calendar 10 Oktabr 14:52

Narzullo Oblomurodov O‘zgidrometda bo‘ldi

O‘zbekiston Ekologik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narzullo Oblomurodov bugun Respublika Gidrometeorologiya xizmati markazida bo‘ldi. Partiya rahbari markaz xodimlar bilan suhbatlashdi.

Narzullo Oblomurodov O‘zbekiston Gidrometerologiya xizmati markazi bosh direktori Sh.Xabibullaev bilan bo‘lgan muloqot chog‘ida sohada raqamlashtirish jarayonini tezlashtirish, texnik imkoniyatlarni kengaytirish, ekologik xavfni sug‘urtalash, qishloq xo‘jaligida iqlim o‘zgarishi tufayli sodir bo‘lgan salbiy oqibatlarning oldini olish, daraxtlarning qurish jarayoni anomal isish yoki inson omilli tufayli ro‘y berayotganini tahlil qilib borish, atmosfera havosida zararli chang va gazlarning tahlilini olib borishni raqamlashtirish, sohaga zamonaviy texnologiyalarni olib kirish, kuzatuv maskanlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berdi.

 

Shuningdek, atmosferada tarqalayotgan turli hidlar shovqin muammosi bo‘yicha huquqiy me’yori hujjatlar ishlab chiqish vaqti kelgani alohida ta’kidlandi. Jahon mamlakatlarida ushbu sohani rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlarni o‘rganish va respublikamizda o‘ziga hos iqlim sharoitidan kelib chiqib maqbul tajribalarni amaliyotda qo‘llash, sohada kadrlar tayyorlash ularning malakasini oshirish, sohaning moddiy texnika bazasini mustahkamlash masalalari bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirildi. Ochiq va samimiy ruhda kechgan uchrashuvda sohadagi mavjud kamchiliklar va ularning yechimi yuzasidan fikr almashildi.

 

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, Respublika Gidrometeorologiya xizmati markazi (O‘zgidromet) mamlakatimizda gidrometeorologiya sohasidagi masalalarni hal qilish bo‘yicha maxsus vakolatga ega davlat boshqaruv organi hisoblanadi.

 

Tashkilot tarixiga qisqacha nazar tashlasak, 1867 yildan Toshkent shahrida doimiy metrologik kuzatuvlar amalga oshirilgan bo‘lib, 1876 yildan esa Astronomiya observatoriyasi qoshida meteorologiya stansiyasi o‘z faoliyatini boshlagan. Meteostansiya 156 yildan buyon uzluksiz kuzatuvlarni amalga oshirmoqda.  

 

Shuningdek, tashkilot Markaziy Osiyo davlatlari gidromeorologiya xizmatlarini barqaror rivojlanishida alohida o‘ringa ega bo‘lib, 1967 yildan Jahon meteorologiya tashkilotining Mintaqaviy telekommunikatsion markaziga aylangan.

 

Jahon meteorologik markazlaridan olingan sinoptik va meteorologik ma’lumotlar bilan Markaziy Osiyo davlatlarini ta’minlash, ushbu davlatlardan olingan ma’lumotlarni muvofiqlashtirish, birlamchi qayta ishlash vazifalari O‘zgidromet tomonidan amalga oshirib kelinmoqda. Ayni paytda milliy gidrometeorologiya xizmati 330dan ortiq gidrometeorologik kuzatuvlar va atrof tabiiy muhit ifloslanishi monitoringini olib boruvchi punktlarni birlashtirib, ular yordamida 240 turdan ortiq prognostik, sun’iy yo‘ldoshlardan olinadigan, tahliliy, ixtisoslashtirilgan va ma’lumotnoma tusidagi gidrometeorologik mahsulotlar tayyorlanishi yo‘lga qo‘yilgan.

 

Ta’kidlash kerakki, Narzullo Oblomurodovning saylovoldi dasturida ham iqlim o‘zgarishlari, atrof-muhit va atmosfera havosini muhofaza qilish, uning sifat ko‘rsatkichlarini ekologik normativlarga muvofiqligini ta’minlash, joylarda atrof-muhitni me’yoridan ortiq ifloslantiruvchi manbalarni aniqlash orqali ularning texnologik jarayonlarini modernizatsiya qilish, yangi innovatsion texnologiyalarni joriy etishning huquqiy asoslarini ishlab chiqish, atmosfera havosiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi har qanday xo‘jalik faoliyati turlarini ifloslantiruvchi moddalarni tozalash uskunalari bilan jihozlanmasdan loyihalashtirishni ta’qiqlash, kabi bir qator masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.

 

Bu borada Gidrometeorologiya markazining o‘rni muhim ahamiyatga ega. Sohani rivojlantirish va modernizatsiyalash, kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish, xalqaro moliya institutlarining texnik ko‘mak va grant mablag‘larini jalb qilishda Jahon meteorologiya tashkiloti va Jahon banki bilan hamkorlik alohida ahamiyatga ega. Jumladan, 2017-2020 yillar davomida umumiy qiymati 4 million AQSh dollari bo‘lgan 4 ta loyihalarni amalga oshirish yo‘lga qo‘yilib, Markaziy Osiyoda qiyosi bo‘lmagan superkompyuter uskunasi ishga tushirildi hamda gidrometeorologik kuzatuv tarmoqlariga 50 ta avtomatik meteostansiyalar o‘rnatildi.

 

Narzullo Oblomurodov suhbat davomida markaz faoliyatini yangi bosqichga ko‘tarish, eng ilg‘or standartlariga to‘la mos keladigan faoliyatni yo‘lga qo‘yish, buning uchun kerakli barcha sharoitlar, jumladan, yangi zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish zarurligini ta’kidladi. Uchrashuv so‘nggida o‘zaro hamkorlik memorandumini imzolanishi to‘g‘risida kelishib olindi.

 

N.Oblomurodov yaqinda markazga taqdim etilgan mobil ekologik laboratoriyani ko‘zdan kechirdi. Mazkur mobil ekologik laboratoriya - zamonaviy avtomatik gaz analizatorlari bilan jihozlangan va atmosfera havosining ifloslanish darajasini real vaqt rejimida qayd etadi. Laboratoriya favqulodda holatlarda atmosfera havosining ifloslanish darajasi bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazadi hamda atmosfera havosining ifloslanishini kuzatuvchi statsionar postlar bo‘lmagan joylarda kuzatuv maydonini qamrab oladi.

Shundan so‘ng Narzullo Oblomurodov Gidrometeorologiya xizmati markazi bosh direktori Sh.Xabibullaev hamrohligida poytaxtimiz markazidagi atmosfera havosi ifloslanishini avtomatik kuzatuv stansiyasiga bordi.

 

N.Oblomurodov mazkur stansiya faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Germaniya va Yaponiya hamkorligida ishlab chiqilgan ko‘chma stansiya shahar hududida havoning ifloslantiruvchi moddalar bilan ifloslanish darajasini real vaqtda o‘lchash, asosiy meteorologik parametrlarni (harorat, bosim, havo namligi, shamol yo‘nalishi va tezligi, yog‘ingarchilik darajasi) o‘lchovlarini monitoring qilishi bilan ahamiyatlidir.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narzullo Oblomurodov kelgusida bu kabi stansiyalar sonini ko‘paytirish, monitoring ishlarini olib borishda zamonaviy texnologiyalardan foydalanish borasida o‘z tavsiyalarini berdi. 

 

O‘zbekiston Ekologik partiyasi

Matbuot xizmat

birds birds