calendar 21 Fevral 09:59

MАSHINАSOZLIK SOHАSIDАGI OʼZGАRISHLАR ODАMLАR UCHUN YENGILLIK YARАTАDI

Inson qadrini ulugʼlash, uning huquq va erkinliklarini amalda taʼminlash, odamlarning hayotdan rozi boʼlib yashashiga erishish, ularning orzu-umidlarini roʼyobga chiqarish bugun davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan siyosatning eng ustuvor yoʼnalishi sifatida eʼtibor qaratilmoqda, desak xato boʼlmaydi. 


14 fevralь kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev huzurida mashinasozlik sanoatida amalga oshirilayotgan ishlar va 2022 yildagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bagʼishlangan yigʼilish boʼlib oʼtdi va unda mashinasozlik sohasida bir qator yengilliklarning eʼlon qilinishi yuqoridagi fikrlarning amaldagi yana bir isboti boʼldi. 


Jumladan, yigʼilishda “Oʼzavtosanoat” АJ raisiga besh yillik Taraqqiyot strategiyasida avtomobilь ishlab chiqarishni 1,4 barobarga, eksportini esa 2 barobarga oshirish belgilab olingani, shu munosabat bilan 1 mayga qadar avtomobilь xarididagi navbatlarni toʼliq bartaraf etish, "UzAuto Motors" avtomobillari uchun oldindan toʼlov miqdorini 85 foizdan 50 foizgacha pasaytirish vazifasi qoʼyildi.


Bu xalqimiz uchun juda katta yangilik boʼldi. Yangi avtomobilga toʼlov qilib, chiqish muddati noaniq boʼlgan mashinasini kutayotgan fuqarolarimiz 1 mayga qadar oʼz avtomobillariga ega boʼladi. Tabiiyki ularning oilasiga quvonchu shodlik kirib, qalbida bugungi kunidan rozilik, shukronalik hissi oʼtadi. Prezidentimizning birinchi galdagi maqsadi ham shu aslida. 


Ochigʼini aytish kerak, fuqarolarimiz xorijda ishlab chiqarilgan brend avtomobillarni sotib olishga biroz ogʼrinardi. Chunki 30 foizlik bojxona toʼlovlari avto ulov narxiga qoʼshilganda anchayin qimmatga aylanadi. Prezidentimiz mana shu masalani ham eʼtibordan chetda qoldirmadi. 


Davlatimiz rahbari aholimiz avtomobilь bozorida takliflarni keskin oshirish boʼyicha amaliy natijalarni hozir kutmoqda, deya taʼkidlab, Vazirlar Mahkamasiga uch kun muddatda import avtomobillari uchun bojxona boji stavkalarini 2 barobarga (30 foizdan 15 foizga) pasaytirish boʼyicha qaror loyihasini kiritishga topshiriq berildi.


Bu ham fuqarolarimiz uchun yaxshi yangilik boʼldi. Import avtomobillari uchun bojxona boji stavkalarini 2 barobarga pasayishi avtomobillar narxining sezilarli arzonlashishiga olib keladi. Eng muhimi, narxlarda katta farq boʼlmagan holda tanlash imkoniyati koʼpayadi. 


Yangi avtomobillarni sotib olishda yaratilayotgan yengilik, bojxona boji stavkalarining pasayishi oʼz-oʼzidan ikkilamchi bozorda ham avto ulovlarning narxi arzonlashishiga olib keladi. 


Bir soʼz bilan aytganda, yigʼilishda berilgan topshiriqlar faqat va faqat fuqarolarimizga qulaylik va yengilliklar yaratadi.



 

Kamol JUMАNIYOZOV
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

birds birds