calendar 06 Oktabr 15:08

Narzullo Oblomurodov farg‘onaliklar bilan uchrashdi

O‘zbekiston Ekologik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narzullo Oblomurodovning bugun Oltiariq tumanidagi Markaziy madaniyat saroyida farg‘onalik saylovchilar bilan uchrashdi.

 

Unda partiya faollari, deputatlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

 

Uchrashuvda nomzod o‘z saylovoldi dasturida belgilangan ustuvor vazifa va maqsadlarni keng tahlil etib, yangi siyosiy kuch sifatida maydonga chiqqan partiyaning sa’y-harakatlariga atroflicha to‘xtaldi.

 

Shuningdek, mamlakatimizda ekologik xavfsizlikni ta’minlash, yuzaga kelayotgan ekologik muammolarni izchillik bilan hal etish va iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlashda jamiyatning barcha kuchlarini birlashtirishga qaratilgan ustuvor yo‘nalishlardan iborat taklif hamda g‘oyalari xususida so‘zladi.

Nomzodning saylovoldi dasturi mamlakatning rivojlanishi va ertangi kuni bilan bog‘liq bo‘lgan muhim tashabbuslar ilgari surilayotgani, birinchi navbatda, ekologik holatni yaxshilash, xalqimizning hayot darajasi va sifatini oshirish hamda ijtimoiy muammolarni hal etish uchun yangi imkoniyatlardan foydalanish yo‘llari taklif qilinayotgani bilan ahamiyatli.

 

Narzullo Oblomurodov iqlim o‘zgarishi muammosini ham e’tibordan chetda qoldirmagan. Uning saylovoldi dasturida Orol dengizining ekologik falokati oqibatlarini yumshatishga qaratilgan innovatsion loyihalarni amalga oshirish orqali Orolbo‘yi mintaqasida ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni, aholining yashash sharoitlarini yaxshilash uchun amaliy ishlar qilinishi ta’kidladi.

Ekologik partiya yashil taraqqiyot hamda yashil iqtisodiyotga o‘tishni jadallashtirishning tarafdoridir. Kelajakda yashil iqtisodiyot taraqqiy topgan, qayta tiklanuvchi energiya hamda resurs tejamkor texnologiyalar joriy etilgan zamonaviy raqobatbardosh iqtisodiyotni barpo etishni asosiy maqsad qilgan.

 

Shuningdek, nomzod tabiatga munosabatni o‘zgartirish shartligini aytib o‘tdi. Bundan buyon qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarning atrof-muhitga ta’siri o‘rganib boriladi va jamoatchilik eshituvi tamoyillari kuchaytiriladi.

Narzullo Oblomurodov "Mo‘ynoqqa madad"loyihasi haqida ham to‘xtalib o‘tib, Farg‘ona viloyatida ham mazkur yirik tadbir keng quloch yozganini mamnuniyat bilan ta’kidladi.

 

N. Oblomurodov uchrashuvda dunyoda kechayotgan global isish ko‘rsatkichlari bo‘yicha mamlakatimizdagi holat xalqaro me’yorlardan yuqori ekanligiga ham alohida urg‘u berdi.

Shuningdek, kelgusida energetika sohasini tubdan isloh qilish, ekologik muvozanatni ta’minlashga qaratilgan normativ-huquqiy bazani takomillashtirish va xalqaro hujjatlarni qabul qilish, sog‘liqni saqlash, ta’lim, ilm-fan va madaniy-ma’rifiy sohalarni yanada rivojlantirish, shuningdek, tashqi siyosat va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish borasida ezgu ishlarga bosh bo‘lishi saylovchilarga yetkazildi.

Saylovchilar bilan uchrashuvdan so‘ng nomzod Oltiariq tumanidagi uzumchilik klasteri hamda issiqxonalar faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi.

 

O‘zbekiston Ekologik partiyasi matbuot xizmati

birds birds