calendar 11 Oktabr 17:32

Narzullo Oblomurodov qoraqalpog‘istonlik saylovchilar bilan uchrashdi

Bugun O‘zbekiston Ekologik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narzullo Oblomurodov Mo'ynoq tumanidagi Madaniyat saroyida qoraqalpog‘istonlik saylovchilar bilan uchrashdi.

 

N.Oblomurodov saylovchilarni o‘z saylovoldi dasturi bilan batafsil tanishtirdi. Jumladan, Orolbo‘yi mintaqasining ekologik muammolari masalasiga atroflicha to‘xtalib o‘tdi.

 

Orol dengizining qurishi oqibatida paydo bo‘lgan 5,5 million gektardan ortiq maydonni egallagan “Orolqum” sahrosi Orolbo‘yi hududi va butun O‘zbekiston hamda Markaziy Osiyo hududini atmosferasiga o‘ta qattiq ta’sir ko‘rsatayotgani barchamizga ma’lum. Ma’lumotlarga ko‘ra, “Orolqum”dan zararli kimyoviy unsurlar, tuz va tuproq zarrachalaridan iborat chang havoga ko‘tarilib, shamol bilan butun dunyoga tarqalmoqda. Oxirgi yillarda Orolbo‘yi mintaqasida ilk bor paydo bo‘lgan “tuz yomg‘irlar” aynan shu muammoning o‘ta dolzarbligini yana bir bor ko‘rsatdi. Insoniyat hayoti uchun eng muhim omil bo‘lgan atmosfera havosini muhofaza qilish, uning sifat ko‘rsatkichlarini ekologik normativlarga muvofiqligini ta’minlash strategik maqsadimiz bo‘lib qoladi, — dedi Narzullo Oblomurodov.

Xabaringiz bor, jahonning eng ilg‘or mamlakatlari “yashil” iqtisodiyotga o‘tish ishlarini allaqachon boshlab yuborgan. Chunki dunyoning bugungi qiyofasi, tiklab bo‘lmas ekologik falokatlar va atrof muhitga yetkazilayotgan ulkan zararlar mana shuni taqozo etadi. O‘zbekiston 2019 yilda “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish strategiyasi”ni qabul qildi. Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, mamlakatda uglerod sarfini keskin kamaytirish, iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida ekologik toza va resurs tejamkor texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar yetarli emas. Shuning uchun ham “yashil taraqqiyot” saylovoldi dasturimizdagi eng muhim yo‘nalishlardan biri sifatida belgilangan. Qoraqalpog‘istonlik va mo‘ynoqlik yoshlar bu ulkan vazifalarni amalga oshirishda faollik ko‘rsatishiga, bizga ko‘makchi bo‘lishiga umid qilamiz,—dedi N.Oblomurodov.

 

Shundan so‘ng Qoraqalpoq davlat universiteti huzuridagi fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy Kengash raisi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputati, Shamshetdin Abdinazimov, Xo‘jayli tumanidagi 23-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori Klara Kazakbaeva, Bolalar va Oilani qo‘llab-quvvatlash Assotsiatsiyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy boshqarmasi raisi Sholpan Asanova, QDU magistranti Allayor Darmenov, Mo‘ynoq tumanidagi Ali ovul qishlog‘i oqsoqoli Bahodir Do‘smurodovlar so‘zga chiqib, nomzodning saylovoldi dasturi yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bayon etdi.

؅—O‘zbekiston Ekologik partiyasi ko‘pgina tashabbuslar bilan chiqib xalqimizning mehrini qozonmoqda.Mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlangan “Mo‘ynoqqa madad” ekologik xayriya velomarafoni buning yorqin misolidir, — dedi Mo‘ynoq tumanidagi Aliovul qishlog‘i oqsoqoli Bahodir Do‘smurodov. — Eng muhim jihati shundaki, marafon doirasida jalb etilgan homiylik va xayriya mablag‘lari Mo‘ynoq tumanidagi "Aliovul" qishlog‘ini obodonlashtirish, sug‘orish-irrigatsiya tizimlarini yaxshilash, toza ichimlik suvi tarmog‘ini tortish, ish o‘rinlari yaratish singari aholi farovonligini oshirish borasidagi ezgu ishlar uchun yo‘naltirildi.

Ochiq va samimiy ruhda o‘tgan saylovoldi uchrashuvidan so‘ng Narzullo Oblomurodov Qoraqalpoq tarixi va madaniyati muzeyining filiali Mo‘ynoq Ekologiya muzeyiga bordi. Bu yerda nomzod muzeyning tarixi va buguni haqida xodimlar bilan suhbatlashdi.

Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, Mo‘ynoq Ekologiya muzeyi 1984 yilda Mo‘ynoqdan 20 kilometr uzoqlikdagi ovulda asos solingan. 1989 yilda tuman markaziga ko‘chirilgan. Muzeydan qoraqalpoq xalqining tarixi va milliy qadriyatlarini ifodalovchi eksponatlar o‘rin olgan. Muzey ekspozitsiyasi etnografiya, tabiat, arxeologiya hamda yangi tarix bo‘limlaridan iborat.

 

Tabiat bo‘limida Orol dengizining hayvonot va nabotot olamiga eksponatlar mavjud. Bundan tashqari mo‘ynoqliklarning ov qurollari, qayiqlarni uchratasiz.

Shuningdek, Orol dengizining holatini aks ettiruvchi NASA tomonidan tsvirga olingan fotosuratlar o‘rin olgan. Muzeyda bir paytlar Mo‘ynoqda faoliyat yuritgan konserva zavodlarining fotoalbomlari, eksportga jo‘natilgan konserva qutilarining maketlarini ham ko‘rish mumkin.

 

Narzullo Oblomurodov muzeyning arxeologiya bo‘limida XIX-XX asrga tegishli loydan ishlangan ko‘zalarni ko‘zdan kechirdi. Muzey xodimlarining aytishicha, bu buyumlardan qadimda ota-bobolarimiz sut-qatiqlarni muzdek saqlashda foydalangan. Bu yerda shuningdek, Mo‘ynoqda o‘tkazilgan simpoziumda ishtirok etgan rassomlarning ijod namunalari o‘rin olgan.

 

Etnografiya bo‘limida qoraqalpoq xalqining tarixi, etnografiyasiga oid ma’lumotlar va eksponatlar, xotin- qizlarning milliy liboslari va taqinchoqlarini uchratish mumkin. Shuningdek, mehmonlar qoraqalpoq o‘tovini ham ko‘zdan kechirdi. O‘tov ichida Mo‘ynoqda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar, aholining turmush darajasini oshirish ekologik muammolar yuzasidan fikr-mulohazalar o‘rtaga tashlandi.

 — Muzeylar kechamiz, bugunimiz va ertamiz. Muzeylarni asrashimiz, ularni yanada boyitishimiz, yoshlarning bu maskanlarga kelishlarini ta’minlashimiz lozim. Ayniqsa, tarixdan so‘zlaydigan bu kabi madaniyat o‘choqlari milliy g‘urur, iftixor tuyg‘ularini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi, — dedi N.Oblomurodov.

 

Mo‘ynoq Ekologiya muzeyi yurtimizdagi eng noyob muzeylar sirasiga kirishini, bu kabi muzeylarni boyitish hamda yangi ekologiya muzeylarini tashkil etish maqsadga muvofiqligini ta’kidladi.

Narzullo Oblomurodov o‘z an’anasiga muvofiq muzey hovlisiga ko‘chat o‘tqazdi.

 

Bu ko‘chat kelajakda Mo‘ynoq xalqining ertangi kunga bo‘lgan ishonchini mujassamlashtirishiga umid qilaman,— dedi Ekopartiya rahbari.

 

O‘zbekiston Ekologik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narzullo Oblomurodov Qoraqapog‘iston Respublikasiga safari davomida Mo‘ynoq tumanida yoshlar bilan uchrashdi.

 

Tadbirda nomzod navqiron avlodning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularning iste’dodini yuzaga chiqarish, jahon andozalari darajasida bilim olishi, kasb-hunar egallashi, intellektual salohiyatini yuksaltirishiga alohida e’tibor qaratilishini ta’kidladi.

 

Ma’lumki, Mo‘ynoq tumani Orol fojiasidan eng ko‘p aziyat chekkan hududlardan biri sanaladi. Bu hudud aholisiga ko‘mak berish maqsadida Narzullo Oblomurodovning tashabbusi bilan mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlangan “Mo‘ynoqqa madad” ekologik xayriya velomarafoni o‘tkazildi.

 

Mazkur ekologik xayriya velomarafonini o‘tkazishdan maqsad Orolbo‘yi mintaqasida istiqomat qilayotgan aholining turmush darajasini yaxshilash, keng jamoatchilik e’tiborini dolzarb ekologik muammolar yechimini topishga qaratish edi.

