calendar 17 Avgust 16:39

Joriy yilning 4 avgust kuni O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashining navbatdan tashqari plenumi bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 4 avgust kuni O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashining navbatdan tashqari plenumi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi a’zolari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraktsiyasi a’zolari, hududiy partiya tashkilotlari rahbarlari, partiya faollari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

 

Plenumni O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi N. Oblomurodov ochib berdi. U o‘z so‘zida O‘zbekistonda siyosiy partiyalar va fuqarolar saylov huquqlarini amalga oshirish uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgani, Yangi O‘zbekistondagi saylov O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi asosida ko‘p partiyaviylik, partiyalararo erkin raqobat, ochiqlik va oshkoralik tamoyillari asosida o‘tkazilishini, O‘zbekiston Ekologik partiyasi joriy yilda ilk bor O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etayotganini ta’kidladi. Joriy yilning 24 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovida ishtirok etish jarayonida O‘zbekiston Ekologik partiyasi avvalambor, O‘zbekiston taraqqiyoti va ertangi kuni bilan bog‘liq muhim tashabbuslarni siyosiy kun tartibiga qo‘yadi.

 

Partiyaning dasturiy maqsadlari hamda elektorati manfaatlaridan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida partiya munosib ishtirok etadi. Quyidagi yo‘nalishlar Ekopartiya saylovoldi platformasining asosiy yo‘nalishlarini tashkil etadi: mamlakat barqaror rivojlanishini ta’minlash, «yashil» iqtisodiyotga o‘tishni jadallashtirish, qayta tiklanuvchi va muqobil energiyani rivojlantirish hamda iqtisodiyotning energiya samaradorligini oshirish; ekologik xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan davlat siyosatini amalga oshirish; atrof muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va aholi uchun qulay yashash sharoitlar yaratish; iqlim o‘zgarishlariga moslashish, Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish va Orolbo‘yi hududini yanada rivojlantirish; davlat va jamiyat boshqaruvi, sud-huquq tizimida islohotlar samaradorligini oshirish; sog‘liqni saqlash, ta’lim, ilm-fan va madaniy-ma’rifiy sohalarni yanada rivojlantirish; tashqi siyosat va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish.

 

Partiya s'yezdini chaqirish va s'yezd kun tartibi hamda s'yezdga delegatlar saylash masalasida hududiy partiya tashkilotlari konferentsiyalarini o‘tkazish, O‘zbekiston Ekologik partiyasi hududiy Kengashlaridan partiya s'yezdiga delegatlarni saylash me’yori va tartibi ko‘rib chiqildi. Plenumda O‘zbekiston Ekologik partiyasining yangi namunadagi ramzlari tasdiqlandi. Shuningdek, partiya Markaziy Kengashi tarkibiga tegishli o‘zgartishlar kiritildi. Saylov kampaniyasi davrida vakolatli vakil, kuzatuvchi hamda ishonchli vakillarni tanlash masalalari atroflicha muhokama etildi. Kun tartibidagi masalalar bo‘yicha partiyaviy OAV hamda hududiy partiya kengashlari rahbarlari oldiga tegishli vazifalar qo‘yildi. Muhokama qilingan barcha masala yuzasidan O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi plenumi tegishli qarorlarni qabul qildi.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi Matbuot xizmati

birds birds