calendar 11 Oktabr 12:12

Tabiatni birgalikda asraymiz!

O‘zbekiston Ekologik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narzullo Oblomurodov Qoraqapog‘iston Respublikasiga safari davomida Mo‘ynoq tumanida yoshlar bilan uchrashdi.

 

Tadbirda nomzod navqiron avlodning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularning iste’dodini yuzaga chiqarish, jahon andozalari darajasida bilim olishi, kasb-hunar egallashi, intellektual salohiyatini yuksaltirishiga alohida e’tibor qaratilishini ta’kidladi.

 

Ma’lumki, Mo‘ynoq tumani Orol fojiasidan eng ko‘p aziyat chekkan hududlardan biri sanaladi. Bu hudud aholisiga ko‘mak berish maqsadida Narzullo Oblomurodovning tashabbusi bilan mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlangan “Mo‘ynoqqa madad” ekologik xayriya velomarafoni o‘tkazildi.

Mazkur ekologik xayriya velomarafonini o‘tkazishdan maqsad Orolbo‘yi mintaqasida istiqomat qilayotgan aholining turmush darajasini yaxshilash, keng jamoatchilik e’tiborini dolzarb ekologik muammolar yechimini topishga qaratish edi. 

 

Shu nuqtai nazardan ham marafon doirasida jalb etilgan homiylik va xayriya mablag‘lari Mo‘ynoq tumanidagi "Aliovul" qishlog‘ini obodonlashtirish, sug‘orish-irrigatsiya tizimlarini yaxshilash, toza ichimlik suvi tarmog‘ini tortish, ish o‘rinlari yaratish singari aholi farovonligini oshirish borasidagi ezgu ishlar uchun yo‘naltirildi.

 

Uchrashuvda Narzullo Oblomurodov mo‘ynoqlik yoshlarning tirishqoqligi va mehnatsevarligiga alohida urg‘u berdi. Nomzod yoshlarning issiqxonada sabzavotlar yetishtirganini olqishladi.

 

Mo‘ynoqlik yoshlar og‘ir cho‘l sharoitida ham issiqxonadan daromad olmoqda.

 

Albatta, bunga boshida ko‘pchilik ishonmadi. Axir Mo‘ynoqning yozda olov purkaydigan jaziramasi-yu qishning izg‘irinida, kamiga badar ketgan Oroldan meros sho‘rxok tuprog‘ida zamonaviy issiqxona barpo qilib, hosil olish qay bir ma’noda ertakka o‘xshabroq ketadi. Ammo bugungi islohotlar amaliy ishlarga, hayotiy natijalarga asoslangani bois ham mo‘ynoqlik yoshlar sahroda ishlab, daromad topishni uddalashdi.

 

"Mo‘ynoqdan chiqib oliy ta’limda o‘qish bu katta yutuq. Albatta, mo‘ynoqlik yoshlar o‘qib, hunar o‘rganib hayotda o‘z o‘rinlariga ega bo‘lishi kerak. Yuqori ambitsiyalar bilan davlat, xalq uchun xizmat qiladigan inson bo‘lishlari kerak. 

Ayniqsa, qizlarimiz uchun ta’lim olish juda muhim. Ular tarbiyalagan farzandlar yurt istiqbolining mash’ali bo‘ladi, — dedi N.Oblomurodov.

 

O‘zbekiston Ekologik partiyasi

Matbuot xizmati

 

 

birds birds