 

Shu nuqtai nazardan ham marafon doirasida jalb etilgan homiylik va xayriya mablag‘lari Mo‘ynoq tumanidagi "Aliovul" qishlog‘ini obodonlashtirish, sug‘orish-irrigatsiya tizimlarini yaxshilash, toza ichimlik suvi tarmog‘ini tortish, ish o‘rinlari yaratish singari aholi farovonligini oshirish borasidagi ezgu ishlar uchun yo‘naltirildi.

 

 Uchrashuvda Narzullo Oblomurodov mo‘ynoqlik yoshlarning tirishqoqligi va mehnatsevarligiga alohida urg‘u berdi. Nomzod yoshlarning issiqxonada sabzavotlar yetishtirganini olqishladi. Mo‘ynoqlik yoshlar og‘ir cho‘l sharoitida ham issiqxonadan daromad olmoqda.

 

Albatta, bunga boshida ko‘pchilik ishonmadi. Axir Mo‘ynoqning yozda olov purkaydigan jaziramasi-yu qishning izg‘irinida, kamiga badar ketgan Oroldan meros sho‘rxok tuprog‘ida zamonaviy issiqxona barpo qilib, hosil olish qay bir ma’noda ertakka o‘xshabroq ketadi. Ammo bugungi islohotlar amaliy ishlarga, hayotiy natijalarga asoslangani bois ham mo‘ynoqlik yoshlar sahroda ishlab, daromad topishni uddalashdi.

Mo‘ynoqdan chiqib oliy ta’limda o‘qish bu katta yutuq. Albatta, mo‘ynoqlik yoshlar o‘qib, hunar o‘rganib hayotda o‘z o‘rinlariga ega bo‘lishi kerak. Yuqori ambitsiyalar bilan davlat, xalq uchun xizmat qiladigan inson bo‘lishlari kerak, — dedi N.Oblomurodov.

 

Ayniqsa, qizlarimiz uchun ta’lim olish juda muhim. Ular tarbiyalagan farzandlar yurt istiqbolining mash’ali bo‘ladi, — dedi Narzullo Oblomurodov.

 

Navbatdagi manzil Mo‘ynoq tumanidagi “Tik o‘zak” ovul fuqarolar yig‘inidagi Orolbo’yi innovatsiya markaziga qarashli “Oroldagi bog‘im” bog‘ida bo’ldi.

“Oroldagi bog‘im” loyihasi 2020 yilda amalga oshirilgan. Loyihaning asosiy maqsadi Orol dengizining qurishi oqibatlarini bartaraf etish hamda bu yerda sayyohlar sonini ko‘paytirishga qaratilgan.

 

Loyiha doirasida Mo‘ynoq tumanida 20,3 gektar maydonda “Mo‘ynoq” tajriba-sinov maydoni, Nukus tumanida 20 gektar maydonda “Samanboy” tajriba-sinov maydoni tashkil etilgan, sho‘rlanish va qurg‘oqchilikka chidamli cho‘l va manzarali o‘simliklar genofondi shakllantirilib, unda 13 turdagi o‘simlik dunyosi ob’ektlari sinovdan o‘tkazilgan.

Olimlarning hisob-kitobiga ko‘ra, Orol dengizining qurigan tubida o‘simliklar to‘liq tiklanishi va uning tubi to‘liq qoplanishi uchun kamida 40-45 yil vaqt kerak bo‘ladi. Lekin shu vaqt ichida dengizning qurigan tubidan ko‘tarilgan changlar boshqa hududlarga tarqalishi, u yerdagi aholi ijtimoiy-iqtisodiy holatining yomonlashishi va boshqa shu kabi jarayonlar sodir bo‘lishi mumkin.

 

Bu yerga turli o‘simliklarni o‘tqazish orqali o‘ziga xos ekotizim shakllanadi, hududga hayvonot dunyosi vakillari qaytib keladi, yashillik tiklanadi.

 

Narzullo Oblomurodov loyiha faoliyati, erishilgan yutuqlar va kutilayotgan yangiliklar hamda yuzaga kelayotgan muammolar haqida mutaxassislar bilan suhbatlashdi.

