calendar 22 Aprel 10:45

Yer va atrof-muhitni asrash uchun barchamiz javobgarmiz

O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi tomonidan 22 aprel — “Butunjahon Yer kuni”ga bag‘ishlab davra suhbati tashkil etildi.

 

Unda partiya faollari, universitetning professor-o‘qituvchilari hamda talabalar ishtirok etdi.

Tadbirda O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Saidrasul Sanginov, universitetning Ingliz tili fakulteti dekani  To‘raboy Madraximov hamda Tabiiy fanlar bo‘yicha professor Dilorom Normatovalar so‘zga chiqib, ushbu sana har birimizga atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiatni asli holicha saqlab qolishga da’vat etishi bilan ahamiyatli ekanligi, jannatmakon yurtimizdagi har qarich yerdan unumli foydalanish, yerlarni tabiiy holida kelajak avlodlarga  bekamu-ko‘st qoldirish hammamizning burchimiz ekanligini ta’kidlab o‘tishdi.

Ma’lum o‘rnida aytish lozim ushbu sanani nishonlashga ilk bor 1971 -  yilda tamal toshi qo‘yilgan. Aynan shu yili BMT Bosh Kotibiyati tomonidan maxsus qaror qabul qilingan.

Asta-sekin Yer kunini nishonlash an’anasi butun dunyo bo‘ylab tarqalgan. Shu tariqa 1990 yilda ushbu bayramda 141 mamlakatdan 200 milliondan ortiq kishi ishtirok etgan.

 

Har yili shu kuni dunyoning turli mamlakatlaridan olimlar global ekologik muammolarni muhokama qilish uchun davra suhbatida to‘planadi. Shu kuni hamma o‘z hovli va ko‘chalarini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarida ishtirok etishi mumkin.

Ushbu global harakatning asosiy maqsadi jamiyat va sayyoradagi har bir insonning e’tiborini Yer va uning atrof-muhiti muammolariga qaratishdan iborat bo‘lib, insoniyat oldida turgan qiyin vazifalar to‘g‘risida bilib olishga imkon beradi.

Davra suhbatida talabalarga atrof-muhit va ekologiya oid ko‘plab qiziqarli ma’lumotlar berildi va ularni bu boradagi fikr-mulohazalari tinglandi. Shuningdek, yerni asrashga qaratilgan videorolik ham namoyish etildi.

 

O‘zbekiston Ekologik partiyasi

Markaziy Kengashi Matbuot xizmati

 

birds birds