calendar 12 Oktabr 16:02

Dehqonobodliklar saylovoldi dastur bilan tanishtirildi

24 oktabr – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kuni. Shu bois mamlakatimizda saylovoldi targ‘ibot ishlari avjida.

 

Ana shunday targ‘ibot tadbirlaridan biri Dehqonobod tumanidagi 89-umumiy o‘rta ta’lim maktabida bo‘lib o‘tdi.

 

Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga O‘zbekiston Ekologik partiyasidan ko‘rsatilgan nomzod Narzullo Oblomurodovning Qashqadaryo viloyatidagi ishonchli vakili N. Halimov ishtirok etdi. 

 

Partiya faollari, tuman kengashi a’zolari, deputatlar, yoshlar, Dehqonobod davlat o‘rmon xo‘jaligi xodimlari hamda OAV vakillari ishtirokida o‘tgan uchrashuv avvalida ishonchli vakil nomzodning tarjimai holi haqida ma’lumot berdi.

Shundan so‘ng, ishonchli vakil saylovoldi dasturda belgilangan ustuvor vazifa va maqsadlarni keng tahlil etib, yangi siyosiy kuch sifatida maydonga chiqqan partiyaning xalqchil sa’y-harakatlariga atroflicha to‘xtaldi.

 

Shuningdek, nomzodning mamlakatimizda ekologik xavfsizlikni ta’minlash, yuzaga kelayotgan ekologik muammolarni izchillik bilan hal etish va iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlashda jamiyatning barcha kuchlarini birlashtirishga qaratilgan ustuvor yo‘nalishlardan iborat taklif hamda g‘oyalari xususida so‘z bordi.

 

Nomzodning saylovoldi dasturi mamlakatning rivojlanishi va ertangi kuni bilan bog‘liq bo‘lgan muhim tashabbuslar ilgari surilayotgani, birinchi navbatda ekologik holatni yaxshilash, xalqimizning hayot darajasi va sifatini oshirish hamda ijtimoiy muammolarni hal etish uchun yangi imkoniyatlardan foydalanish yo‘llari taklif qilinayotgani bilan ahamiyatli.

 

Uchrashuv davomida so‘zga chiqqan aholi vakillari nomzodning saylovoldi dasturida ilgari surilgan muhim tashabbuslarning ahamiyati haqida to‘xtalib, hudud iqlimi va holatidan kelib chiqqan holda fikr-mulohazalarini bildirdi.

Saylovchilar tomonidan aytilgan fikrlar va takliflar O‘zbekiston Ekologik partiyasi vakillari hamda deputatlar tomonidan o‘rganilishi ta’kidlandi.

 

O‘zbekiston Ekologik partiyasi

Matbuot xizmati

 

birds birds