calendar 03 Fevral 14:22

YASHIL OLAMNI YARATISH, YURTNI OBOD ETISHGA HAMISHA KAMARBASTAMIZ!

Joriy yilning 2 fevral kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev raisligida “Chiqindilar bilan ishlash tizimini takomillashtirish va hududlardagi ekologik holatni yaxshilash”, “Yashil makon” umumilliy loyihasini amalga oshirish bo‘yicha 2022 yildagi ustivor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

 

Mazkur yig‘ilishda dunyoda qattiq maishiy chiqindilar miqdori aholi jon boshiga har yili 1 foizga yetib borayotgani, mamlakatimizda so‘nggi yillarda iqtisodiy o‘sish, aholi tumush darajasi yaxshilanishi natijasida o‘sish 2 foizni tashkil etib, yillik hosil bo‘layotgan maishiq chiqindilar miqdori 7 million tonnaga yetkani aytildi. Lekin ushbu chiqindilarni yig‘ish, saralash, olib chiqish, qayta ishlash va utilizasiya qilish ahvoli qoniqarli emas, dedi davlatimiz rahbari.

 

Darhaqiqat, muhtaram yurtboshimiz jon kuydirayotgan ushbu masala juda dolzarb va muhim bo‘lib bu boradagi vazifalarni izchillik bilan amalga oshirish kerak. Farg‘ona viloyatida ham chiqindilarni qayta ishlashga mo‘ljallangan bir qator korxonalar ishlab turibdi. Farg‘ona shahridagi Qirgili mavzesi, Toshloq tumani, Qo‘qon shaharlarida bu kabi yirik hamda kichik korxonalar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

 

Viloyatimizning Qo‘shtepa tumanidagi Humdon qishlog‘idagi yirik chiqindi tashlash poligoniga ham Farg‘ona, Marg‘ilon shaharlari, Qo‘shtepa tumani va shu hududga yaqin tumanlar aholisi chiqindisi olib kelib to‘kiladi. Bu albatta, shu hududda yashovchi ko‘pchilik aholiga muammo keltirib chiqaradi. Aholining yashashi, sog‘ligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bu muammoni bartaraf etish maqsadida xorijiy texnologiyalar asosida chiqindini qayta ishlashga mos korxonani tashkil etishga kirishdi. Bu chiqindilarni qayta ishlash, utilizasiya qilish va aholi sog‘ligini himoyalashda asosiy vazifa bo‘lib xizmat qiladi. Bu kabi ishlarni yanada ko‘paytirishda, albatta, Ekopartiya hamkorligi, deputatlarimiz tashabbuslari muhim ahamiyatga egadir va bu boradagi ishlarni amalga oshirishda doimo faol harakat qilamiz.

 

Mazkur yig‘ilishda shuningdek, Prezidentimiz yurtimizda daraxt ekish ishlarini kengaytirish, “Yashil makon” umumilliy loyihasini yanada keng tadbiq etish, daraxt turlarini ko‘paytirish masallalariga alohida e’tibor qaratildi.

 

– Hammangiz yaxshi bilasiz xalqimiz azaldan tabiatni muqaddas deb bilgan. Tuproqni, suvni, havoni, ostonasini pok saqlashga intilgan, xalqimizda “Birni kessang o‘nni ek”, degan dono naql ham bejiz aytilmagan. Oilada yangi farzand dunyoga kelsa unga atab nihol ekilgan. Afsuski, ana shu ezgu odatlar bugun deyarli yo‘qolib ketdi. Odamlarimiz hatto eshigi va hovlisi atrofini tozalashdan, daraxt, gul ko‘chat ekib, saramjon sarishta qilib qo‘yishdan erinadigan bo‘lib qoldi. Bugun dunyo miqyosida texnika va texnologiya, sanoat yuqori darajada rivojlangan XXI asrda ekologiya bilan bog‘liq muammolar birinchi darajali muammo sifatida kun tartibiga chiqayotgani bejizga emas. Biz bu masalada faqat bugunni emas, yaqin va uzoq kelajakni o‘ylab ish tutmasak, ko‘zlangan maqsadimizga erisha olmaymiz”, dedi davlatimiz rahbari.

 

Ushbu masalaga ham jiddiy yondoshgan holda Farg‘ona viloyatida daraxt ekish, bu boradagi targ‘ibot ishlarini kuchaytiramiz. Xususan, Prezidentimiz ekologiya sohasini yanada rivojlantirish, atrof-muhit muhofazasini ta’minlash, odamlarga sof, toza, yashil, barqaror muhitni yaratish borasidagi ishlarga o‘ta jonkuyarlik bilan e’tibor qilayotgan dolzarb pallada, biz ushbu chaqiriqqa labbay, deya javob bergan holda amaliy sa’y-harakatlarni bajaramiz.

 

Yashil makon umumilliy loyihasi doirasi biz korxona, tashkilot, muassasalarga, mahallalarga kirib borgan bo‘lsak, endi Prezidentimiz aytganlaridek, oilalarga, xonadonlarga daraxt ekish tadbirlarimiz bilan kirib boramiz va go‘zal yashil olamni yaratamiz.

 

Bu jarayonda partiyamiz viloyat Kengashi, tuman va shahar partiya tashkilotlarimiz bilan o‘z reja dasturimizni tuzib, turli loyihalar, aksiyalar, tanlovlar, tadbirlarni tashkil etishni rejalashtirganmiz va buning ijrosi ta’minlanadi. Ayniqsa, ushbu ezgu ishga nuroniylarimiz, tajribali dehqonu fermerlarimiz, bog‘bonlarimiz, yoshlar qanoti, ayollar qanoti vakilarimizni ham kengroq jalb etamiz.

 

Daraxt ekish eng ezgu va savobli amal sanaladi. Shunday ekan, bu ezgu amalga, yurtni obod etishga biz doimo kamarbastamiz.

 

 

Muhammadali MAHMUDOV,

O‘zbekiston Ekologik partisi Farg‘ona viloyat Kengashi raisi,

Xalq deputatlari Farg‘ona viloyat Kengashi deputati.

 

 

birds birds