calendar 26 Yanvar 09:40

Havoni ifloslantirgani uchun qo‘shma korxonaning faoliyati to‘xtatildi

Navoiy viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi “Carbide impex plyus” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi qo‘shma korxonasining faoliyatini vaqtincha to‘xtatishni so‘rab, sudga ariza bilan murojaat qildi.

 

Arizada keltirilishicha, “Carbide impex plyus” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi qo‘shma korxonasi ishlab chiqarish faoliyatining atrof-muhitga ta’siri va o‘z faoliyatida ekologiyaga oid qonun hujjatlari normalariga rioya etilishi tekshirilgan. Tekshirish davomida korxona tomonidan bir qator xato-kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi, bu to‘g‘risida dalolatnoma rasmiylashtirilib, mazkur dalolatnomada bajarilishi shart bo‘lgan talablar va ularni ijro qilish muddatlari belgilangan.

 

Jumladan, korxona davlat ekologik ekspertiza xulosasisiz faoliyat yuritgan, oqova suv hamda hosil bulgan chiqindilar belgilangan joyga – hududdan tashqariga joylashtirilmagan, chang gaz tozalash uskunalarsiz faoliyat yuritayotgan bo‘lgan.

 

Shuningdek, Navoiy viloyati Gidrometeorologiya boshqarmasi tomonidan 2021 yilning 2 va 20 dekabr kunlari javobgarning Zarafshon shahar Sanoat zonasi hududidagi ishlab chiqarish faoliyati yaqinidagi atmosferadan olingan namunalar bo‘yicha tahlil natijalarida ham havoga zararli tashlanmalar miqdorining me’yoridan ortiqligi aniqlangan.

 

Ammo MCHJ tomonidan dalolatnomalarda ko‘rsatilgan talablar bajarilmagan, shuningdek, ekologiya ekspertizasining ijobiy xulosasi taqdim etilmagan. Ekologiyaga oid qonun hujjatlari talablari bo‘yicha “Carbide impex plyus” MCHJ faoliyatini sud tartibida to‘xtatib turish choralari ko‘rilmagan. Shunga qaramasdan korxona o‘z faoliyatini 2021 yilning oktyabr-noyabr oyidan qaytadan yo‘lga qo‘yganligi aholining haqli e’tiroziga sabab bo‘lgan.

 

Viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi sudga MCHJ bir necha marotaba faoliyatini ekologiyaga oid amaldagi qonun hujjatlari asosida amalga oshirishi to‘g‘risida ogohlantirilganligi, lekin korxona tomonidan dalolatnomada ko‘rsatilgan talablar bajarilmasdan kelinayotgani sababli “Carbide impex plyus” MCHJning faoliyatini dalolatnomada qayd etilgan ko‘rsatmalar bajarilguniga qadar to‘xtatib turish yuzasidan murojaat qilgan.

 

Zarafshon tumanlararo iktisodiy sudi tomonidan Navoiy viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasining arizasi qanoatlantirildi va “Carbide impex plyus” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi qo‘shma korxonaning Zarafshon shahar Sanoat zonasi hududidagi karbid kalsiy va ferromarganets mahsuloti ishlab chiqarish faoliyati Navoiy viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan 2020 yil dekabr oyida tuzilgan dalolatnomalari va va Zarafshon shahar inspeksiyasining 2021 yil 22 noyabrdagi 01-23/215-sonli xatida ko‘rsatib o‘tilgan holatlar bartaraf etilguniga qadar to‘xtatildi.

 

www.uza.uz

birds birds