’sirlarning oldini olishda asosiy omillardan biridir. Bunda ekologik ta’lim-tarbiyaning ahamiyati ham nihoyatda yuqori. Zero, ekologik ta’lim-tarbiya tabiat va jamiyat o‘rtasidagi uzviylikni ta’minlash hamda tabiiy barqarorlikni saqlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Shuningdek, ekologik ta’lim-tarbiya yoshlarni tabiatdan ongli ravishda foydalanish va ular qalbida tabiatga mehr-muhabbat uyg‘otish hamda tejamkorlikka o‘rgatishda qo‘l keladi. Albatta, yosh avlod qalbida tabiatga nisbatan hurmat hissini shakllantirish va rivojlantirish muhim masalalardan sanaladi. Insonning tabiat quchog‘ida bo‘lishi uni ruhan tetiklashtirib, uning mehnat qobiliyati va ijodiy faoliyatini oshiradi. Tabiatga muhabbat, tabiat go‘zalliklarini sevish va tabiatdan ratsional foydalanish g‘oyalarini bolalikdan singdirib borish va bu tarbiyani o‘rta va oliy maktabda o‘qish jarayonida davom ettirish zarurdir. Faqat shu yul bilangina tabiatga ehtiyotlik bilan munosabatda bo‘lishni insonlar ongiga singdirish mumkin. Talabalarda tabiatga nisbatan muhabbat va g‘amxo‘rlik tuyg‘ulari oila va maktabda tarbiyalanadi.

Lekin bugungi kunda na maktablarda, na oliy o‘quv yurtlarida ekologiya faniga alohida fan sifatida e’tibor qaratilmayotgani bu albatta achinarli holatdir. Vaholanki, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 27 maydagi qarori bilan Ekologik ta’limni rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlangan. Konsepsiyaning maqsadi yosh avlodda ekologik bilim, ong va madaniyatni shakllantirish, ekologiya sohasidagi ilm-fanni innovatsion texnologiyalarni jalb qilgan holda takomillashtirishdan iborat ekanligi belgilab qo‘yilgan.

Aytish mumkinki, inson tafakkurini oliy darajadagi bosqichi bu ekologik tafakkurdir. Zero, inson o‘zini anglashi va uning atrof muhitga bo‘lgan munosabatini ijobiylashtirishi, yani kundalik hayotimizda tabiatga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan har qanday hatti-harakati oqibatini avvaldan anglab yetishi va shunga yarasha faoliyat ko‘rsatishi, tegishli bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishi, har birimiz o‘zimizni tabiatning ajralmas bir bo‘lagi va uning xaloskori ekanligimizni unutmasligimiz lozim. Shuning uchun ta’lim-tarbiyaning barcha bosqichlarida ekologik tafakkurini rivojlantirib borish har birimizning tabiat oldidagi muqaddas burchimiz bo‘lib qolishi zarur.

Diyora Sharipova,

 O‘zbekiston Ekologik partiyasi

Markaziy Kengashi Ijroiya

 qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i

birds birds