calendar 28 Sentabr 05:20

Saylovchilar bilan Qarshi shahrida uchrashuv

27 sentabr kuni Qashqadaryo viloyati, Qarshi shahridagi viloyat musiqali drama teatrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga O‘zbekiston Ekologik partiyasidan ko‘rsatilgan nomzod Narzullo Oblomurodovning Qashqadaryo  viloyati saylovchilari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

 

 Uchrashuvda viloyat faollari, yoshlar, partiyaning viloyat kengashi a’zolari, deputatlar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

 

 Dastlab, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga O‘zbekiston Ekologik partiyasidan ko‘rsatilgan nomzod Narzullo Oblomurodovning Qashqadaryo viloyati bo‘yicha ishonchli vakili Nosir Halimov ishtirokchilarga nomzodning tarjimai holi haqida ma’lumot berdi.

 

 Shundan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga O‘zbekiston Ekologik partiyasidan ko‘rsatilgan nomzod Narzullo Oblomurodov yig‘ilganlarni o‘z saylovoldi dasturi bilan tanishtirdi. Nomzod o‘z nutqida saylovoldi dasturida belgilangan ustuvor vazifa va maqsadlarga atroflicha to‘xtalib o‘tdi.

 

 Uchrashuvda nomzod o‘z saylovoldi dasturida belgilangan ustuvor vazifa va maqsadlarni keng tahlil etib, yangi siyosiy kuch sifatida maydonga chiqqan partiyaning xalqchil sa’y-harakatlariga atroflicha to‘xtaldi. Shuningdek, mamlakatimizda ekologik xavfsizlikni ta’minlash, yuzaga kelayotgan ekologik muammolarni izchillik bilan hal etish va iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlashda jamiyatning barcha kuchlarini birlashtirishga qaratilgan ustuvor yo‘nalishlardan iborat taklif hamda g‘oyalari xususida so‘zladi.

 

 Nomzodning saylovoldi dasturi mamlakatning rivojlanishi va ertangi kuni bilan bog‘liq bo‘lgan muhim tashabbuslar ilgari surilayotgani, birinchi navbatda ekologik holatni yaxshilash, xalqimizning hayot darajasi va sifatini oshirish hamda ijtimoiy muammolarni hal etish uchun yangi imkoniyatlardan foydalanish yo‘llari taklif qilinayotgani bilan ahamiyatli.

 

Prezidentlikka nomzod Narzulla Oblomurodov iqlim o‘zgarishi muammmosini ham e’tibordan chetda qoldirmagan. Orol dengizining ekologik falokati oqibatlarini yumshatishga qaratilgan innovatsion loyihalarni amalga oshirish orqali Orolbo‘yi mintaqasida ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni, aholining yashash sharoitlarini yaxshilash uchun amaliy ishlar qilinadi.

 

 Orol muammosini hal etishga hamda bu muammoning Orolbo‘yi aholisi genofondiga va atrof-muhitiga salbiy ta’sirini yumshatishga jamiyatning barcha kuchlari jalb etiladi. Orolbo‘yi mintaqasiga ekologik innovatsiya va texnologiyalarni tatbiq etish ishlari kuchaytiriladi.

 

 Ekologik partiya yashil taraqqiyot hamda yashil iqtisodiyotga o‘tishni jadallashtirish tarafdori. Kelajakni yashil iqtisodiyot taraqqiy topgan, qayta tiklanuvchi energiya hamda resurs tejamkor texnologiyalar joriy etilgan zamonaviy raqobatbardosh iqtisodiyotni barpo etishni asosiy maqsad qilgan.

 

 Qashqadaryo viloyatida ayniqsa dolzarb bo‘lgan aholini toza ichimlik suv bilan ta’minlash masalasi nomzod dasturidan alohida o‘rin olgan. Ichimlik suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini yaxshilash bo‘yicha dasturiy vazifalarni amalga oshirish orqali aholining ichimlik suv ta’minotini 90 foizga yetkazish vazifasi qo‘yilgan. Buning uchun suv resurslaridan oqilona foydalanishga qaratilgan tashkiliy-huquqiy islohotlar olib boriladi. Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalangan holda suvni chuchuklashtiruvchi lokal qurilmalar barpo etish orqali olis qishloq joylarda suv ta’minoti sezilarli darajada yaxshilashga eishiladi. Ichimlik suv ta’minoti loyihalarida bozor mexanizmlari joriy etiladi.

 

 Shuningdek, kelgusida Ekopartiya energetika sohasini tubdan isloh qilish, ekologik muvozanatni ta’minlashga qaratilgan normativ-huquqiy bazani takomillashtirish va xalqaro hujjatlarni qabul qilish, sog‘liqni saqlash, ta’lim, ilm-fan va madaniy-ma’rifiy sohalarni yanada rivojlantirish, shuningdek tashqi siyosat va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish borasida ezgu ishlarga bosh bo‘lishi saylovchilarga yetkazildi.

 

 Uchrashuv davomida nomzodning saylovoldi dasturi bo‘yicha munosabatlar bildirildi. Ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga nomzod va uning ishonchli vakili batafsil javob berishdi.

 

 O‘zbekiston Ekologik partiyasi mamlakatimizning barcha fuqarolarini insonlarning sog‘lig‘ini saqlash, atrof-muhitni muhofaza qilish va bebaho tabiiy boyliklarini asrab-avaylashdek muhim vazifani bajarishda faol ishtirok etishga chaqiradi.

 

 

 

O‘zbekiston Ekologik partiyasi

Markaziy Kengashi axborot xizmati

birds birds