Markazimiz tomonidan amalga oshirilayotgan “Oroldagi bog‘im“ agro va ekoturizm loyihasining asosiy maqsadi butun dunyo vakillari va mahalliy aholining Orol dengizining qurishi oqibatlarini yengib o‘tishda bevosita ishtirok etish hissini uyg‘otish va shu orqali Orolbo‘yi aholisi turmush darajasini yanada oshirishga hissa qo‘shishdir, — dedi Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi direktori Nurlibek Mirzamuratov. — Shu maqsadda O‘zbekiston uchun noyob bo‘lgan aholi tomonidan ko‘kalamzorlashtirish loyihasi yaratildi va daraxtlarni ekish uchun mablag‘ yig‘iladigan kraudfanding (aholi moliyalashtiruvi) platformasi ishga tushirilmoqda.

 

Mo‘ynoq tumanining “Tik o‘zak” ovul fuqarolar yig‘ini hududidan Orolbo‘yi iqlimiga moslashgan sho‘rhok yerga chidamli o‘simliklarni ekish va tajriba sinov maydonchasini tashkil etish maqsadida 20,3 gektar yer maydoni ajratib berildi. Uchastkada 14,7 gektar maydonda sho‘rga va cho‘lga chidamli, keng bargli, buta hamda moyli o‘simliklardan iborat jami 24 turdagi har xil o‘simliklarning urug‘lari, ko‘chatlari va qalamchalari ekilib, yaxshi natijalarga erishildi.

 

Shuningdek, Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi tomonidan Xitoy bilan hamkorlikda yer ostidan sug‘orish tizimini yo‘lga qo‘ygan. Bunda namlik ildizga qadar yetib borishi ahamiyatli. Suv tejamkorligi 2 barobargacha yetadi.

 

Yana bir tashabbus, Tunisning doktor Chambanis texnologiyasi loyihasi bo‘lib, BMT tomonidan moliyalashtirilyapti. Loyihaning afzalligi mevali daraxtlar va issiqxonalarni sug‘orish uchun qo‘llaniladi.

 

Orolbo‘yi xalqaro innovasiya markazi mutaxassislari BAAning Dubay shahrida sho‘rlangan yerlarda biotexnologiyalarni rivojlantirish markazining qurg‘oqchilikka va sho‘rga chidamli o‘simliklarni ekish bo‘yicha eksperementlarni amalga oshirgan. Bu ham markaz faoliyatining yangi bosqichga chiqayotganidan dalolat beradi.

 

Markaz olimlarining aytishicha, Orolning qurishi o‘simlik dunyosining yo‘q bo‘lib ketishiga olib kelmadi. Aksincha tabiat o‘zini tiklab yangi flora va faunaning paydo bo‘lishiga erishdi. Bu holat tabiatning cheksiz bag‘rikengligi va imkoniyatlarini ko‘rsatmoqda. Buni tasavvur qilish qiyin.

 

Men Yaqin Sharqning ham, Xitoy va boshqa mamlakatlarning tuprog‘ini ko‘rganman, lekin ularning tuprog‘ining unumdorligi biznikiday emas. Bizning yutuq tarafimiz ham shunda! Shunday yerlar borki, ularlarda hech nima o‘smaydi, — dedi Narzullo Oblomurodov. — Lekin bizning yerlarda saksovul o‘syapti. Bu erlarda ko‘p yangilik va innovasiyalar qilish imkoni bor. O‘zimizning ilmiy ishlarimizni va xalqaro tajribani olib kirishimiz mumkin.

 

Narzullo Oblomurodov mutaxassislardan kelajak takliflar haqida so‘radi. Olimlarning berilgan takliflar orasida ekologik muhitni yangilash va Orol hududini ijobiy holga keltirish bo‘yicha tashabbuslar bor. N.Oblomurodov berilgan takliflar, albatta, o‘z samarasini berishi hamda kelajakda tabiat uchun as qotishi, istiqbolda bu tashabbuslarni amalga oshirilishi ta’kidladi.

 

Uchrashuv qizg‘in muhokamalarga boy o‘tdi. O‘zbekiston Ekologik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narzullo Oblomurodov loyihani yanada kengaytirish, moliyalashtirish ishlarini susaytirmaslik hamda loyihaning aholiga, tabiatga manfaatini oshirish zarurligini ta’kidladi.

Prezidentlikka nomzod “Oroldagi bog‘im” loyihasiga hissasini qo‘shish maqsadida bu yerga daraxt ko‘chatini o‘tqazdi.

 

Shu bilan O‘zbekiston Ekologik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narzullo Oblomurodovning Qoraqalpog‘iston Respublikasiga safari nihoyasiga yetdi.

 

O‘zbekiston Ekologik partiyasi

Matbuot xizmati

 

birds birds