calendar 29 Sentabr 10:44

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga O‘zbekiston Ekologik partiyasidan ko‘rsatilgan nomzod Narzullo Oblomurodovning Surxondaryo viloyati saylovchilari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

 

 Surxondaryo viloyati Termiz shahridagi Qo‘g‘irchoq teatri binosida  O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga O‘zbekiston Ekologik partiyasidan ko‘rsatilgan nomzod Narzullo Oblomurodovning Surxondaryo viloyati saylovchilari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

 

 Uchrashuvda viloyat faollari, yoshlar va partiyaning viloyat kengashi a’zolari, deputatlar  hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

 

 Dastlab, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga O‘zbekiston Ekologik partiyasidan ko‘rsatilgan nomzodning Surxondaryo viloyati bo‘yicha ishonchli vakili Ibrohim Yoqubov ishtirokchilarga nomzodning tarjimai holi haqida ma’lumot berdi.

 

 So‘ng  Narzullo Oblomurodov yig‘ilganlarni o‘z saylovoldi dasturi bilan tanishtirdi. Nomzod o‘z nutqida saylovoldi dasturida belgilangan ustuvor vazifa va maqsadlarga atroflicha to‘xtalib o‘tdi.

 

 Saylovoldi dasturda mamlakatning rivojlanishi va ertangi kuni bilan bog‘liq bo‘lgan muhim tashabbuslar ilgari surilayotgani, birinchi navbatda ekologik holatni yaxshilash, xalqimizning hayot darajasi va sifatini oshirish hamda ijtimoiy muammolarni hal etish uchun yangi imkoniyatlardan foydalanish yo‘llari taklif qilinayotgan.

 

 Shuningdek, mamlakatimizda ekologik xavfsizlikni ta’minlash, yuzaga kelayotgan ekologik muammolarni izchillik bilan hal etish va iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlashda jamiyatning barcha kuchlarini birlashtirishga qaratilgan ustuvor yo‘nalishlardan iborat taklif hamda g‘oyalari xususida so‘z yuritdi.

 

 Ma’ruzachi takidlagandek, Ekologik partiya yashil taraqqiyot hamda yashil iqtisodiyotga o‘tishni jadallashtirish tarafdori. Partiya kelajakda yashil iqtisodiyot taraqqiy topgan, qayta tiklanuvchi energiya hamda resurs tejamkor texnologiyalar joriy etilgan zamonaviy raqobatbardosh iqtisodiyotni barpo etishni asosiy maqsad qilgan.

 

 Surxondaryoda qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanish uchun katta salohiyat mavjud. Yilning qariyb 300 kuni quyoshli bo‘ladi. Tabiatning bu vohada quyosh energiyasidan oqilona foydalanish, muqobil energiyani rivojlantirish hududda energiya samaradorligini yanada oshirish haqida ham uchrashuvda gapirib o‘tildi.

 

 Uchrashuvda nomzod o‘z saylovoldi dasturida belgilangan ustuvor vazifa va maqsadlarni keng tahlil etib, yangi siyosiy kuch sifatida maydonga chiqqan partiyaning xalqchil sa’y-harakatlarini yig‘ilganlarga  tushuntirdi.

 

 Nomzod aholisi asosan qishloqlarda yashaydigan ushbu viloyatliklar uchun dasturdagi qishloq xo‘jaligida “aqlli” texnologiyalarni amaliyotga tadbiq etishning ahamiyati haqida ham atroflicha so‘zlab berdi.

 

 Surxondaryo viloyatining ayrim tumanlarida dolzarb bo‘lgan toza ichimlik suvi bilan aholini ta’minlash masalasi ham  muhokama qilindi. Bu muammo yechimiga saylovoldi dasturida keng o‘rin berilganligi aytib o‘tildi.

 

 Ekopartiya tashqi siyosatda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, transchegaraviy muhofaza qilinadigan hududlarni barpo etish va mintaqaning ekologik barqarorligini ta’minlash, bundan tashqari,  mintaqaviy savdo-iqtisodiyotni mustahkamlash bugungi kunning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi, -dedi N.Oblomurodov. Ayniqsa qo‘shni davlatlar bilan chegaradosh bo‘lgan Surxondaryo viloyatining o‘ziga xos siyosiy va jo‘g‘rofiy imkoniyatlarini sanab o‘tdi.

 

 Uchrashuv davomida nomzodning saylovoldi dasturi bo‘yicha munosabatlar bildirildi. Ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga nomzod va uning ishonchli vakili batafsil javob berishdi. So‘zga chiqqanlar esa viloyatning ekologik muammolari va ularning nomzod dasturi bilan uzviy bog‘liqligi haqida  to‘xtaldilar.

 

 Uchrashuv doirasida saylovchilarning barcha savollariga batafsil javob berildi.

 

 So‘zga chiqqanlar  Ekologik partiyasidan O‘zbekiston Prezidentligiga nomzod Narzullo Oblomurodovning ilgari surayotgan saylovoldi dasturini qo‘llab-quvvatlashdi. Chunki dasturda ilgari surilayotgan “Yashil siyosat”, “Yashil iqtisodiyot” va “Yashil rivojlanish” g‘oyalari hozirgi kunda yurtimizda rivojlanishni keskin oshirish yo‘lida xalqimiz kutayotgan siyosatni mazmun-mahiyatini o‘z ichiga olgan.

 

 “Bugungi global ekologik muammolar sharoitida “yashil taraqqiyot” eng to‘g‘ri yo‘l deb o‘ylayman, dedi Termiz davlat universiteti talabasi,  «Yoshlar parlamenti» a’zosi Ixtiyor Baxramov. O‘zbekiston aholisining asosiy qismini yoshlar tashkil qiladigani va saylovchilarning aksariyat qismi ham yoshlar ekanligini ta’kidlab, tengdoshlarini «yashil taraqqiyot» uchun ovoz berishga chorladi.

 

 O‘zbekiston Ekologik partiyasi ona tabiatni bor boyliklari va tabiiyligicha asrash har bir yurtimiz fuqarosining burchi ekanligini eslatib o‘tadi xamda mamlakatimizning barcha fuqarolarini saylovlarda faol ishtirok etishga chaqiradi.

 

O‘zbekiston Ekologik partiyasi

Markaziy Kengashi axborot xizmati

 

birds birds